Messi tan oldi: bolalikdagi xatosi uni hali ham afsuslantiradi...

Argentina milliy terma jamoasi va “Inter Mayami” klubining super yulduzi Lionel Messi o‘z hayotidagi eng katta kamchiliklardan biri haqida ochiqchasiga gapirib, muxlislarni o‘yga soladigan fikrlarini bildirdi. Uning aytishicha, bolaligida ingliz tilini o‘rganish imkoniyati bo‘lgan, ammo bu imkoniyatdan to‘liq foydalanmagani hozirgacha unga taʼsir qilib kelmoqda.
Futbol olamining tirik afsonalaridan biri hisoblangan Messi shu haqda shunday deydi:
— Bolaligimda ingliz tilini o‘rganish uchun yetarlicha vaqt bor edi. Lekin bu ishga jiddiy qaramadim. Bugun esa shu qarorimdan qattiq pushaymonman.
Uning taʼkidlashicha, karyerasi davomida u ko‘plab mashhur insonlar, dunyoga tanilgan shaxslar bilan birga bo‘lgan. Biroq til bilmaslik sababli ular bilan erkin muloqot qilish imkoniyati cheklangan. Bu holat esa uning ichki hissiyotiga ham taʼsir qilgan.
— Keyinchalik atrofimda juda ko‘p ajoyib insonlar paydo bo‘ldi. Ular bilan gaplashgim kelardi, fikr almashgim kelardi. Ammo tilni bilmaganim uchun buni uddalay olmasdim. Shunday paytlarda o‘zimni noqulay, hatto johildek his qilardim, — deya qo‘shimcha qildi argentinalik forvard.
Maʼlumki, Lionel Messi “Barselona” akademiyasining tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va ushbu klubda o‘tkazgan uzoq yillik faoliyati davomida deyarli barcha yirik musobaqalarda g‘alaba qozongan. U nafaqat klub tarixi, balki jahon futbolida ham o‘chmas iz qoldirgan futbolchilardan biriga aylangan.
Keyinchalik u Fransiyaning “PSJ” jamoasida ham faoliyat yuritib, o‘zining yuqori darajadagi mahoratini namoyish etishda davom etdi. Hozirda esa u AQSHning “Inter Mayami” klubi sharafini himoya qilmoqda.
Sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan 38 yoshli futbolchi 2023 yilning yozidan buyon mazkur klub aʼzosi hisoblanadi. Uning “Inter Mayami” bilan tuzgan shartnomasi 2028 yil oxiriga qadar amal qiladi.
Qisqasi, Messining bu iqrori nafaqat futbol muxlislari, balki yoshlar uchun ham muhim saboq bo‘lishi mumkin. Chunki vaqtida qilinmagan kichik qarorlar keyinchalik katta pushaymonga aylanishi hech gap emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!