date

Abduqodir Husanov uchun Fransiyada yangi transfer kurashi boshlangani ma’lum bo‘ldi

Abduqodir Husanov uchun Fransiyada yangi transfer kurashi boshlangani ma’lum bo‘ldi

Yevropa futbolida qishki transferlar oynasi yaqinlashib kelar ekan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda "Manchester Siti" himoyachisi Abduqodir Husanov atrofidagi xabarlar yanada jonlanmoqda. 21 yoshli markaziy himoyachining kelajagi haqida “ko‘hna qit’a” OAVlarida turli ssenariylar muhokama qilinmoqda.

Oxirgi oylarda futbolchining nomi "Lans", "Liverpul" va hatto "Real Madrid" kabi grandlar bilan bog‘landi. Bu xabarlarning asosiy sababi shundaki, jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Husanovning o‘yinidan qoniqqaniga qaramay, unga doimiy ravishda yetarlicha o‘yin amaliyoti taqdim etmayapti.

“Nitssa” kutilmaganda sahnaga chiqdi

Fransiya futbolida obro‘ga ega manbalarga ko‘ra, "Nitssa" ham o‘zbek himoyachisiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Mavsum boshidan beri barqarorlikka erisha olmayotgan klub qishki transferlar orqali tarkibni qayta qurishni rejalashtirgan.

SPORT.FR saytining yozishicha, “Nitssa” rahbariyati avvalo markaziy himoya chizig‘ini mustahkamlashga bel bog‘lagan. Shu bilan birga, Liga 1 peshqadami "Lans" ham ikkinchi davra oldidan tarkibni kuchaytirishni ko‘zlamoqda va “Manchester Siti” bilan Husanovni olti oylik ijaraga olish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.

Manbalarga ko‘ra, yanvar oyida Husanov Fransiyaga qaytishi ehtimoli ancha yuqori. Faqat uning yangi manzili “Lans” emas, balki himoya muammolarini hal qilishga intilgan “Nitssa” bo‘lishi ham mumkin. Ikki klub ham futbolchini qisqa muddatli ijara asosida olishni istamoqda.

Hal qiluvchi qaror “Siti” qo‘lida

2029 yil o‘rtalarigacha “shaharliklar” bilan shartnomaga ega bo‘lgan Husanov uchun muntazam o‘yin amaliyoti juda muhim. Shu bois, “Manchester Siti” rahbariyati futbolchining rivoji uchun qisqa muddatli transfer variantlarini ko‘rib chiqishi mumkin. Agar “Lans” va “Nitssa” tomonidan jiddiy takliflar tushsa, Fransiyada haqiqiy transfer kurashi yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas.

Frank Xeyz omili

JEUNESFOOTEUX.COM sayti esa “Nitssa” bosh murabbiyi Frank Xeyz shaxsiy tashabbusi bu transferda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Mutaxassis avval ishlagan "Lans" davrida yaxshi bilgan futbolchilarini jamoaga olib kelishni istamoqda.

Ayni paytda “Nitssa” yetakchilari — Jonatan Kloss, Terem Moffi va Jeremi Boganing kelajagi noaniq bo‘lib turgani Xeyzni yangi ijrochilar qidirishga majbur qilmoqda.

Manbalarga ko‘ra, “Nitssa” uchun haqiqiy syurpriz himoya chizig‘ida bo‘lishi mumkin. Frank Xeyz “Manchester Siti”da qiyin davrni boshdan o‘tkazayotgan Husanovning vaziyatidan yaxshi xabardor va bu imkoniyatdan foydalanib qolmoqchi. Bir yil oldin “Lans”dan taxminan 50 million yevro evaziga Angliyaga yo‘l olgan o‘zbek himoyachisini olti oylik ijaraga qaytarish rejasi aynan shu yerda paydo bo‘lgan.

Xulosa

O‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishga chanqoq, jismonan baquvvat va taktik jihatdan foydali Husanov kabi “jangchi”ni safiga qo‘shib olish “Nitssa” uchun himoyani barqarorlashtirishda katta qadam bo‘lishi mumkin. Shu tariqa, yaqinlashayotgan qishki transferlar oynasi o‘zbek futbolchisining taqdirida muhim burilish nuqtasiga aylanishi ehtimoli juda yuqori.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov uchun Fransiyada yangi transfer kurashi boshlangani ma’lum bo‘ldi