date

FIFA O‘zbekiston futbolining 2025 yilgi eng yorqin lahzasini so‘radi

FIFA O‘zbekiston futbolining 2025 yilgi eng yorqin lahzasini so‘radi

2025 yil yakuniga yaqinlashar ekan, jahon futbolidagi asosiy tuzilmalardan biri — FIFA o‘zining rasmiy sahifasida O‘zbekistonga alohida e’tibor qaratdi. Xalqaro tashkilot muxlislar va futboli jamoatchiligiga murojaat qilib, quyidagi savolni o‘rtaga tashladi:

“O‘zbekiston! 2025 yil yakunlanar ekan, o‘tgan yil davomida futbolingizdagi eng yorqin, esda qolarli voqea qaysi bo‘ldi?”

Ushbu savol jamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki ortda qolayotgan yil o‘zbek futboli uchun haqiqatan ham tarixiy, faxrli va unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. Buning tasdig‘i sifatida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) FIFA murojaatiga mazmunli va ishonchli javob qaytardi.

O‘FA o‘z javobida 2025 yilni bezab turgan eng muhim yutuqlarni alohida ta’kidladi. Eng avvalo, O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani mamlakat futbolining mutlaq yangi bosqichga chiqqanini anglatishi qayd etildi. Bu natija nafaqat sport sohasida, balki butun mamlakat uchun ulkan ruhiy ko‘tarinkilik baxsh etgan voqea sifatida baholandi.

Shuningdek, yil davomida yoshlar futboli ham yuksak natijalar bilan ajralib turdi. Xususan, U-17 terma jamoamizning Osiyo chempionatida g‘olib chiqqani, maydondagi jasorat, intizom va g‘alabaga bo‘lgan ishonchning yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi. Bu muvaffaqiyat O‘zbekistonda futbol kelajagi mustahkam ekanini yana bir bor isbotladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning U-20 Jahon chempionati mezbonligi huquqini qo‘lga kiritishi ham yilning eng muhim voqealari qatorida tilga olindi. Bu qaror mamlakatga bo‘lgan xalqaro ishonch, infratuzilma va tashkiliy salohiyat yuqori baholanayotganining yaqqol belgisi bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, tarixiy mundialda ilk bor ishtirok etadigan “oq bo‘rilar” “K” guruhidan joy olgan. Unda terma jamoamiz Portugaliya va Kolumbiya kabi kuchli raqiblar bilan bellashadi. Guruhdagi uchinchi jamoa esa Yangi Kaledoniya, Yamayka yoki Kongo terma jamoalaridan biri bo‘lishi mumkin.

Qisqasi, 2025 yil O‘zbekiston futbol tarixida oltin harflar bilan yoziladigan, g‘urur va umidlarga to‘la yil sifatida qolmoqda. Bu muvaffaqiyatlar esa yangi g‘alabalar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » FIFA O‘zbekiston futbolining 2025 yilgi eng yorqin lahzasini so‘radi