O‘zbekiston tarixida ilk bor inson genlarini to‘liq o‘qish va tahlil qilish tadqiqoti amalga oshirildi. Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari olib borgan bu ilmiy ish natijasida o‘zbekistonliklarda ilgari dunyoda qayd etilmagan o‘nlab yangi gen o‘zgarishlari aniqlandi. Bu ma’lumotlar xalqaro bazalarga kiritilib, mamlakatning jahon genomikasidagi nufuzini oshirishi kutilmoqda.
Tekshiruv natijalari esa jiddiy o‘ylantiruvchi bo‘ldi — tadqiqotda qatnashgan har ikkinchi bolada irsiy mutatsiya borligi aniqlandi. Eng tashvishlisi, bolalarning qariyb 86 foizi kamida bitta «buzilgan» gen tashuvchisi ekani ma’lum bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich xalqaro me’yordan ikki barobar yuqori. Olimlar bu holatni ayrim hududlardagi qarindoshlik nikohlari ulushi bilan bog‘lamoqda — ba’zi viloyatlarda bunday nikohlar umumiy nikohlarning choragiga yaqinini tashkil etadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu faqat irsiy kasalliklar emas, balki umumiy sog‘liq holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Genetik o‘zgarishlar diabet, yurak-qon tomir, onkologik kasalliklar xavfini ham oshiradi. Demak, bu illatlar yosh avlodlar orasida ham ko‘proq uchrashi ehtimoli ortib bormoqda.
Olimlar shu bois nikohdan oldin juftliklarni genetik tekshiruvdan o‘tkazish va bolalarni erta profilaktik dasturlarga jalb etishni juda muhim deb hisoblamoqda. Bu orqali kasalliklarni ilk bosqichda aniqlash va samarali davolash imkoni yaratiladi.
Tadqiqot natijalari ko‘plab muhim ma’lumotlarni ochdi: tekshirilgan bemorlarning yarmidan ko‘pida aniq genetik tashxis qo‘yilib, shifokorlar uchun to‘g‘ri davo usulini tanlash imkoni kengaydi. Eng qizig‘i — aniqlangan mutatsiyalarning salkam uchdan biri ilgari dunyoda umuman qayd etilmagan bo‘lib, ular xalqaro genetik ma’lumotlar bazasiga kiritildi.
«Ilk bor xalqimiz genlarining haqiqiy manzarasini ko‘rdik. Agar bolalarning ko‘pchiligi yashirin irsiy mutatsiyalarga ega bo‘lsa, profilaktika va genetik maslahat tizimisiz bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi», — deydi “O‘zbekistonning 1000 genomi” loyihasi rahbari professor Shahlo Turdiqulova.
Mazkur loyiha orqali mamlakat aholisining genetik xaritasi yaratiladi va milliy biobank shakllantiriladi. Bu ma’lumotlar shaxsga yo‘naltirilgan tibbiyotni rivojlantirish hamda yangi dori vositalari va skrining dasturlarini ishlab chiqishda asos bo‘ladi.
Ilg‘or texnologiyalar markazi pandemiya davrida koronavirusning yangi shtammlarini aniqlashda ishtirok etgan va ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasini yaratishda ham faol qatnashgan ilmiy muassasadir. Endilikda esa u O‘zbekistonda genom tadqiqotlari davrini boshlab berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!