Fotokollaj: Kun.uz
Yaqin-yaqingacha sobiq ittifoq davlatlari hududida oltita tan olinmagan davlat bor edi: Dnestrbo‘yi, DXR, LXR, Abxaziya, Janubiy Osetiya va Tog‘li Qorabog‘. Endi ular uchta qoldi: Donbassdagi qo‘g‘irchoq respublikalarni Rossiya anneksiya qildi, Qorabog‘ Ozarboyjon tomonidan egallandi.
Bugun jurnalist Natasha Kondrashovaning davlatlarning tan olinishi va tan olinmasligi haqidagi maqolasi havola etiladi.
Tan olinmagan davlatlar
Nechog‘lik g‘alati bo‘lmasin, davlatlarni tan olishning umum qabul qilingan yagona mezoni yo‘q. Xalqaro huquq va diplomatiya nazariyasida bu borada ikkita asosiy konsepsiya bor: deklarativ va konstitutiv. Birinchisiga ko‘ra, siyosiy tuzilma o‘zini davlat deb e’lon qilgan bo‘lsa — demak u chindan ham shunday. Ikkinchisiga ko‘ra, shunchaki deklaratsiya yetarli emas, boshqa davlatlarning tan olishi ham zarur.
Zamonaviy xalqaro siyosat konstitutiv nazariga asoslanadi, biroq bu BMTning biror hujjatlarida aks etmagan, ayrim mintaqaviy kelishuvlar, masalan, 1933 yili Shimoliy va Janubiy Amerika davlatlari tomonidan imzolangan Montevideo konvensiyasi hisobga olinmasa.
Ayni paytda jahonda 206 ta suveren davlat bor, ulardan 193 tasi BMTga a’zo. Ularning o‘rtasidagi munosabatlar 1648 yilgi Vestfal sulh shartnomasi prinsiplari bo‘yicha quriladi: davlatlar bir-birining suverenitetini hurmat qilishi, bir-birining ichki ishlariga aralashmasligi, shuningdek davlatlardan birida hokimiyat o‘zgargan taqdirda ham davlatlararo shartnomalarga amal qilishi kerak.
Tan olish — bu munosabatlar tizimining muhim unsuri. Bu formal jihatdan bir davlatning boshqa bir siyosiy tuzilmani o‘ziga teng davlat, u bilan diplomatik aloqalar qurish, shartnomalar imzolash mumkin deb tan olishga formal rozilikdir.
Oddiy misol: Niderlandiya 1572 yilda Ispaniyadan mustaqillik e’lon qiladi, biroq Vestfal sulh bitimiga qadar bir guruh qo‘zg‘alonchilar Ispaniya tojiga tegishli yerlarda hokimiyat o‘rnatib olgan, deb hisoblanardi. Sulh shartnomasi tuzilgach, Niderlaniya teng huquqli davlatga aylangan.
York universiteti professori Nina Kaspersen tan olinmagan siyosiy tuzilmani aniqlash mumkin bo‘lgan bir necha mezonlarni ajratib ko‘rsatgan.
Birinchdan, u kamida ikki yil yashagan bo‘lishi, o‘zi da’vo qilayotgan hududning 2/3 qismini, jumladan, bosh shahar va asosiy hududlarni egallagan bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, bu davlat rahbariyati galdagi davlat institutlarini shakllantirishga intilayotgan, unga legitimlikni qo‘llab-quvvatlash muhim bo‘lishi kerak.
Uchinchidan, siyosiy tuzilma «ona» davlatdan formal mustaqillikni referendum orqali ta’minlash, o‘z valyutasi va boshqa shu kabi jarayonlarni joriy etishi kerak.
Bunday davlatlar ba’zan boshqa bir ayrim davlatlarning diplomatik tan olishiga ega bo‘la olishadi. Abxaziya va Janubiy Osetiya holatida shunday bo‘lgan — bu ikki davlatni Rossiya va RF qandaydir yo‘llar bilan ta’sir o‘tkaza olgan bir necha davlat tan olgan. Biroq mana shunday formal jarayonlarga qaramasdan, bu o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar xalqaro hamjamiyat uchun tan olinmagan davlatiligicha qolmoqda.
Tan olinmagan «klassik» davlatlar (Dnestrbo‘yi, Somalilend)dan tashqari qisman tan olingan (Tayvan, Kosovo) va de-fakto davlatlar (Rojava — Suriya shimoliy-sharqidagi kurdlar yeri, Iroq Kurdistoni) ham bor. So‘nggi ikkita sanalgan kurdlar davlati «ona» davlatning o‘zlari ustidan suverenitetini tan olishadi, biroq ko‘proq avtonomiya talab qilishadi. Aniqlashtiruvchi so‘zlardagi chalkashliklarga sabab — bu siyosiy tuzilmalar «para-», «kvazi-» va «psevdodavlatlar», «noformal davlatlar» deb ham ataladi.
