date

Ertadan O‘zbekistonga salqin shamol va havo massalari kirib keladi

Ertadan O‘zbekistonga salqin shamol va havo massalari kirib keladi

O‘zbekistonda bugungi iliq ob-havodan so‘ng, ertadan boshlab salqinlik sezila boshlaydi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lum qildi.

Mutaxassislar ma’lumoticha, 17-oktyabr kuni kunduzi respublika bo‘yicha yozga xos iliq va quruq ob-havo hukm surmoqda. Harorat mamlakatning markaziy hududlarida 23–28 daraja, shimoliy viloyatlarda esa 20–25 daraja atrofida bo‘lmoqda. Ammo bu iliqlik uzoqqa cho‘zilmaydi — 18-oktyabr kunidan boshlab shimoli-g‘arbdan salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda, deb xabar berdi uzhydromet.uz.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, yangi havo massalari mamlakat bo‘ylab haroratning asta-sekin pasayishiga sabab bo‘ladi. 18-oktyabr kunduzi harorat 21–26 daraja, shimolda 15–20 daraja atrofida bo‘ladi. 19-oktyabrga kelib esa bu ko‘rsatkich 18–23 darajagacha, shimolda esa 13–18 darajagacha tushishi mumkin.

Kechasi havo yanada salqinlashib, 6–11 darajagacha, ayrim shimoliy hududlarda esa 3–8 darajaga qadar pasayishi kutilmoqda.

Gidrometeorologlar ta’kidlashicha, dam olish kunlari asosan yog‘ingarchiliksiz va barqaror ob-havo saqlanadi. Biroq 18-oktyabr kechga tomon Buxoro va Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 19-oktyabr kuni esa tog‘oldi va tog‘li hududlarda qisqa vaqtli yomg‘ir kuzatilishi, baland tog‘larda esa u qorga aylanishi ehtimoli bor. Shamolning tezligi o‘rtacha 7–12 m/s atrofida bo‘ladi.

Poytaxt Toshkentda ham ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Yog‘ingarchilik kutilmaydi, shamol sharqdan 3–8 m/s tezlikda esadi. Harorat 17-oktyabr kuni kunduzi 25–27 daraja, 18-oktyabrda 23–25 daraja, yakshanba kuni esa 19–21 daraja bo‘lishi kutilmoqda. Tungi harorat asta-sekin 8–10 darajagacha pasayadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ertadan O‘zbekistonga salqin shamol va havo massalari kirib keladi