
“Barselona” klubi Ispaniya chempionatining eng muhim bahslaridan biri — “El-Klasiko” oldidan jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ispaniya matbuoti ma’lumotlariga ko‘ra, kataloniyaliklarning bosh murabbiyi Xansi Flik jamoani “Real Madrid”ga qarshi o‘ziga xos, juda hujumkor uslubda maydonga tushirishni rejalashtirgan.
Diario Sport nashri yozishicha, Flikning taktik rejasi an’anaviy ehtiyotkorlikdan yiroq. Germaniyalik mutaxassis jamoani raqib kuchli bo‘lishiga qaramasdan to‘liq hujumga yo‘naltirmoqchi. Uning fikricha, “Barselona” g‘alaba qozonish uchun faqat hujumda faol bo‘lishi shart. Shuning uchun u markaziy chiziqda yuqori pressing va qanotlardagi tezkor yurishlarga asoslangan sxema ustida ishlayapti.
“Flik jamoa to‘pni nazorat qilib turib, raqibni o‘z maydoniga qamab qo‘yishni istayapti. Uning maqsadi — madridliklarning tezkor qarshi hujumlarini cheklab, raqib himoyasini kuchli bosim bilan sinab ko‘rish,” — deb yozadi nashr.
Germaniyalik murabbiy o‘zi o‘yinda ishtirok eta olmasada (diskvalifikatsiya sababli), jamoa oldidagi rejalarni aniq belgilab bergan. U o‘yin davomida yordamchilar orqali taktik o‘zgarishlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, Flik “El-Klasiko” uchun o‘ziga xos kombinatsiyalar tayyorlagan. Hujumda asosiy e’tibor Levandovski va Yamal duetiga qaratiladi. Ular qanotlar orqali tezkor hujumlarni tashkil etgan holda raqib himoyasini ochishlari kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, xavfli standart holatlarda Kunde va Kristensen ishtirok etishi rejalashtirilgan.
“Barselona”da markaziy yarim himoyachilar orqali tez paslar va pozitsion hujumlar orqali raqibni charchatish vazifasi qo‘yilgan. Bu esa madridliklar himoyasini buzish va Mbappe hamda Vinisius kabi tezkor hujumchilarning orqa chiziqqa chiqishini cheklashga yordam beradi.
Shuningdek, Flik yordamchilari orqali jamoaga ruhiy tayyorgarlik bo‘yicha ham alohida ko‘rsatmalar bergan. Uning fikricha, “El-Klasiko”da nafaqat texnika yoki taktika, balki ruhiyat ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
“Barselona” bu bahsni yutsa, La Ligada peshqadamlikni qo‘lga kiritishi mumkin. Hozirda “Real Madrid” 24 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda, kataloniyaliklar esa ulardan 2 ochko orqada.
“El-Klasiko” 26-oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:15 da “Santyago Bernabeu”da bo‘lib o‘tadi. Ispaniyadagi bu o‘yin nafaqat chempionlik poygasi uchun, balki ikki klubning nufuzi uchun ham o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!