Ronalduning bosimi Al-Nasr rahbarini iste'foga olib keldi

Al-Nasrda Krishtianu Ronaldu atrofidagi vaziyat ortidan muhim o'zgarish kuzatildi. Arriyadiyah xabariga ko'ra, klub direktorlar kengashi raisi Muhammad al-Skit o'z lavozimini tark etish haqida ariza bergan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Manbada qayd etilishicha, funksioner bu qarorini shaxsiy holatlar bilan izohlagan, biroq tafsilotlarni ochiqlamagan.
Avvalroq Al-Nasrda Ronalduga yaqin sanaladigan portugaliyaliklar — Joze Semedu va Simau Koutinyo vakolatlari qayta tiklangani aytilgandi. Shuningdek, yulduz hujumchi klubdan ichki muammolarni bartaraf etish bo'yicha aniq va'dalar olgani haqida ham gap-so'zlar tarqalgan.
Ta'kidlanishicha, Al-Nasr boshqaruv tizimidagi o'zgarishlar davom etadi. Jamoa hozirda chempionat jadvalida ikkinchi o'rinda bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!