date

“Manchester Siti”da Husanovning holati bo‘yicha yangi ma’lumotlar

“Manchester Siti”da Husanovning holati bo‘yicha yangi ma’lumotlar

26-oktyabr kuni Angliya Premer-ligasining to‘qqizinchi turi doirasida “Manchester Siti” safarda “Aston Villa” jamoasi mehmoni bo‘ladi. Bu o‘yin chempionlik poygasida muhim ahamiyat kasb etadi, deb xabar berdi sportsmole.co.uk.

O‘zbekistonlik muxlislar uchun eng qiziq jihat — Abduqodir Husanovning maydonga qaytishi. 21 yoshli himoyachi 21-sentyabrda “Arsenal”ga qarshi bahsda jarohat olganidan beri jamoaga yordam bera olmayapti. Uning holatiga oid so‘nggi ma’lumotlar Angliyaning yetakchi sport nashrlarida yoritildi.

Jurnalist Oliver Tomasning yozishicha, “Manchester Siti” bu bahs orqali barcha musobaqalardagi mag‘lubiyatsiz seriyasini o‘nta o‘yinga yetkazishni ko‘zlamoqda. Gvardiola shogirdlari hozirda turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi va peshqadam “Arsenal”dan atigi uch ochkoga orqada.

Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichida “shaxarliklar” Ispaniyada “Vilyarreal”ni ikkita javobsiz gol bilan mag‘lub etgandi. Ammo jamoada jarohat muammosi hali ham dolzarb. Rodri ikki uchrashuvni o‘tkazib yubordi va Gvardiola uning “Aston Villa”ga qarshi bahsda ishtirok etmasligini tasdiqladi.

Rodrining o‘rnini so‘nggi o‘yinlarda yosh Niko Gonsales to‘ldirib kelmoqda. Ammo u ham yengil jarohat olgani xabar qilindi. Mutaxassislar Gvardiolaning Nikoga ishonch bildirib, uni yana asosiy tarkibda maydonga tushirishini kutmoqda.

Abduqodir Husanovning jarohati avval boshda yengil deb baholangan edi, ammo u oltita o‘yinni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Shu bois uning “Aston Villa”ga qarshi o‘yinda maydonga tushishi haqida aniq so‘z aytish hozircha erta.

standard.co.uk muxbiri Artur Ferridj ma’lumot berishicha, Husanovning jarohati bo‘yicha hech qanday rasmiy yangilanish berilmagan. Futbolchining tiklanish jarayoni yopiq holda davom etmoqda. Shu sabab u jamoa ro‘yxatidan chiqarilmagan, ammo hozircha to‘liq formaga qaytgani haqida so‘z yuritish qiyin.

manchestereveningnews.co.uk sayti eksperti Tayron Marshall ta’kidlaganidek, hozirda “Siti”ning o‘ng qanot himoyasida Mateush Nunesh faoliyat olib boryapti. Ammo Husanov sog‘aygach, aynan shu pozitsiyada asosiy raqobatchiga aylanishi mumkin. Mutaxassisning fikricha, Riko Lyuis bu ikki futbolchi bilan raqobatda ortda qolmoqda.

O‘zbek himoyachisi mavsum boshida “Manchester Yunayted”, “Napoli” va “Arsenal”ga qarshi uchrashuvlarda start tarkibda maydonga tushgan va faol harakatlari bilan murabbiylar hamda muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan edi.

Gvardiola uning tezligi va pozitsiyani yaxshi his qilish qobiliyatini yuqori baholaydi. Shu sababdan Husanov sog‘lomligini to‘liq tiklagach, o‘ng qanotdagi asosiy nomzodlardan biri bo‘lib qoladi, deb hisoblanadi.

Shu bilan birga, mutaxassislar kelajakda uning faoliyati markaziy himoya pozitsiyasi bilan bog‘lanishini ham ehtimol deb bilishmoqda. Ammo hozircha jamoa ehtiyojidan kelib chiqib, Husanov aynan qanotdagi rolini saqlab qolishi kutilmoqda.

“Aston Villa” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi to‘qnashuv 26-oktyabr kuni soat 19:00 da start oladi. Butun dunyo bo‘ylab millionlab muxlislar, jumladan, o‘zbekistonlik futbol sevuvchilar ham ushbu bahsda o‘z vakillarining safga qaytishini orziqib kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti”da Husanovning holati bo‘yicha yangi ma’lumotlar