May oyida kutilayotgan ob-havo: issiqlik va beqaror yomgʻirlar

May oyida kutilayotgan ob-havo: issiqlik va beqaror yomgʻirlar
Qisqacha

May oyida ob-havo beqaror va issiq bo'lishi kutilmoqda. Oyning boshida havo harorati 13-27 daraja atrofida bo'ladi, keyinchalik esa 30-35 darajagacha ko'tarilishi mumkin. Ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg'irlar va momaqaldirroq kuzatilishi ehtimoli mavjud. Umuman olganda, may oyi o'tgan yillarga nisbatan issiqroq bo'lishi kutilmoqda.

Bahorning soʻnggi oyi kirib kelmoqda va koʻpchilikni may oyida ob-havo qanday kelishi qiziqtirmoqda. Sinoptiklarning prognozlariga koʻra, joriy yilning may oyi anchagina beqaror va injiq ob-havo bilan boshlanishi kutilmoqda. Zamin.uz kelgusi oyda kutilayotgan muhim oʻzgarishlarni taqdim etadi.

Oyning boshlanishi: Momaqaldiroq va salqin nafas

May oyining dastlabki besh kunligida respublika boʻylab ob-havoning oʻzgaruvchanligi kuzatiladi. Ayrim hududlarda qisqa muddatli yomgʻirlar yogʻishi, momaqaldiroq guldirashi va shamol tezligining kuchayishi ehtimoli bor. Ushbu davrda havo harorati:

  • Kechalari: 13-18 daraja iliq;

  • Kunduzlari: 22-27 daraja iliq atrofida boʻladi.

Haroratning koʻtarilishi va yoz faslining nafasi

Oyning oʻrtalariga kelib havo bosqichma-bosqich isib boradi. Oy yakuniga qadar termometr ustuni kechalari 13-18 darajadan 18-23 darajagacha koʻtariladi. Kunduzlari esa harorat 25-30 darajadan 30-35 darajagacha isishi kutilmoqda. Janubiy viloyatlar, shimoliy hududlar va choʻl zonalarida issiqlik darajasi 36-38 darajagacha yetishi mumkin. Bu davrda ham ayrim kunlarda mahalliy xarakterdagi momaqaldiroqli yomgʻirlar yogʻishi istisno etilmaydi.

Iqlimiy meʼyorlar va tarixiy rekordlar

2026 yil may oyida oʻrtacha oylik harorat koʻp yillik meʼyordan 1,5-2 darajaga yuqori boʻlishi taxmin qilinmoqda. Odatda may oyi aprelga nisbatan 4-6 darajaga iliqroq keladi.

  • Birinchi yarmida: Kunduzgi oʻrtacha harorat 24-27 daraja;

  • Ikkinchi yarmida: 28-31 daraja iliq boʻladi.

Qayd etish joizki, may oyida haroratning 34-37 darajagacha koʻtarilishi deyarli har yili kuzatiladigan tabiiy jarayondir. Tarixda esa mutlaq issiqlik koʻrsatkichlari 38-41 darajani, choʻl va janubiy hududlarda esa 43-45 darajani tashkil etgan. Diqqatga sazovor jihati, Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yaqin yillarda — 2020, 2021 va 2025 yillarda yangi harorat rekordlari qayd etilgan.

Aziz mushtariylar, siz may oyining issiq kelishiga tayyormisiz? Siz yashayotgan hududda bahorning soʻnggi oyi odatda qanday oʻtadi?

Ob-havoning soʻnggi oʻzgarishlari va eng qaynoq yangiliklarni Zamin.uz saytida kuzatishda davom eting.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar