
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola yaqinda muxlislarni kutilgan yangilik bilan quvontirdi — bir oydan ziyod vaqtdan beri jarohatini davolatayotgan o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov tez orada jamoa safida yana harakat boshlashi mumkin.
Ispaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, 21 yoshli himoyachi tiklanish bosqichining so‘nggi qismida va yaqin haftalar ichida umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shilishi kutilmoqda. Biroq, u yana rasmiy o‘yinlarda maydonga tushish darajasiga yetishi uchun biroz vaqt talab etiladi.
Husanov 21-sentyabr kuni “Arsenal”ga qarshi bellashuvda oyog‘idan jiddiy jarohat olgan edi. Avval boshda u bor-yo‘g‘i uchta o‘yinni o‘tkazib yuborishi aytilgan, ammo shikastlanish kutilmagan darajada og‘irroq bo‘lib chiqdi. Shu sababli yosh himoyachi jarohatni chuqur davolash rejimida qoldi.
Gvardiolaning mazkur bayonotidan so‘ng “Manchester Siti”ning dunyo bo‘ylab millionlab muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama boshlashdi. Ularning aksariyati Husanovga samimiy tilaklar yo‘llamoqda.
Keniyalik fanat Filip Mutua shunday yozdi:
“Tezroq tuzal, Abduqodir! Sening maydondagi harakatlaringni sog‘indik.”
Nigeriyalik muxlis Ayomid Samson esa shunday fikr bildirgan:
“Husanov — himoyada temirdek. U to‘liq sog‘aygach, yana ham kuchliroq qaytishiga ishonaman.”
Fransiyalik M’arsel Aygl Efandjo esa qo‘shimcha qildi:
“Husanov jamoaning ruhiy yetakchisi. Uning borligi maydondagi ishonchni oshiradi.”
Ayrimlar esa shunday maslahatlar ham berdi:
“Husanov tuzalguncha, Gvardiola Denzel Dyumfris yoki Maykl Olisega e’tibor qaratsin”, — deb yozdi Vizzi Blink.
Yana boshqalar uning yo‘qligida jamoa himoyasidagi bo‘shliqni alohida ta’kidlashdi.
“Husanovning yo‘qligi darhol sezildi. U maydonda bo‘lganida jamoa o‘zini boshqacha his qiladi”, — deydi Viktor Chibuyeze.
Gvardiolaning o‘zi esa jurnalistlar savoliga javob berarkan shunday dedi:
“Menimcha, u qaytishga yaqin, lekin hali to‘liq tayyor emas. U tanasining juda nozik qismida jarohat olgan edi. Ammo u jangchi, u qaytadi.”
Muxlislar ham shunday fikrda — “Husanov haqidagi xushxabar” ular uchun haqiqiy umid va ilohiy ilhom bo‘ldi. Jamoa usiz bir necha o‘yinda muammolarga duch keldi va endi barcha ko‘zlar uning maydonga qaytishini intizorlik bilan kutmoqda.
Abduqodir Husanov qayta maydonga tushgan kuni “Etixad”dagi muhit yana alohida ruhda bo‘lishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!