
Qozog‘istonlik mashhur aktyor va aralash jang san’ati vakili Erkebulan To‘qtar navbatdagi jangini o‘zbekistonlik sportchiga qarshi o‘tkazadi. Uning raqibi — Shahzod Uzoqov, jang muxlislari orasida Gold laqabi bilan tanilgan fayter bo‘ladi.
Erkebulan To‘qtar ushbu jang haqida shaxsiy Instagram sahifasida ma’lum qildi. U joylagan videoda ikki jangchi uchrashuv chog‘ida kelishuvga erishgani aks etgan. Ma’lum bo‘lishicha, to‘qnashuv kelasi yil mart oyiga rejalashtirilgan bo‘lib, jang rasman tasdiqlangan.
Shahzod Uzoqov 1999 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Vaqt.uz nashrining yozishicha, u 2020 yilda bezorilik bilan bog‘liq jinoyat uchun bir necha yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Keyinchalik u sportga qaytib, faoliyatini media-janglar orqali davom ettirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Uzoqov hozirda Markaziy Osiyo davlatlaridan jangchilarni faol jalb qilayotgan HYP FC media-xoldingi bilan shartnoma imzolagan. Bu platforma so‘nggi paytlarda tomoshabop janglari bilan keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti.
Erkebulan To‘qtar esa 1995 yil 31 dekabr kuni Olmaota shahrida tug‘ilgan. U aralash jang san’atidagi professional faoliyatini 2021 yilda boshlagan. Hozirga qadar u 14 ta jang o‘tkazib, ularning 11 tasida g‘alaba qozongan. Bu ko‘rsatkich uning oktagonda ancha tajribali va xavfli raqib ekanini anglatadi.
Jangdan tashqari, To‘qtar kino sohasida ham tanilib ulgurgan. U aktyorlik faoliyatini 2022 yilda “ZERO” filmidagi ishtiroki bilan boshlagan. 2023 yilda esa “Meni yashashga o‘rgat” nomli komediya filmida bosh rolni ijro etib, tomoshabinlar e’tiborini tortgan.
Qisqasi, Qozog‘iston va O‘zbekiston vakillari o‘rtasidagi ushbu jang nafaqat sport, balki shou elementlari bilan ham qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda. Mart oyida oktagonda haqiqiy intriga kutyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.