date

Kolumbiyaliklar O‘zbekistonni jiddiy raqib sifatida baholadi (video)

Jahon chempionati yaqinlashgani sari O‘zbekiston milliy terma jamoasi atrofidagi qiziqish nafaqat yurtimizda, balki raqib mamlakatlarda ham ortib bormoqda. Xususan, Kolumbiya televideniyesida mahalliy futbol mutaxassislari O‘zbekiston terma jamoasining o‘yin uslubi, kuchli tomonlari va yetakchi futbolchilari haqida atroflicha fikr bildirishdi.

Kolumbiyalik ekspertlar O‘zbekistonni “shunchaki tarix yaratgan va yo‘qotadigan narsasi yo‘q jamoa” sifatida qabul qilish katta xato bo‘lishini ta’kidlashdi. Ularning fikricha, Fabio Kannavaro boshchiligidagi milliy jamoamiz yaxshi tashkillashgan, jamoaviy harakat qiladigan, intensiv futbol namoyish etadigan va so‘nggi yillarda katta evolyutsion o‘sishni boshdan kechirgan terma jamoaga aylangan.

Mutaxassislar ayniqsa Abduqodir Husanovning o‘yiniga alohida to‘xtalishdi. Ular 22 yoshli himoyachini O‘zbekiston mudofaasining asosiy qo‘rg‘oni sifatida baholab, uning tezligi, agressivligi, to‘pni olib qo‘yish mahorati va aniq paslari orqali hujumni boshlab berish qobiliyatini yuqori baholashdi. Kolumbiyaliklar Husanovning APLdagi o‘yinlarini kuzatganini aytib, u ajoyib mavsum o‘tkazganini ham ta’kidlashdi.

Ularning fikricha, O‘zbekiston so‘nggi paytlarda asosan uch himoyachi bilan harakat qilmoqda va Husanov bu tizimda katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqda. Yosh bo‘lishiga qaramay, u himoyadagi xatolarni to‘g‘rilash, sheriklarini sug‘urtalash va maydon markaziga sifatli paslar berish orqali jamoa o‘yiniga katta ta’sir o‘tkazmoqda.

Kolumbiyalik mutaxassislar Eldor Shomurodovni ham xavfli hujumchi sifatida tilga olishdi. Ular Shomurodovning Turkiya Superligasida to‘purarlar qatorida bo‘layotgani oddiy holat emasligini, bu Kolumbiya himoyasi uchun jiddiy signal ekanini aytishdi. Ekspertlar O‘zbekiston faqat himoyada kutib turadigan jamoa emas, aksincha, qanotlardan va markaz orqali tezkor hujumlar tashkil qila oladigan raqib ekanini qayd etishdi.

Shuningdek, ular milliy jamoamizning standart vaziyatlardagi xavfini ham alohida ta’kidlashdi. O‘zbekiston bo‘ydor hujumchilar va havodagi kurashlardan unumli foydalanishi, qisqa paslar orqali hujumni tez tashkil qilishi va raqibning ojiz nuqtalarini topishga urinishi aytildi. Bu jihatlar Kolumbiya uchun jiddiy tayyorgarlik talab qiladigan omillar sifatida ko‘rsatildi.

Mutaxassislar fikricha, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga shunchaki ishtirok etish yoki “sayohat” uchun kelmayapti. Aksincha, ko‘plab futbolchilar uchun bu turnir o‘zini jahon bozorida ko‘rsatish, katta klublar e’tiboriga tushish va milliy futbol salohiyatini namoyish etish uchun ulkan imkoniyat bo‘ladi.

Kolumbiyaliklar yakunda O‘zbekistonni “sirli tulpor” emas, balki aniq reja asosida shakllangan, jamoaviy, intizomli va intensiv futbol ko‘rsatadigan terma jamoa deb atashdi. Ularning fikricha, agar Kolumbiya O‘zbekistonni jiddiy qabul qilmasa, bu ular uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Qisqasi, Kolumbiyada O‘zbekiston terma jamoasiga nisbatan hurmat va ehtiyotkorlik kuchaymoqda. Husanov himoyadagi asosiy xavf, Shomurodov hujumdagi muhim qurol, jamoaviy o‘yin esa milliy termamizning eng katta ustunligi sifatida baholanmoqda. Bu e’tirofning o‘zi ham katta gap: raqiblar endi O‘zbekistonni “debyutant” emas, jiddiy muammo tug‘dira oladigan jamoa sifatida ko‘ra boshladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Kolumbiyaliklar O‘zbekistonni jiddiy raqib sifatida baholadi (video)