Fenix Space kosmodromsiz sunʼiy yoʻldosh uchirish tizimini sinovdan oʻtkazdi

Kaliforniyaning Fenix Space startapi anʼanaviy kosmodromlarga bogʻliq boʻlmagan holda foydali yukni orbitaga chiqarishning yangi tizimini yaratish yoʻlida muhim qadam tashladi. Kompaniya Fenix Alpha prototipining bir haftalik sinovlarini yakunladi, unda apparatning vertikal uchish maydonchalari oʻrniga oddiy aerodrom infratuzilmasidan foydalangan holda uchish va qoʻnish qobiliyati tasdiqlandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Fenix Space taklif etgan usul planer uchirilishini eslatadi: uchirish qurilmasi samolyot-tashuvchi ortidan tirkama sifatida havoga koʻtariladi. Muayyan balandlikda ajralib chiqqach, apparat oʻz dvigatellarini yoqib, kosmos tomon yoʻl oladi. Toʻrtta sinov parvozi davomida prototip tashuvchidan muvaffaqiyatli ajralib, avtonom manyovrlarni bajardi.
Boshqaruv kompaniyaning oʻz dasturiy taʼminoti va avionikasi yordamida amalga oshirildi. Ushbu texnologiyalar kelajakda Fenix 1.0 raketasiga oʻrnatiladi. Loyihaning dolzarbligi AQSh kosmodromlarining haddan tashqari yuklanganligi bilan bogʻliq. 2022-yildan 2025-yilgacha AQShda orbital parvozlar soni ikki barobardan koʻproqqa oshdi, biroq soha hali ham 1960-yillarda qurilgan ikkita asosiy maydonchaga tayanib qolgan.
Fenix Space bosh direktori Jason Lee mavjud uchish-qoʻnish yoʻlaklari va qayta foydalaniladigan aviatsiya vositalaridan foydalanish missiyalar tannarxini sezilarli darajada kamaytirishini taʼkidladi. Kompaniya tizimni 2028-yilda tijorat maqsadlarida ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Dastlabki bosqichda kichik sunʼiy yoʻldoshlarni past Yer orbitasiga yetkazish va gipertovushli sinovlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!