Fermin Lopez Florentino Perezning ayblovlariga javob qaytardi

Barselona yarim himoyachisi Fermin Lopez Real Madrid prezidenti Florentino Perezning kataloniyaliklar bir nechta chempionlik unvonlarini "o‘g‘irlagani" haqidagi shov-shuvli bayonotiga keskin munosabat bildirdi. Perez o‘z chiqishlarida Negreira ishi bilan bog‘liq mojarolarni eslab, Barselona korrupsiyada aybdor ekanligini va uning klubi ko‘plab sovrinlardan mahrum bo‘lganini ta’kidlagan edi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Florentino Perez matbuot anjumanida o‘z davrida atigi yettita chempionlikni qo‘lga kiritganini aytib, qolgan sovrinlar noqonuniy yo‘llar bilan tortib olinganini da’vo qildi. Shuningdek, u joriy mavsumda hakamlarning xatolari tufayli jamoasi 18 ochko yo‘qotganini iddao qilib, maxsus videolavhalar tayyorlaganini ma’lum qildi.
Fermin Lopez esa Que Thi Jugues nashriga bergan intervyusida bu ayblovlarni rad etdi. U Barselonaning oltin davridagi muvaffaqiyatlar Lionel Messi, Andres Iniesta va Xavi Hernandez kabi afsonaviy futbolchilarning mehnati mahsuli ekanligini ta’kidladi. "Perezning so‘zlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, chunki o‘sha vaqtda maydonda Messi, Iniesta va Xavi kabi daholar to‘p surgan edi", — dedi yosh futbolchi.
Ayni damda Fermin o‘zining shaxsiy o‘yiniga e’tibor qaratmoqda. Barselona mavsum yakuniga qadar Real Betis va Valensiya klublariga qarshi bahs olib boradi. Ushbu uchrashuvlar kataloniyaliklar uchun yozgi transfer oynasi oldidan o‘z mavqeini mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!