2 542
Prezident: «Bunday davrda tomorqani qarovsiz tashlab qo‘yish xiyonat deb baholanishi kerak»
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbayi bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tomorqasiga ekin ekmagan fuqarolar yer solig‘ini oshirilgan stavkada to‘lashi ma’lum qilindi.
Prezident bugungi sharoitda tomorqani eng ishonchli daromad manbayi sifatida baholadi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi jahonning eng yetakchi mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi masalasi yetarlicha ta’minlanmaganini ko‘rsatgani qayd etildi.
Davlat rahbari bu masalada – O‘zbekistonda oziq-ovqatga bo‘lgan ichki talabni to‘la qondirish, aholi farovonligini oshirish uchun katta zaxira va imkoniyatlar mavjud ekanligini aytib o‘tdi.
«Buning uchun qishloq joylardagi barcha fermerlar, klasterlar hamda dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda dala va tomorqalarda bahorgi ekin ekish ishlarini davom ettirishlari shart. Aytish lozim, mutasaddi rahbarlar oziq-ovqat va ishlab chiqarishni ko‘paytirish ishlarini unutsa, fermerlarimiz dalasini o‘z holiga tashlab qo‘ysa, aholi tomorqasidan foydalanmasa ertaga xalqimizni boqish va ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash jiddiy muammoga aylanadi.
Shu maqsadda aholi tomorqalaridan foydalanish borasida qator qarorlar qabul qildik, ayrim qonunlarga o‘zgartirishlar kiritdik. Xususan, tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan 350 milliard so‘m ajratilib, fermerlar kengashi huzurida jamg‘arma faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni, tomorqa bilan ishlaydigan, moddiy resurslarni yetkazib beradigan, moliyalashtirishdan tortib, ekin ekishni nazorat qiladigan yangi tizim joriy etildi. Bugun bu tizim samarali ishlashini ta’minlash fursati yetdi, deb hisoblayman.
Masalan, bugun tomorqadan yuqori hosil va daromad olayotgan mirishkor dehqonlarimizning tajribasini keng joriy qilishimiz kerak. Aytaylik, Asaka, Oltinko‘l, Namangan, Uychi, Angor, Jarqo‘rg‘on, Kitob, Toyloq, Samarqand, Yangiyo‘l, Zangiota, Oltiariq, Quva kabi tumanlarda aksariyat oilalar bir yilda ikki-uch marta hosil oladi. Ushbu hududlarda 8-10 sotixlik tomorqasidan yiliga 50-100 million so‘mgacha daromad qilayotganlar bor.
Lekin Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Zarbdor, Zafarobod, Muborak, Konemix, Boysun, Past Darg‘om, Mirzoobod, Buka, Gurlan kabi tumanlarda esa 60-65 foiz aholi tomorqasidan samarasiz foydalanyapti. Bu yilgi murakkab sharoitni hisobga olib, barcha tomorqalarda ikki-uch marta ekin ekish, qo‘shimcha daromad qilish birinchi darajali vazifa bo‘lishi lozim», deydi prezident.
Videoselektorda aholiga ko‘maklashadigan, moddiy resurslarni yetkazib beradigan va moliyalashtiradigan tizimdan samarali foydalanib, tomorqalarda mahsuldorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Mutasaddilarga bunday xonadonlar bilan birma-bir ishlab, tomorqa maydonlariga bozorbop ekinlar ekilishini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezident bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Xonadonlarda ixcham issiqxonalar qurish ham muhim. Bugungi kunda tomorqalarda jami 4 ming gektar yengil konstruksiyali issiqxonalar mavjud bo‘lib, ularda yiliga uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Lekin ko‘plab tumanlarda bu masalaga yetarlicha e’tibor berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida har bir sektor hududida kamida 100tadan xonadonda 1-1,5 sotixli issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
«Tomorqa obodligi, albatta, suvga bog‘liq. O‘tgan yili joylarda 233ta quduq qazilib, 4,5 mingdan ortiq xonadonning suv ta’minoti yaxshilangan edi.
Hozirda esa Jondor, Shofirkon, Baxmal, Forish, G‘uzor, Chiroqchi, Nurota, Qo‘shrabot, Urgut, Xovos, Bekobod, Yozyovon, Qo‘shko‘pir kabi tumanlarning aksariyat qishloqlarida suv ta’minoti og‘ir bo‘lib qolmoqda.
Shu bois Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga hokimlar bilan birgalikda suv ta’minoti yaxshi bo‘lmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, hosildorlikni oshirish vazifasi qo‘yildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Qishloq xo‘jaligida vaqtincha foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirib, kam ta’minlangan oilalarni band qilish bo‘yicha tizim yaxshi samara bermoqda. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida bu borada 31ta kooperativ tashkil etilib, 1 ming 600 nafar ishsiz fuqaro bandligi ta’minlandi. Bunday kooperativlar faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamg‘armasidan 50 milliard so‘m ajratilgan.
Yig‘ilishda bu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, kambag‘allikni va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Kooperativga a’zo bo‘lgan ishsiz fuqarolarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamg‘armasidan mahsulot yetishtirish xarajatlari uchun 24 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. Kam ta’minlangan, qarovchisi bo‘lmagan oilalarga mevali ko‘chatlar, sabzavot urug‘lari va boshqa moddiy resurslar yetkazib beriladi.
Tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
«Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qo‘yish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak», degan prezident.
Shuning uchun tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanilishi ma’lum qilindi.
Bu borada mutasaddi rahbarlarga tegishli hujjatni qabul qilish topshirildi. Tomorqalar holatini dronlar orqali monitoring qilish hamda ulardan unumli foydalanish uchun har bir sektor kesimida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlar va hokimlar axborot berdi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”