22:46 / 06.02.2017
3 926

Ishonavering, Suriya termasi – jiddiy raqib!

Ishonavering, Suriya termasi – jiddiy raqib!

Bahorning ilk oyida jahon chempionati saralashining ikki muhim o‘yini bo‘lib o‘tadi.

Aslida, bu bosqichda ahamiyatli bo‘lmagan o‘yinning o‘zi yo‘qku-ya, ammo 23 martda Suriya va 28 martda Qatarga qarshi kechadigan o‘yinlarning ahamiyati rostdan ham juda katta. Chunki bu ikki uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi yuz foizlik natija - 6 ochkoga ega bo‘lishi shart. Aks holda, qolgan o‘yinlardan ma’no qolmaydi.

AUTSAYDERLAR

Bunday deyishimizning sabablari bor, albatta. Birinchidan, Qatar va Suriya guruh autsayderlari hisoblanishadi. Garchi ikkisi ham JCh saralashida kutilganidan ancha kuchliroq o‘yin namoyish qilgan va ochko jamg‘arishda barcha taassurotlarni buzib tashlagan bo‘lsa-da, birinchi davra yakunlariga ko‘ra, baribir, hech narsa o‘zgarmadi - Qatar va Suriya hamon quyi o‘rinlarda borishmoqda. Shunday ekan, nima bo‘lgan taqdirda ham ular guruh autsayderi bo‘lib qolmoqdalar.

Magarki, shu jamoalarni ham mag‘lubiyatga uchrata olmasak, demak mundialga chiqish orzusi bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston terma jamoasi birinchi davrada bu ishni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da uddaladi. Suriya Toshkentda, Qatar esa safarda minimal hisobda mag‘lubiyatga uchratildi. Biroq bitta gol urasizmi yoki o‘nta, g‘alaba baribir, g‘alaba. Hisob qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, uch ochko beriladi. Birinchi davrada Suriya va Qatarni mag‘lub etishning uddasidan chiqildi. Endi shu ishni yana bir marta bajarish lozim. Biroq endi ancha qiyin bo‘lishi turgan gap. Ayniqsa, Suriya bilan bo‘ladigan o‘yinda.

Nima uchun Suriya? Buning bir nechta sabablari bor. Hozir shu haqida.

SURIYa

Jahon chempionati saralashi boshlanishidan oldin guruhda yaqqol autsayder sifatida aynan Suriya terma jamoasi ko‘rsatilgan edi. Avvaliga hammasi kutilganidek boshlandi, Suriya Toshkentdan mag‘lubiyat bilan qaytdi va autsayder degan nomni «oqlay» boshlagandek ko‘rindi. Biroq keyin hammasi o‘zgarib ketdi. Ayni vaqtda Suriya 5 ochko bilan Qatar hamda Xitoydan yuqorida turibdi. Ko‘p maqtalgan qatarda 4 ochko, undan ham oshirib maqtalgan Xitoyda esa 2 ochkogina mavjud. Bu esa O‘zbekiston terma jamoasi uchun ham ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib xizmat qilishi lozim. Bahorda Samvel Babayan shogirdlarini ancha murakkab o‘yin kutib turibdi. Eng yomoni - uchrashuv safarda bo‘lib o‘tadi. Mana shunisidan qo‘rqish lozim.

Suriya terma jamoasi JCh saralashi bahslarini Malayziyaning Paroi shahrida joylashgan «Tuanku Abdul Rahmon stedium»da o‘tkazmoqda. Ta’kidlash joiz, raqib bu stadionda ancha kuchli o‘yin namoyish qiladi. Janubiy Koreya hamda Eron aynan shu erda ochko yo‘qotib qaytgani ham fikrimizga tasdiq bo‘lsa kerak. Har ikki uchrashuvda ham hisob ochilmagan.

Xo‘sh, Suriya terma jamoasining bu muvaffaqiyati sababi nimada?

IKKI SABAB

Nima uchun biz uchun orzu bo‘lib qolayotgan natija - etakchilar bilan durang qayd etishga Suriya muvaffaq bo‘ldi? Bu savolning javobi ancha qiziqarli. Suriyaning sirini ikki jabhada ko‘rish mumkin. Birinchidan, uning himoyasi juda kuchli. Buni aytmasak ham o‘zingiz yaxshi bilasiz, «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv hali yoddan chiqib ulgurmagan. O‘sha bahsda Aleksandr Geynrix zaxiradan maydonga tushib, o‘yin qahramoniga aylanmaganda biz ham bir ochko bilan qolib ketgan bo‘lardik.

