Husanov “Manchester Siti” bilan ikkinchi kubokni qo‘lga kiritdi

Angliya futbolida navbatdagi muhim final bahsi bo‘lib o‘tdi. 16 may kuni mamlakat kubogi uchun hal qiluvchi uchrashuvda "Manchester Siti" va "Chelsi" jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahsda “shaharliklar” minimal — 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, navbatdagi sovrinni qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvning dastlabki bo‘limi har ikki jamoaning faol va tezkor hujumlari ostida o‘tdi. Shunga qaramay, tomonlar hisobni ochishga erisha olmadi. Ikkinchi taymda o‘yin tempi yanada oshdi. 57-daqiqada o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov raqib Mark Kukurelyaga nisbatan qo‘pollik ishlatgani uchun hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
Bellashuvdagi yagona gol 72-daqiqada kiritildi. Erling Holand tomonidan amalga oshirilgan aniq uzatmadan so‘ng Antuan Semenyo darvozani ishg‘ol qildi. Ushbu gol uchrashuv taqdirini hal qilib berdi — qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi.
Final uchrashuvida Abduqodir Husanov to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi va jamoa himoyasida ishonchli o‘yin namoyish etdi. “Sofascore” portali uning harakatlarini 6,7 ball bilan baholadi.
Mazkur sovrin Husanov uchun “Manchester Siti” safidagi ikkinchi kubok bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, u joriy yil 22 aprel kuni "Arsenal" ustidan qozonilgan g‘alaba orqali Angliya Liga kubogini ham qo‘lga kiritgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!