“This is fine” memi muallifi KC Green Artisan startapi bilan kelishuvga erishdi

Mashhur “This is fine” memi yaratuvchisi, rassom KC Green oʻz ishidan noqonuniy foydalanganlikda ayblagan Artisan startapi bilan oʻzaro kelishuvga erishganini maʼlum qildi. Nizoga startapning Ava deb nomlangan sunʼiy intellekt yordamchisini reklama qilishda Greenning asaridan foydalangani sabab boʻlgan edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Artisan kompaniyasining avtobus va metrolardagi reklamalarida Greenning taniqli iti olovlar qurshovida tasvirlangan. Biroq undagi anʼanaviy “This is fine” (Hammasi joyida) iborasi oʻrniga “My pipeline is on fire” (Mening quvurlarim yonmoqda) degan yozuv joylashtirilgan va odamlarni “Ava ismli AI-menejerni ishga olishga” chaqirgan.
Shu oy boshida KC Green ijtimoiy tarmoqlarda uning sanʼati “xuddi sunʼiy intellekt oʻgʻirlagandek oʻgʻirlanganini” yozib, oʻz kuzatuvchilarini ushbu reklamalarni koʻrganda ularga zarar yetkazishga (vandalizmga) chaqirgan edi. Rassom TechCrunch nashriga bergan intervyusida komikslar ustida ishlash oʻrniga Amerika sud tizimi bilan vaqt oʻtkazishdan charchaganini bildirgan.
Artisan vakillari esa oʻz navbatida Green va uning ijodiga katta hurmat bilan qarashlarini taʼkidlashdi. Kompaniya asoschisi va bosh direktori Jaspar Carmichael-Jack tomonlar kelishuvga erishganini eʼlon qildi. Greenning tasdiqlashicha, Artisan Nyu-York va San-Fransiskodagi barcha reklamalarni olib tashlagan, rassom esa oʻz navbatida startapga qarshi yozgan dastlabki postini oʻchirib tashlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!