
2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida fuqarolar tomonidan soliqqa oid qoidabuzarliklar bo‘yicha rekord darajada murojaatlar qilingan. Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu murojaatlar evaziga fuqarolarga umumiy qiymati 24,1 milliard so‘mdan ortiq mukofot pullari to‘lab berilgan.
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan statistikaga ko‘ra, yanvar–sentyabr oylarida “Soliq mobil ilovasi”ning “Soliq hamkor” bo‘limi orqali jami 82 857 ta huquqbuzarlik haqida xabarlar kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 10 mingta ko‘pdir.
Murojaatlarning asosiy qismi quyidagilardan iborat:
Chek berilmaganligi haqida – 74 970 ta holat;
Plastik karta orqali to‘lovni rad etish – 3 001 ta;
Karta orqali to‘lovda narxni sun’iy oshirish – 184 ta;
Boshqa turdagi qoidabuzarliklar – 4 702 ta.
Shuningdek, 41 702 ta holatda murojaatlar takroriy yoki shikoyat ostida tekshirilayotgan tadbirkorlarga tegishli bo‘lgani uchun rad etilgan.
Murojaatlar asosida 34 196 ta soliq reydlari (sayyor tekshiruvlar) o‘tkazilgan va ulardan 98,8 foizida huquqbuzarliklar tasdiqlangan.
Natijada, qonunbuzarlikni fosh etgan 34 139 nafar fuqaroga jami 24,1 milliard so‘m miqdorida mukofot pullari to‘lab berildi. Bu mukofot summalari aniqlangan jarima miqdorining 20 foizini tashkil qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!