The New York Times nashri Husanov haqida tahliliy maqola e’lon qildi...

AQSHning jahon miqyosida mashhur sanalgan The New York Times nashri O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov haqida tahliliy maqola e’lon qildi.
— Abduqodir oddiy “yangi yulduz” emas, balki allaqachon milliy ramzga aylanib ulgurgan shaxs. Husanov bugun O‘zbekiston uchun keng tanilgan figura bo‘lib, mamlakatning jahon chempionatiga oid umidlari ko‘p jihatdan aynan u bilan bog‘liq. Boshqa terma jamoalar yirik musobaqalar oldidan yulduz hujumchilar yoki ijodkor pleymeykerlarga tayanayotgan bir paytda, O‘zbekiston o‘z orzularini markaziy himoyachi bilan bog‘lamoqda. Bu esa mutlaqo mubolag‘a emas.
O‘zbek futboli uchun Husanov endi shunchaki himoyachi emas. U mamlakatning asosiy o‘yinchisi, uning yuzi va ehtimol, zamonaviy davrning eng yirik futbol umididir.
Gap shundaki, Husanov an’anaviy markaziy himoyachi obrazidan ancha chetga chiqqan. Uni faqat tezligi, jismoniy qudrati va o‘yin epizodlarini mukammal o‘qishi uchun emas, balki hujumlarni boshlab berish mahorati tufayli ham qadrlashadi — aniq va uzoq paslari bilan u darhol raqib chiziqlarini yorib o‘tadi.
Gabon terma jamoasi bosh murabbiyi Anise Yala ochiq tan olganki, Husanov juda yuqori darajadagi futbolchi: yosh, kuchli, iqtidorli va allaqachon dunyoning eng yirik klublaridan biri — “Manchester Siti” safida o‘ynamoqda.
Krishtianu Ronalduni boshqa har qanday futbolchidan ko‘ra ko‘proq qadrlaydigan mamlakatda aynan Husanov portugaliyalik superyulduzning o‘zbekcha versiyasi sifatida ko‘rilmoqda. Bu yerda gap o‘yin uslubi haqida emas, balki ta’sir doirasi haqida ketmoqda. Aslida, Abduqodir Husanov allaqachon — yoki juda yaqin — mustaqil O‘zbekiston tarixidagi birinchi haqiqiy global darajada tanilgan futbolchiga aylangan. 1991 yilda SSSR parchalanganidan keyin mamlakatda kuchli va hurmatli o‘yinchilar bo‘lgan. Masalan, Odil Axmedov terma jamoada 100 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan va “Anji”da Samuel Eto'O hamda Roberto Karlos bilan birga maydonga chiqqan. Eldor Shomurodov esa terma jamoaning eng yaxshi to‘purariga aylanib, A Seriyagacha yetib borgan. Biroq ularning hech biri Husanov kabi shiddatli yo‘lni bosib o‘tmagan.
Atigi uch yil ichida u yaqingacha O‘zbekiston futbolchisi uchun deyarli imkonsizdek tuyulgan narsani amalga oshirdi. Belarusning “Energetik-BGU” klubidan Fransiyaning “Lans” jamoasiga, u yerdan esa dunyoning eng yirik klublaridan biri — “Manchester Siti”ga yo‘l oldi. Bundan tashqari, Husanov Angliyada faqat nomigagina emas — u Premer-liga va Chempionlar ligasi o‘yinlarida muntazam maydonga tushmoqda, hatto Angliya Liga kubogini ham qo‘lga kiritgan. Va bu barchasi — 22 yoshida.
O‘zbekiston uchun bu oddiy transfer muvaffaqiyati emas. Bu milliy darajadagi katta “portlash”dir. Toshkentda uni deyarli barcha taniydi — nafaqat muxlislar, balki futboldan uzoq odamlar ham. Bu ajablanarli emas: Husanov bugun haqiqiy mashhur shaxs. Uning surati turli tovarlar reklamasidagi bilbordlarda, shuningdek O‘zbekistonning jahon chempionatidagi ilk ishtirokini eslatuvchi reklama lavhalarida ham joylashtirilgan.
Husanovning ommaviy ta’siri sport chegarasidan ancha tashqariga chiqqan. O‘tgan yili uning to‘yi milliy miqyosda katta voqea bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan oyda birinchi farzandi dunyoga kelishi mahalliy OAVda keng tabriklar to‘lqinini keltirib chiqardi. Bu holat Husanovning jamiyat ongiga qanchalik chuqur kirib borganini ko‘rsatadi. U shunchaki muvaffaqiyatli sportchi emas — u O‘zbekistonning yangi futbol davri ramzi.
