
“Manchester Siti” sardori Bernardu Silva jamoaning tajribali himoyachisi Jon Stounz haqida fikr bildirib, uning maydondagi ahamiyatini katta deb ta’rifladi. Portugaliyalik futbolchiga ko‘ra, Stounzning o‘yini “Siti”ning natijalariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
— Jon bizga zamonaviy futbolda markaziy himoyachi uchun eng muhim bo‘lgan barcha jihatlarni beradi. U jamoamiz uchun muvozanatni ta’minlaydi, paslar bilan hujumni boshlaydi va himoyada ishonch uyg‘otadi. Bu mening “Manchester Siti”dagi to‘qqizinchi mavsumim, shundan beri Jonning formasi yuqori bo‘lgan paytlarda biz har doim ancha kuchli o‘ynaganmiz. Bu tasodif emas, u haqiqatan ham noyob futbolchi, — dedi Bernardu Silva angliyalik jurnalist Jek Gogan bilan suhbatda.
Jon Stounz “Manchester Siti” safida 2016-yildan buyon harakat qilmoqda. Uning o‘yinidagi barqarorlik va tuzilishdagi aqlli qarorlar klubning himoya tizimini mustahkamlab kelgan. Shuningdek, Stounz so‘nggi mavsumlarda faqat himoyachi emas, balki yarim himoyada ham harakat qilib, jamoaga taktik jihatdan yangi imkoniyatlar berdi.
Joriy mavsumda u jarohat sabab bir necha o‘yinni o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, keyingi haftalarda qayta safga qo‘shilib, barcha musobaqalarda yetti marta maydonga tushdi.
Tajribali himoyachining “Siti” bilan amaldagi shartnomasi joriy mavsum oxirida yakunlanadi. Hozircha tomonlar kelishuvni uzaytirish masalasida yakdil fikrga kelmagan. Bu esa muxlislarda Stounzning jamoadagi kelajagi bo‘yicha turli savollarni keltirib chiqarmoqda.
Xosep Gvardiola ham yaqindagi bayonotida bu borada aniq kafolat berolmasligini aytdi. “Stounz — jamoamizning muhim qismi, ammo har bir futbolchi kelajagini o‘zi hal qiladi”, degandi ispaniyalik murabbiy.
Stounzning jamoada qolishi yoki ketishi hozircha noma’lum bo‘lib turibdi. Ammo Bernardu Silva kabi yetakchilarning uning faoliyatiga bergan yuqori bahosi shuni ko‘rsatadiki, “Siti” undan hali ham katta foyda ko‘rishini biladi.
Futbol muxlislari esa kelasi oylarda jamoa va futbolchi o‘rtasidagi muzokaralar qanday yakun topishini qiziqish bilan kuzatishmoqda. Stounz “Siti” tarixidagi eng barqaror himoyachilardan biri sifatida nom qoldirishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!