Rosinyor Chelsi Leedsga durangni sovg'a qildi

"Chelsi" bosh murabbiyi Liam Rosinyor APL doirasida "Lids"ga qarshi bahsda qo'ldan boy berilgan g'alabadan so'ng fikr bildirdi. Uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
"Ko'klar" 24-daqiqada Joao Pedro, 58-daqiqada esa Koul Palmerning gollari evaziga 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Biroq mehmonlar 67-daqiqada Lukas Nmecha va 73-daqiqada Noa Okafor urgan gollar bilan tezkor kambekni amalga oshirdi.
Rosinyor ta'kidlashicha, hammasi olti daqiqa ichidagi ikki epizod bilan hal bo'lgan: jamoa yutishi shart edi, ammo aynan o'sha vaziyatlar sabab ikki ochko yo'qotildi. Murabbiy "Lids"ga durang "sovg'a qilinganini" aytdi.
"Futbolda hal qiluvchi lahzalarda xato qilsang, istalgan narsa yuz berishi mumkin. Biz o'sha qisqa oraliqdan oldin ham, keyin ham raqibdan ustun edik, shunga qaramay ikki gol o'tkazib yubordik. Bunday bo'lmasligi kerak. Ayrim jihatlarni futbolchilar bilan muhokama qilaman, takrorlanmasin", — deya Rosinyorning so'zlarini BBC keltiradi.
26 turdan so'ng "Chelsi" 44 ochko bilan APL turnir jadvalida beshinchi o'rinda bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!