
Milliy statistika qo‘mitasi O‘zbekiston aholisining jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar bo‘yicha yangilangan hisobotini taqdim etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–sentyabr oylari holatiga aholining umumiy daromadlari 825,3 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan inflyatsiyani hisobga olganda 8,4 foizga ko‘pdir.
Hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakat bo‘yicha jon boshiga moliyaviy tushumlar o‘rtacha 21,8 million so‘mga yetgan. Nominal o‘sish sur’ati 116,1 foizni, real o‘sish esa 106,3 foizni tashkil etgan. Bu aholining ayrim qatlamlarida moddiy imkoniyatlar ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida eng yuqori daromad Toshkent shahriga to‘g‘ri keldi — poytaxtliklarning jon boshiga hisoblangan tushumi 52 million so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bilan Toshkent mamlakat bo‘yicha mutlaq yetakchi hisoblanadi. Undan keyin Navoiy viloyati 32,1 million so‘m bilan ikkinchi o‘rinda, Buxoro viloyati esa 26 million so‘m bilan uchinchi o‘rinda turibdi.
Qolgan hududlardagi ko‘rsatkichlar quyidagicha taqsimlangan:
– Xorazm viloyati — 22,8 mln so‘m;
– Toshkent viloyati — 21,9 mln so‘m;
– Andijon viloyati — 19,4 mln so‘m;
– Farg‘ona viloyati — 18,5 mln so‘m;
– Samarqand viloyati — 18,1 mln so‘m;
– Sirdaryo viloyati — 17,2 mln so‘m;
– Jizzax viloyati — 17,1 mln so‘m;
– Qashqadaryo viloyati — 17 mln so‘m;
– Surxondaryo viloyati — 16,5 mln so‘m;
– Namangan viloyati — 15,8 mln so‘m;
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 14,8 mln so‘m.
Shu tariqa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholining jon boshiga moliyaviy tushumi eng past bo‘lib qolmoqda. Mutaxassislar bu holatni hududdagi ish haqi miqdori pastligi va iqtisodiy faoliyatning cheklangan sohalar bilan bog‘liqligi bilan izohlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakatda ilgari daromadsiz hisoblangan 73 ming oilaning ish bilan ta’minlangani ma’lum qilingandi. Shuningdek, “Inson” markazlari orqali 600 mingdan ortiq oila ijtimoiy yordam va xizmatlardan foydalangan.
Iqtisodchilarning fikricha, aholi daromadlari o‘sishi so‘nggi yillarda kichik biznes, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalaridagi faollikning oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, davlatning iqtisodiy islohotlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!