Ford Yevropa bozorida ralli ruhidagi beshta yangi modelni taqdim etadi

Ford kompaniyasi 2029-yilga qadar Buyuk Britaniya va Yevropa bozorida o'z mavqeini mustahkamlash maqsadida beshta yangi avtomobilni ishlab chiqarishini e'lon qildi. Ushbu modellar brendning boy ralli merosiga asoslanib, xaridorlar ishonchini qaytarishga qaratilgan. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Yangi qator B va C segmentidagi avtomobillarni o'z ichiga oladi. Ular orasida Bronco uslubidagi krossover, Fiesta nomini qaytarishi mumkin bo'lgan kichik elektromobil, Renault platformasida quriladigan krossover hamda yana ikkita ko'p funksiyali krossover mavjud. Shuningdek, Ford o'zining tijorat avtomobillari qatorini yangi Ranger Super Duty pikapi bilan kengaytirmoqda.
Kompaniya Yevropa bozoridan ketish niyati yo'qligini va "Ready Set Ford" global strategiyasi doirasida raqobatbardoshligini oshirishini ta'kidladi. Ford o'zining off-road va yuqori unumdorlikka ega avtomobillar ishlab chiqarishdagi tajribasidan foydalanib, yangi modellarga ralli ruhidagi dizayn va boshqaruv xususiyatlarini singdirishni rejalashtirmoqda.
Yangi qatorning yetakchisi global Bronco oilasiga mansub ixcham krossover bo'ladi. Ushbu model 2028-yildan boshlab Fordning Valensiyadagi zavodida Kuga bilan birgalikda ishlab chiqariladi. Jim Farley boshchiligidagi kompaniya Bronco brendini shunchaki bitta modeldan global miqyosdagi yirik brendga aylantirishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!