
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakat hayotida muhim voqea sifatida o‘tmoqda. Unda davlat rahbari yurtimiz sportchilari, xususan, shaxmatchilarimizning xalqaro maydonda qo‘lga kiritayotgan salmoqli yutuqlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Prezident ta’kidlaganidek, o‘zbek shaxmat maktabi so‘nggi yillarda jahon miqyosida yuksak nufuzga ega bo‘lib bormoqda. “Mohir shaxmatchilarimiz Jahon kubogida munosib ishtirok etdi. Ayniqsa, navqiron grossmeysterimiz Javohir Sindarov Jahon kubogining eng yosh sohibi bo‘lgani barchamizga yuksak g‘urur bag‘ishlaydi”, — deya qayd etdi davlat rahbari.
Bu yutuq nafaqat yakka sportchining, balki butun mamlakat shaxmat maktabining samarali mehnati va tizimli tayyorgarligi natijasi ekani alohida urg‘ulandi. Yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish siyosati o‘z mevasini berayotgani yaqqol sezilmoqda.
Shuningdek, prezident yaqinda bo‘lib o‘tgan yana bir yirik musobaqa natijalarini ham alohida e’tirof etdi. O‘tgan hafta 9–17 yoshli shaxmatchilar o‘rtasida rapid va blis yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston yoshlar jamoasi ulkan muvaffaqiyatga erishdi. Yurtimiz vakillari ushbu nufuzli musobaqada 5 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida mutlaq birinchi o‘rinni egalladi.
Bu natija o‘zbek shaxmatining kelajagi yorqin ekanini, yosh avlod orasida salohiyat va raqobatbardoshlik juda yuqori darajada ekanini yana bir bor isbotladi. Prezidentning ta’kidlashicha, bunday zafarlar yoshlarni yangi marralar sari ruhlantirib, mamlakat obro‘-e’tiborini xalqaro maydonda yanada mustahkamlaydi.
Shubhasiz, shaxmatchilarimizning bugungi g‘alabalari ertangi yanada katta yutuqlar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.