
Turkiya Superligasining 17-turida "Bashakshehir" o‘z maydonida "Gaziantep"ni qabul qilib, ishonchli va yorqin o‘yin namoyish etdi. Uchrashuv 5:1 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘lib, bellashuv to‘liq o‘zbekistonlik futbolchilar benefisiga aylandi.
Bahsning ilk daqiqalaridanoq «Bashakshehir» hujumkor o‘yinni tanladi. 21-daqiqada Eldor Shomurodov hisobni ochib, jamoasiga ustunlik olib berdi.
«Gaziantep» jamoasi ham javobsiz qolmadi va o‘yinning 26-daqiqasida Drissa Kamara hisobni tenglashtirishga erishdi. Bu esa intrigani yanada kuchaytirdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 29-daqiqada yana bir o‘zbekistonlik futbolchi — Abbosbek Fayzullayev o‘z mahoratini namoyish etib, ikkinchi golni urdi. Shu tariqa, mezbonlar birinchi taymning o‘zidayoq uchrashuv taqdirini deyarli hal qilib qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘limda ham «Bashakshehir» raqibga imkoniyat qoldirmadi. 53-daqiqada «Gaziantep» himoyachisi Qizildog‘ning avtogoli hisobni yanada yiriklashtirdi. Keyinroq o‘yinning 68-daqiqasida Shomurodovning golli uzatmasidan Gunesh unumli foydalanib raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
O‘yinning 84-daqiqasida Brnich individual harakatlari orqali raqib o‘yinchilarini ortda qoldirib aniq zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi va o‘yinga nuqta qo‘ydi.
Uchrashuv davomida «Gaziantep» futbolchisi Rodriges qizil kartochka olib, jamoasini qiyin ahvolda qoldirdi. Bu esa mezbonlar ustunligini yanada oshirdi.
Turkiya Superligasi. 17-tur
Bashakshehir — Gaziantep 5:1
22 dekabr, Fotih Terim nomidagi stadion
Gollar: Shomurodov (21), Fayzullayev (29), Qizildog‘ (53, avtogol), Gunesh (68), Brnich (84) — Kamara (26).
Bashakshehir — Shengezer, Bulut (Ebosele, 46), Duarte, Opoku, Shahiner, Ergun (O‘zdemir, 46), Gunesh (Kalujinski, 79), Fayzullayev, Shomurodov, Harit (Brnich, 71), Zelke (Yildirim, 71).
Gaziantep — Gorgen, Guler (Lyungoyi, 46), Abena, Qizildog‘ (Sanuch, 69), Kabasakal (O‘zchichek, 57), Peres (Soresku, 57), Kozlovski, Kamara, Rodriges, Bayo, Maksim (Boateng, 69).
Ogohlantirishlar: Ergun (31), Qizildog‘ (35), Kamara (41), Bulut (45), Kozlovski (50), Rodriges (74).
Chetlatish: Rodriges (77).
Ushbu g‘alabadan so‘ng Nuri Shahin boshchiligidagi jamoa ochkolarini 23 taga yetkazib, turnir jadvalida 7-o‘ringa ko‘tarildi. Xuddi shu miqdorda ochkoga ega bo‘lgan «Gaziantep» esa 9-pog‘onaga tushib ketdi.
Zamin.uz muxlislari uchun aytish mumkinki, bu uchrashuv o‘zbekistonlik futbolchilarning Turkiya maydonlaridagi navbatdagi yorqin kechasi sifatida xotirada qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.