Eng keng ma’noda bu davlatlarni birlashtirib turgan yagona xususiyat — ularning birortasi BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan tan olinmaydi va tashkilotga a’zo emas. Ular mustaqil bo‘lmoqchi bo‘lgan davlatlarning nuqtayi nazaridan, bunday tuzilmalar ayirmachi, okkupatsiya ostidagi yoki nazoratdan chiqqan hududlar hisoblanadi.
Tan olinmagan davlatlar boshqa davlatlar bilan rasmiy yoki yashirincha iqtisodiy aloqalar tufayli kun ko‘rishadi (Abzaxiya — Rossiya bilan, Shimoliy Kipr — Turkiya bilan). Shuningdek kriminal yo‘l: kontrabanda, qurol-yarog‘ va narkotiklarning noqonuniy aylanmasi va h.k.lar hisobiga ham.
Shunday sharoitlarda davlat o‘nlab yillar yashashda davom etishi mumkin. Biroq tan olinmagan davlatlar uchun formal jihatdan tan olinish baribir muhim bo‘lib qolaveradi. Chunki tan olinmagan davlat statusi juda ko‘p cheklovlarga sabab bo‘ladi: o‘zi ajralib chiqqan davlatdan doimiy harbiy xavf; diplomatik cheklovlar tufayli investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro moliya institutlaridan yordam va qarz olish murakkablashadi. Bu esa hokimiyatda o‘tirganlarning legitimligiga putur yetkazadi, qolaversa tan olinmagan davlat fuqarosi bo‘lish — aslo havas qilinadigan taqdir emas.
Tan olinmagan davlat tan olinishi mumkinmi?
Albatta.
1993 yil 28 mayda BMT Eritreyani 183-a’zo davlat deb tan oladi. Bunga Eritreyaning ozodlik fronti o‘ttiz yil davomida Efiopiya hukumati bilan kurashib kelgani sabab bo‘ldi: orada bir necha yuz ming odam qurbon bo‘ldi, yana shuncha odam qochqinga aylandi. Ayirmachilar yirik shaharlarni egallab, o‘zlari da’vo qilayotgan hududni nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lishgan. Natijada, 1993 yil bahorida BMT shafeligi ostida mustaqillik to‘g‘risida referendum o‘tkazilgan va aholining 99,83 qismi Efiopiyadan ajralib chiqishni yoqlab ovoz bergan (davomat 98,5 foiz bo‘lgan). Hozir Eritreya — dunyodagi eng erkin bo‘lmagan va qashshoq davlatlardan biri, biroq nima bo‘lganda ham, ayirmachilar o‘z niyatiga yetishgan.
Bu yagona ehtimolli ssenariy emas. Ayrim holatlarda formal jihatdan davlat ajralib chiqmaydi, biroq mustaqil tuzilma ko‘rinishida faoliyat ko‘rsatadi. Bunday «bosqichma-bosqich ajralish»ga misol qilib Tayvan va Qoratog‘ (Chernogoriya)ni misol qilish mumkin. Qoratog‘ 2006 yilda Serbiyadan to‘liq mustaqil bo‘lgunga qadar uning bir qismi bo‘lgan.
Tan olinmagan tuzilmalarning davlatchiligi o‘ta mo‘rt. Bunday hududlar ko‘pincha xaritalardagi navbatdagi «qora dog‘»lar bo‘lib qolishadi. Markaziy hukumat ularni samarali boshqara olmasligi mumkin, ko‘pincha bu davlatlarda harbiylar rahbar bo‘ladi, lekin ular ham ma’lum bir hududlarni nazoratida ushlab tura olishmaydi. Mustaqillik uchun kurashda mag‘lubiyatga uchragach, tan olinmagan davlatlar «davlat ichidagi davlat»ga aylanib qolishi mumkin — ya’ni hukumat formal jihatdan markaziy hukumatga bo‘ysunadi, biroq bu hudud o‘z qonun-qoidalari asosida yashay boshlaydi va hattoki o‘z qurolli kuchlariga ham ega bo‘ladi. Bunga ishonchli misol — Checheniston: bir paytlar u o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan davlat edi, endilikda Rossiyaga to‘liq reintegratsiya qilingan esa-da, u yerda Rossiya qonunlari, yumshoqroq qilib aytilganda, to‘liq amal qilmaydi.