Uning obrazi nega vatanida shunchalik yorqin ekanining sabablaridan biri — bu yo‘l hali ham o‘zbek futbolchilari uchun noyob hisoblanadi. Ayniqsa bunday yoshda. Husanov 18 yoshida Toshkentning “Bunyodkor” klubidan Belarusga yo‘l olgan.
O‘zbekiston terma jamoasining ko‘pchilik o‘yinchilari hali ham mahalliy Superliga yoki qo‘shni chempionatlarda, ayrimlari Eron, Iroq, BAAda o‘ynamoqda. Shu jihatdan Husanov tarixi deyarli inqilobiy.
Biroq eng muhimi — barcha media shov-shuv ortida haqiqiy futbol sifati yotibdi. Husanov tribunadan kuzatgan Gabonga qarshi o‘yinda O‘zbekiston 3:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, himoyada unchalik ishonchli ko‘rinmadi va bir necha xavfli vaziyatlarga yo‘l qo‘ydi. Jurnalistlar deyarli yakdil ravishda bu holatni Husanov yo‘qligi bilan bog‘lashdi. Ya’ni u bo‘lganda manzara boshqacha bo‘lar edi. Va uch kundan so‘ng Venesuelaga qarshi o‘yin bu fikrni amalda isbotladi. Husanov odatiy uch markaziy himoyachi sxemasiga qaytdi — va hammasi o‘z joyiga tushdi.
O‘yin 0:0 bilan yakunlandi, ammo kechaning asosiy qahramoni aynan Husanov bo‘ldi. 29 ming tomoshabin oldida u himoyada ustunlik qildi. U Venesuela va “Los-Anjeles” hujumchisi David Martinesni osonlikcha to‘pdan ajratib, tribunani hayratga soldi. Keyin esa 50 metr atrofidagi aniq pas bilan Oston O‘runovni ishga soldi va stadionni guvillatdi. Qo‘shimcha vaqtda u Karlos Sosa zarbasini to‘sib, jamoani aniq goldan qutqardi — va yana olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Venesuelaliklar qayta-qayta orqa chiziqqa uzatmalar tashlab, tezlikka tayanishdi, ammo deyarli har safar bir xil natija: Husanov birinchi bo‘lib yetib keldi, to‘pni oldi, raqibni to‘xtatdi. Ko‘p hollarda hujumchi maydonda qolib ketar, tribunalar esa navbatdagi epizodni qo‘shiqdek qarshi olardi.
Ayrim vaziyatlarda Husanov markaziy himoyachidan kutilmaydigan harakat qildi: u xotirjamlik bilan raqib ustidan pas berib, darhol hujumni boshladi. Bu uning nooddiy futbolchi ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. U shunchaki yaxshi himoyachi emas — u jamoa tempi, ritmi va ishonchini belgilay oladigan darajadagi o‘yinchi. Boshqa terma jamoalarda himoya poydevor bo‘lsa, O‘zbekistonda Husanov — poydevor ham, ramz ham, yuz ham.
O‘yindan so‘ng O‘zbekiston penaltilar seriyasida Venesuelani mag‘lub etib, FIFA Series sovrinini qo‘lga kiritdi. Husanov uchun bu “Manchester Siti” bilan Liga kubogidan keyin bir hafta ichidagi ikkinchi trofey bo‘ldi. U Gabonga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborganiga qaramay, turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu uning hozirgi maqomini to‘liq aks ettiradi. O‘zbekistonda uning kuchini allaqachon bilishardi. Endi esa “Manchester Siti” muxlislari ham uning darajasini anglay boshladi.
Oldinda esa eng katta sinov turibdi.
Bu yozda Abduqodir Husanov butun bir mamlakat umidlarini yelkasida ko‘tarib, jahon chempionatida maydonga tushadi. O‘zbekiston uchun bu tarixiy ilk ishtirok bo‘ladi va barcha diqqat aynan unga qaratilgan. Oxirgi o‘yinlar, uning ishonchi, yetukligi va ta’siriga qaraganda, Husanov bunga tayyor. Va ehtimol, jahon chempionati shunday turnir bo‘ladiki, unda dunyo O‘zbekistonda allaqachon ma’lum haqiqatni anglab yetadi: Abduqodir Husanov — bu shunchaki mamlakatning eng yaxshi futbolchisi emas. Bu allaqachon tarixiy hodisa, — deb yozdi The New York Times nashri.