Robin van Persie Raheem Sterlingni himoya qildi

Feyenoord bosh murabbiyi Robin van Persie Raheem Sterlingga nisbatan bildirilayotgan tanqidlarga keskin munosabat bildirdi. Niderlandiya chempionatidagi o‘yinlari uchun futbolchiga qaratilgan "kinoya va mensimaslik" holatlari murabbiyning g‘azabini keltirdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
PEC Zwolle jamoasiga qarshi o‘yindan so‘ng Van Persie Sterlingning boy faoliyatiga hurmat bilan qarash kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Angliya Premer-ligasida yillar davomida yuqori saviyada to‘p surgan futbolchi bunday munosabatga loyiq emas.
"Men uning atrofidagi kinoyali muhitni tushuna olmayman. U Angliyada 200 ta gol urgan va terma jamoa safida 82 ta o‘yin o‘tkazgan futbolchi. Niderlandiya futbol hamjamiyati bunday tajribali o‘yinchiga nisbatan hurmatsizlik qilmoqda", — dedi sobiq hujumchi.
Sterling Liverpul, Manchester Siti va Chelsi kabi klublarda o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Niderlandiyadagi moslashuv jarayoni murakkab kechmoqda. Biroq Van Persie futbolchining o‘tmishdagi yutuqlari uning hozirgi holatidan muhimroq ekanligini eslatib o‘tdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!