Bugun, 21-oktyabr kuni o‘zbekistonliklar haqiqatan ham noyob tabiiy manzaraga guvoh bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi. Astronomlar ma’lumotiga ko‘ra, C/2025 A6 (Lemmon) nomli yashil kometa Yerga eng yaqin nuqtadan o‘tadi. Bu hodisa juda kam uchraydi va olimlar uning qayta takrorlanishi uchun kamida ming yil kutilmasligini ta’kidlamoqda. Bu haqda “National Geographic” ma’lumot tarqatdi.
Mutaxassislar fikricha, Lemmon kometasi bir necha oydan buyon ichki quyosh tizimiga yaqinlashib kelayotgani sababli tobora yorqinlashgan va inson ko‘zi bilan ham farqlanadigan darajada ko‘rina boshlagan.
Astronom Stroudning aytishicha, bu yil Lemmon kometasi Yer osmonidagi eng jozibali va ko‘zga tashlanadigan kometalardan biri bo‘ladi. Uning yashil tusga kirishi tarkibidagi ikki atomli uglerod (C₂) Quyosh nurlari ta’sirida parchalanishi bilan bog‘liq. Bu jarayon kometaning bosh qismida yorqin yashil yorug‘lik hosil qiladi.
Kometani O‘zbekiston hududida quyosh botganidan so‘ng, taxminan soat 19:00 dan 20:30 gacha kuzatish mumkin bo‘ladi. Mutaxassislar kuzatish uchun shahar yorug‘ligidan uzoqroq, ochiq va baland joy tanlashni tavsiya etishmoqda. Uni ko‘rish uchun teleskop shart emas, ammo toza osmon va yorug‘lik ifloslanishi kam bo‘lgan muhit muhim ahamiyatga ega.
Astronomlar kometaning Yer uchun mutlaqo xavfsiz ekanligini alohida ta’kidlashmoqda — u sayyoramiz orbitasiga xatar tug‘dirmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!