16-may — o‘zbek futboli uchun unutilmas kun bo‘ldi

16-may sanasi o‘zbek futboli muxlislari uchun yorqin va unutilmas kunlardan biri bo‘lib qoldi. Bir kun ichida bir nechta o‘zbekistonlik futbolchilar va terma jamoalar muhim natijalarga erishib, muxlislarga katta xursandchilik ulashdi.
Avvalo, Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi. Finalda «shaharliklar» «Chelsi»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. O‘zbekistonlik himoyachi hal qiluvchi bahsda asosiy tarkibda maydonga tushib, jamoasining g‘alabasiga o‘z hissasini qo‘shdi. Uchrashuvdan keyin Husanov 6.8 ball bilan baholandi.
Shuningdek, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo Kubogi chorak finalida Koreya Respublikasiga qarshi dramatik bahs o‘tkazdi. Asosiy vaqt 2:2 hisobida tugagan uchrashuvda yoshlarimiz penaltilar seriyasida 5:3 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga chiqdi. Endi jamoamizni keyingi bosqichda Yaponiya terma jamoasi kutib turibdi.
Yevropada to‘p surayotgan futbolchilarimiz ham muxlislarni quvontirishda davom etdi. Turkiya chempionatida Eldor Shomurodov o‘z hisobini gol bilan boyitdi. «Istanbul Bashakshehir» safida harakat qilgan hujumchi raqib darvozasini ishg‘ol qildi va jamoasining muhim g‘alabasiga hissa qo‘shdi.
Abbos Fayzullayev esa ushbu uchrashuvda assist muallifiga aylandi. O‘zbekistonlik yarim himoyachi golli uzatmasi bilan jamoadoshiga imkoniyat yaratib berdi va yana bir bor o‘zining yuqori salohiyatini namoyish etdi.
Shu tariqa, 16-may kuni o‘zbek futboli uchun haqiqiy bayramga aylandi. Yoshlar terma jamoasining tarixiy natijasi, Abduqodir Husanovning Angliya Kubogidagi zafari va legionerlarimizning Yevropa maydonlaridagi samarali harakatlari muxlislarga katta kayfiyat ulashdi