2030 yilgi JCH finali Ispaniyada o‘tishi mumkin

2030 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati finali Ispaniyada o‘tkazilishi ehtimoli yuqori. BBC xabariga ko‘ra, bu haqda mamlakat futbol federatsiyasi prezidenti Rafaelya Lusan ma’lum qilgan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Musobaqaga Ispaniya, Portugaliya va Marokash birgalikda mezbonlik qiladi. Turnirning ilk uchta uchrashuvi esa musobaqaning 100 yilligi munosabati bilan Urugvay, Argentina va Paragvayda bo‘lib o‘tadi.
Lusan Ispaniya ko‘p yillardan beri yirik turnirlarni yuqori saviyada tashkil etib kelayotganini ta’kidlab, 2030 yilgi mundialning “yetakchi mezboni” bo‘lishini aytdi. U final qaysi stadionda o‘tkazilishini hozircha ochiqlamadi.
Avvalroq Marokash tomoni finalni Kasablankadagi “Grand Stad Xassan II”da o‘tkazishni istayotganini bildirgandi. 2028 yilga qadar qurilishi yakunlanishi kutilayotgan arena 115 ming tomoshabinni sig‘dira olishi aytilmoqda. FIFA esa hal qiluvchi o‘yin manzili bo‘yicha hozircha rasmiy izoh bermagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!