
2024 yilda O‘zbekistonda qo‘y va echki go‘shti yetishtirishda yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda jami 475,2 ming tonna qo‘y va echki go‘shti (tirik vaznda) yetishtirilgan.
Ajratib aytish joizki, ushbu go‘sht miqdorining 432,8 ming tonnasi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu esa aholi xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi tarmog‘idagi muhim o‘rnini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, fermer xo‘jaliklari tomonidan 22,7 ming tonna, qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan esa 19,7 ming tonna go‘sht yetishtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, mahalliy chorvachilikni rivojlantirish, xususan, ozuqa bazasini mustahkamlash va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali go‘sht ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!