Biroq Suriyaning duranglarida yana bir omil borki, u ham kam ahamiyat kasb etmaydi - Paroi shahridagi stadion. Suriya terma jamoasi hozirda uy uchrashuvlarini «Tuanku Abdul Rahmon stedium»da o‘tkazmoqda. Bu arenaning maysasi sifati yumshoq qilib aytganda, talabga javob bermaydi. Notekis maydon va sifatsiz maysa ustida esa hujumkor va chiroyli o‘yin namoyish etish ancha qiyin masala. Boz ustiga, Eronga qarshi kechgan uchrashuv vaqtida Malayziyada kuchli yomg‘ir yog‘di va Karlush Keyrush shogirdlari katta qiyinchilikka duch keldilar. Odatda, bunday vaqtda texnikaga asoslanib o‘ynaydigan jamoa muammolarga duch keladi. O‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib, mahorat borasida o‘zidan ancha past jamoadan mag‘lubiyatga uchrashi ham hech gap emas. Shunday ekan, Eron terma jamoasi Malayziyadan nursiz durang bilan qaytganiga balki xursand bo‘lishi lozimdir. Bunday yomg‘ir ostida nafaqat «Abdul Rahmon Stedium», balki «Santyago Bernabeu» yoki «Kamp Nou»da ham o‘ynash ancha qiyin.

MOURINO KABI

Suriya terma jamoasi uchun esa bunday maydonda to‘p surish ayni muddao. Umuman, himoyaviy o‘yin namoyish etadigan har qanday jamoa uchun maydon tekis bo‘lmagani ma’qul. Shuning uchun ham Joze Mourino maysasi o‘sib ketgan maydonda o‘ynashni xush ko‘radi. Bunday joyda to‘p dumalashi qiyin va uzatmalar tezligi pasayadi. Mourino esa qanday uslubda o‘ynashni yoqtirishini hamma yaxshi biladi.

Ayman al Hakimning uslubi ham shunga yaqinroq. Suriya terma jamoasi himoyaviy o‘yin ko‘rsatadi va qarshi hujumga tez chiqib ketish maqsadida to‘pni uzoq masofaga etkazib berishga harakat qiladi. Texnik o‘yin ko‘rsatib, qisqa va o‘rta masofaga to‘p uzatib o‘ynaydigan jamoa uchun esa Paroidagi maydon dahshatning o‘zginasi.

YaNA MUAMMOLAR

Xullas, O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun Suriyaga qarshi safarda bo‘ladigan bahs ancha-muncha muammolar keltirishi muqarrar. Kimdir bu o‘yinda osongina g‘alaba qozonamiz, deb o‘ylagan bo‘lsa, qattiq adashadi. Biz yuqorida hali hamma qiyinchiliklarni sanab o‘tmadik. Mart oyida Malayziyada yaxshigina issiq bo‘ladi. Boz ustiga, yomg‘ir ham ko‘p yog‘adi. Namlik yuqori bo‘lgani holda jazirama issiq ostida o‘ynash lozim. Shularni inobatga olsak, Samvel Babayan shogirdlariga oson bo‘lmasligi aniq. Osonroq tushuntiradigan bo‘lsak, bunday iqlim ko‘proq hammomni yodga solib yuboradi. Issiq va bo‘g‘iq havoda o‘ynash esa oson ishmas.

Biroq Suriyaga qarshi kechadigan o‘yinda biz duch kelishimiz mumkin bo‘lgan eng katta muammo ham bu emas. Noqulay ob-havo, raqibning qarshi hujumi, himoyaviy o‘yin va buning uchun ideal darajada mos keladigan notekis maydon o‘z yo‘liga. O‘zbekiston termasiga xalal beradigan eng katta muammo jamoaning o‘zi. qanday qilib? Hozir shu haqida.

BOShQALAR

Yaxshi bilasiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘tgan hafta Dubayda to‘rt kunlik yig‘in o‘tkazib qaytdi. Bu yig‘in doirasida ikkita o‘rtoqlik o‘yini tashkil etilib, bir qator futbolchilar sinab ko‘rildi. Shu o‘rinda Daniya yoshlar terma jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda maydonga tushgan tarkibni e’tiboringizga havola qilsak:

Darvozani Ignatiy Nesterov qo‘riqladi. Chap qanot himoyasida Aleksandr Merzlyakov va o‘ng qanotda Shuhrat Muhammadiev o‘ynadi. Markaziy himoya esa Vladimir Kozak va Rustam Ashurmatovga ishonib topshirilgan. Tayanch yarim himoyasida Akbar Ismatullaev va Qutiboyev harakat qilishgan bo‘lsa, hujum ortida Sardor Mirzaev, Jaloliddin Masharipov va Doston Hamdamovlar o‘ynashdi. Yagona hujumchi sifatida esa Shohruz Norxonov to‘p surdi.

