O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish borasida yangi huquqiy asos shakllandi. 2025 yil 30 iyul kuni qabul qilingan va 1076-sonli Qonun bilan rasmiy tasdiqlangan “Suv kodeksi” mamlakatda suv, suv obyektlari va suv fondi yerlaridan foydalanish munosabatlarini kompleks ravishda tartibga soladi.
Hujjatda suv milliy boylik sifatida e’tirof etilib, undan faqat oqilona va maqsadli foydalanish lozimligi, davlat tomonidan qo‘shimcha muhofazaga olinishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Kodeksda suvdan foydalanish ikki asosiy turga – umumiy va maxsus foydalanishga bo‘linadi.
Suv obyektlari quyidagi asosiy toifalarga ajratilgan:
-
Yer usti va yer osti suv obyektlari
-
Transchegaraviy suv obyektlari – ya’ni O‘zbekiston hududida joylashgan va davlat chegaralarini kesib o‘tadigan yer usti va yer osti suvlari
Suv obyektlaridan yakka tartibda yoki birgalikda foydalanish imkoni yaratilgan bo‘lib, resurslarni samarali boshqarish maqsadida respublika va havza darajasida, zarurat tug‘ilganda esa mahalliy darajada suv kengashlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida Respublika suv kengashi faoliyat olib boradi.
Kodeks qoidalariga ko‘ra, suv obyektlari doimiy yoki vaqtincha, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlarida foydalanish uchun berilishi mumkin. Vaqtinchalik foydalanish muddati kamida 3 yil, ko‘pi bilan 49 yildan oshmasligi belgilangan.
Suvdan umumiy foydalanishga quyidagilar kiradi:
-
Ichimlik va maishiy ehtiyojlar uchun suv olish
-
Cho‘milish
-
Chorva mollarini sug‘orish
-
Sport yoki havaskorlik tartibida baliq ovlash
Bunday foydalanish turlari ruxsat va cheklovlarsiz amalga oshiriladi. Ammo maxsus foydalanishga faqat Kodeksda belgilangan hollarda va maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida yo‘l qo‘yiladi.
Yana bir muhim yangilik – suv servituti tushunchasi kiritildi. Bu fuqarolar va transport vositalarining o‘tishi, hayvonlarni sug‘orish va haydash, sohil hududlaridan erkin foydalanish va o‘tish imkoniyatini ta’minlash maqsadida belgilanadi. Servitutlar ommaviy yoki xususiy shaklda bo‘lishi mumkin.
Kodeks rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tib to‘liq kuchga kiradi. Yangicha huquqiy tartib suv resurslarini boshqarishda zamonaviy yondashuvlar va jamoatchilik ishtirokini kuchaytiradi. Mutasaddilar va ekspertlar bu o‘zgarishlar mamlakatda suvdan oqilona foydalanish, uni muhofaza qilish va ekotizim barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashmoqda.
Yangi Kodeks orqali O‘zbekiston suv resurslari himoyasi va ulardan samarali foydalanish sohasida sifat jihatidan yangi bosqichga qadam tashladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!