date

Markaziy Osiyo O‘zbekiston terma jamoasi uchun birlashmoqda...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati final bosqichida ishtirok etish orqali nafaqat o‘zbek futboli, balki butun Markaziy Osiyo futboli tarixida yangi sahifa ochmoqda. Vakillarimiz mintaqa mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib futbol bo‘yicha jahon chempionati final bosqichida maydonga tushadi.

Bu tarixiy voqea faqat O‘zbekistonda emas, qo‘shni davlatlarda ham katta qiziqish va faxr bilan qarshi olinmoqda. Terma jamoamizning mundial sari tashlagan qadamini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va butun Markaziy Osiyo muxlislari ham diqqat bilan kuzatmoqda.

Ayniqsa, O‘zbekiston milliy jamoasining AQSHga yetib borishi va Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportda iliq kutib olinishi katta ta’sir qoldirdi. Marosimda o‘zbekistonliklar bilan birga qozog‘istonlik vatandoshlar ham ishtirok etib, futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatladi.

Amerikada yashayotgan Alma Beketayeva o‘zining Instagram sahifasida O‘zbekiston terma jamoasini tantanali kutib olish jarayonidan video va suratlar e’lon qilib, samimiy hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlari bugungi kunda O‘zbekiston termasining muvaffaqiyati butun mintaqa uchun qanchalik muhim ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

“Amerikada bo‘lgan butun Qozog‘iston, butun Markaziy Osiyo xalqlari — O‘zbekiston uchun muxlislik qilmoqda. Biz sizlar bilan juda faxrlanamiz, sizlar haqiqatan ham zo‘rsizlar”, — deb yozdi u.

Alma Beketayeva xorijda yashagan insonlar xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqinlikni yanada chuqurroq his qilishini ham ta’kidladi. Uning fikricha, O‘zbekistonning har bir g‘alabasi faqat bir mamlakat emas, balki butun Markaziy Osiyo uchun quvonchli voqea bo‘ladi.

“Xorijda ayniqsa bir narsa aniq anglashiladi: xalqlarimiz bir-biriga o‘ylagandan ham yaqinroq. O‘zbekiston g‘alaba qozonsa — butun Markaziy Osiyo xursand bo‘ladi”, — deya qayd etdi u.

Bu so‘zlarda katta ma’no bor. Chunki Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi maydonga tushganda, u faqat o‘z bayrog‘i uchun emas, balki mintaqadagi futbol orzulari uchun ham kurashadi. Bu safar “oq bo‘rilar” ortida nafaqat millionlab o‘zbekistonlik muxlislar, balki butun Markaziy Osiyoning iliq qo‘llab-quvvatlovi ham bor.

Alma Beketayeva o‘z postida futbolchilarimizga minnatdorchilik bildirib, ular mintaqa bayrog‘ini baland ko‘tarayotganini ta’kidladi. Bu esa terma jamoamizga bo‘lgan hurmat va ishonch nafaqat yurt ichida, balki xorijdagi qardosh xalqlar orasida ham kuchli ekanini ko‘rsatadi.

“Sizlar bilan faxrlanamiz, yigitlar. Mintaqamiz bayrog‘ini shunchalik baland ko‘tarayotganingiz uchun rahmat”, — deb yozdi u.

O‘zbekiston milliy jamoasi uchun bu qo‘llab-quvvatlash katta ruhiy kuch bo‘lishi shubhasiz. Chunki mundial — bosim, mas’uliyat va tarixiy imkoniyatlar maydoni. Bunday paytda har bir iliq so‘z, har bir bayroq, har bir qarsak futbolchilarga qo‘shimcha ishonch beradi.

Qisqasi, O‘zbekiston terma jamoasining JCH-2026dagi ishtiroki butun Markaziy Osiyo uchun faxrli voqeaga aylanmoqda. Nyu-Yorkda futbolchilarimizni o‘zbeklar bilan birga qozog‘istonliklar ham qo‘llab-quvvatladi. Bu esa bitta narsani isbotlaydi: O‘zbekiston maydonga chiqsa, butun mintaqa yuragi bir ritmda uradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Markaziy Osiyo O‘zbekiston terma jamoasi uchun birlashmoqda...