Mana, tarkib bilan tanishib oldik. Endi bir savolga javob bersangiz: shu futbolchilardan kimdir JCh saralashi doirasida Suriyaga qarshi o‘ynashiga ishonasizmi? Mayli, birortasi tarkibga ham kiritildi, deylik, ammo o‘sha futbolchi termada bemalol o‘ynab keta oladimi? Axir u bugun O‘zbekiston terma jamoasining asl tarkibi bilan o‘ynamayapti-ku! Daniya yoshlariga qarshi o‘ynaganlar aslida O‘zbekiston terma jamoasi emas, balki tajriba uchun yig‘ilgan tarkib, xolos. Xo‘sh, bunday uslub bilan biror natijaga erishish mumkinmi? Ertaga o‘sha futbolchi Odil Ahmedov, Aziz Haydarov va Server Jeparov bilan til topishib keta oladimi? Biz ataylab Vitaliy Denisovni aytmadik, chunki u bilan istagan futbolchi o‘ynab keta oladi. Ammo boshqalar-chi?

Albatta, terma jamoa murabbiyi tajriba qo‘llashga haqli. Ammo hamma narsaning ham chegarasi bo‘ladi. Aytaylik, Daniyaga qarshi kechgan o‘yindan farqli o‘laroq, Gruziya bilan nisbatan asosiy tarkib o‘ynadi. Lobanov darvozada, Stanislav Andreev, Azim Ahmedov, Islom To‘xtaxo‘jaev, Davron Hoshimov himoyada, Javohir Sohibov va Otabek Shukurov esa tayanch yarim himoyasida to‘p surishdi. Hujum ortida Eldor Shomurodov, Jamshid Iskanderov va Marat Bikmaev o‘ynagan bo‘lsa, yagona hujumchi sifatida Igor Sergeev harakat qildi. Ehtimol, bu tarkib bilan nimadir qilish mumkindir. Ammo yuz foiz yangilarni maydonga tushirish kimga kerak? Dubaydagi yig‘in shunchaki hisobot uchun o‘tkazilgan bo‘lsa, tushunish mumkin. Biroq yangi o‘yin uslubi va futbolchilarni sinovdan o‘tkazib olish uchun qay darajada foydali bo‘lishini hali o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi.

PAROIGA BORMAYMIZMI?

Xorijda o‘tkaziladigan yig‘inlar kerak, albatta. Bunday yig‘inlar O‘FFdan qanday xarajatlarni talab qilishini yaxshi bilamiz. Ammo o‘sha xarajatlar o‘zini oqlashi uchun maqsadli yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak emasmi? Daniya va Gruziya bilan bo‘ladigan o‘yin Suriyaga qarshi kechadigan bahsda qay darajada asqotishi mumkin? Dubay va Turkiyada tashkil qilinadigan yig‘inlar-chi? Ularda baribir, asosiy tarkib futbolchilari ishtirok etmagandan so‘ng, bu yig‘inlardan qanday foyda?

Aslida, bu muammo hozir paydo bo‘lib qolmagan, balki oldindan mavjud. Masalan, Ispaniya terma jamoasi oddiy o‘rtoqlik o‘yini uchun ham butun tarkibni yig‘adi. «Chelsi»dan Diego Kostani chaqirib olavergani uchun londonliklar bilan ora buzilganini ham eshitganmiz. Ammo bizda o‘rtoqlik o‘yinlarida boshqa tarkib, rasmiy bahslarda esa boshqalar o‘ynaydi. Bu muammo Abramov davrida ham bor edi, Qosimov vaqtida ham. Balki JChdan chetda qolib ketayotganimizga sabab ham shundadir?

Dubay va Turkiyada yig‘in o‘tkazgan yaxshi. Ammo shuning o‘rniga bir marta bo‘lsa ham Malayziyaga borib, Paroidagi o‘sha stadionda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib qaytilsa, shunga etadigani bo‘lmasa kerak. Futbolchilar maydon holatini o‘rgangan va qanday o‘yinga tayyor turish kerakligini tushunib etgan bo‘lardilar. Faqat bir shart - buning uchun butun tarkibni yig‘ish kerak.

Axir aytyapmiz-ku, bahordagi raqib ancha jiddiy, deb...

ABDULLOH

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ishonavering, Suriya termasi – jiddiy raqib!