Xalqaro hamjamiyat tan olinmagan qanday davlatlar tan olishga «munosib», qay birlarini tan olib bo‘lmasligi borasida hanuz bir qarorga kela olmagan; masalan, tan olish qanoatlantirilishi uchun mustaqillik talablariga qancha davlat rozi bo‘lishi kerak; o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan davlatning hokimiyati davlat boshqaruvida nechog‘lik samarali.
Bunday har bir holat unikal — shu sababli avtokratlar mexanizmlarning noshaffofligidan xalqaro huquq me’yorlari buzilishini oqlash sifatida foydalanishi mumkin. Ko‘pgina hollarda bu davlatlar o‘rtasidagi mojaro avj olishi va yangi urushlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Tan olingan davlatni «qayta tan olmaslik» mumkinmi?
Prinsip jihatidan olib qaralganda, mumkin. Biroq, amaliyotda buning ehtimoli juda kam.
Yuqorida nomi tilga olingan 1933 yilgi Montevideo konvensiyasi davlatlarning qo‘yidagi bazaviy prinsiplarini sanab o‘tadi:
1. Doimiy aholi;
2. Ma’lum bir hudud ustidan nazorat;
3. O‘z boshqaruv tizimi;
4. Boshqa davlatlar bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘ya olish qobiliyati.
Davlatning rasman tan olinishi, xalqaro tizim a’zolari fikricha, siyosiy tuzilma davlatchilik mezonlariga javob berishini bildiradi.
Davlat o‘z hududi ustidan vaqtinchalik nazoratni yo‘qotishi (masalan, okkupatsiya tufayli) yoki o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyatlarini bajara olmasligi (masalan, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlay olmasligi yoki pensiya to‘lay olmasligi) mumkin. Bunday holatlar uchun siyosatshunoslar failed state (barbod bo‘lgan davlat) iborasini o‘ylab topishgan.
Garchi bunday ko‘rinishdagi davlatlarda tan olinmagan davlatlar bilan umumiylik ko‘p (va ko‘pincha mojaro va urushlar tufayli paydo bo‘ladi), «barbod bo‘lgan davlat» ichida garchi to‘la xaos bo‘lsa-da, u azaldan xalqaro miqyosda tan olingani bilan prinsipal farqlanadi. Tan olinmagan davlatlarda esa hammasi aksincha.
Bir marta «tan olingan» davlat statusini olib tan olinmagan davlatga aylanib olish deyarli mumkin emas. Biroq, qoidadan tashqari holatlar ham bo‘ladi. Masalan, Xitoy Respublikasi BMT asoschilaridan biri, SSSR, AQSH, Fransiya va Buyuk Britaniya qatorida Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan. Biroq, 1940-yillar oxirlarida ularning hukumati fuqarolar urushida Mao Jedong boshliq inqilobchi-kommunistlarga mag‘lub bo‘lishgan. Kommunistlar Xitoy Xalq Respublikasini e’lon qilishgan. Xitoy Respublikasi nazorati ostida faqat Tayvan va bir nechta kichik orollar qolgan. Sekin asta «tan olish» Tayvandan XXRga o‘tib ketgan. Natijada, 1971 yilda Tayvanning BMTdagi o‘rni XXRga olib berilgan. Tayvan o‘shandan buyon qisman tan olingan davlatligicha qolmoqda.
Mamlakat rahbariyatini «qayta tan olish» holatlari ham bo‘ladi. 1939 yilda Polsha natsistlar Germaniyasi va SSSR tomonidan okkupatsiya qilingach, Londonda qochqinlikdagi Polsha hukumati faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Ikkinchi jahon urushi davrida bu hukumat polshalik qarshilik ko‘rsatuvchi kuchlarni qo‘llab-quvvatlagan, biroq mamlakat hududini nazorat qilmagan.
Urush tugagach, Polshada kommunistik rejim o‘rnatilgach, qochqinlikdagi hukumat xalqaro tan olinishdan mosuvo bo‘lgan, biroq harakatdan to‘xtamagan. Faqat 1990 yilga kelib o‘tkazilgan saylovlarda ular o‘z vakolatini demokratik yo‘l bilan saylangan yangi prezident Lex Valensaga topshirishgan.
Polsha bilan bo‘lib o‘tgan vaziyat yana ro‘y berishini tasavvur qilish qiyin. Buning uchun juda ko‘p omillar qo‘shilishi kerak. Eng kamida qandaydir davlat ikkinchi davlatni to‘liq bosib olib, uning rahbariyatini mamlakatni tark etishga majburlashi kerak. RF rahbariyatida bir yarim yil avval xuddi shunday reja bor edi, lekin u o‘xshamadi. Buyog‘iga o‘xshamasa ham kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring