15:23 / 22.06.2017
3 994

O‘zbek futboli. Futbolchi mentalitetga bog‘liqmi?

O‘zbek futboli. Futbolchi mentalitetga bog‘liqmi?
Yaqinda, gazetalardan birida, O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilarining boks bo‘yicha olimpiada chempionlari bilan uchrashuvi to‘g‘risidagi xabarga ko‘zim tushib qoldi. Bu yaxshilik alomati yoki «nimadandir» umidvor bo‘lish.

O‘zgalar tajribasi orqali o‘zlikni anglash – oyoqlar orasidan boshni qashish degan gap. Bitta uchrashuv bilan bokschilarimizdagi ishonch, qati’yat, mahorat yoki g‘olib bo‘lish qobiliyati futbolchilarimizga o‘tib qolmaydi. «G‘alabaga bo‘lgan kobiliyat bizning ich – ichimizda mavjud, biz uni namoyon etishga tayyor bo‘lmaguncha u o‘zini aslo bildirmaydi». G‘olib bo‘lish qobiliyati nafaqat bokschilarimiz yoki futbolchilarimiz, balki har bir insonning ichki tizimida mavjud. Ammo, bu qobiliyatni yuzaga chiqara olish, bu endi – fan. Olimpiya o‘yinlari davomida boks bo‘yicha terma jamoamiz murabbiysi Rahmatjon Ro‘zioxunov murabbiy sifatida «yashadi». Murabbiy, murabbiy sifatida o‘z shogirdiga nima bera olishi mumkin? U o‘z shogirdiga yunalishni, ishonchni va muhabbatini bera oladi. Bu sifatlar Rahmatjon Ro‘zioxunovda mujassam. Bu endi uning «ixtiro»si. U o‘z «ixtiro»si va muvaffaqiyati bilan faxrlansa arziydi.

G‘arblik va sharqlik insonlar nimasi bilan farq qiladi? G‘arb falsafasi moddiylikka asoslangan, sharq esa ma’naviyatga. G‘arbdagi insonlar o‘z shaxsiy manfaati uchun o‘z podshohining ustidan ham mag‘zava ag‘darishi mumkin. G‘arbliklar uchun bu odatiy hol yoki normal holat hisoblanadi. Sharqda esa bu mumkin emas. Agar siz g‘arbdan ehtiyotsizlik qilib «nimanidir» sharqqa tiqishtirmoqchi bo‘lsangiz, sharqdan «tarsaki» eb qolishingiz mumkin. Sharq nozik masala. Sharqda ma’naviyat har qanaqa moddiylikdan ustun turadi. Albatta, istisnolar ham bo‘lib turadi. G‘arb erga intiladi, sharq esa samoga. Bizning ma’naviyatimiz ustun tomonimizmi yoki ojizligimiz. Endi bu masalaga qaysi rakursdan qarashingizga bog‘liq.

Odil Ahmedov tom ma’nodagi sharqlik. Agar u sharqlik bo‘lmaganida allaqachon ingliz primer ligasida javlon urib yurgan bo‘lardi. Odil Ahmedov har doim haq. U har doim juda ko‘plab variantlar ichidan o‘ziga eng ma’qulini tanlaydi. U qanday qilib tanlash imkoniyatini qo‘lga kiritdi? IShONCh. Bu ham Odil Ahmedovning «ixtiro»si. Ishonchni qanday qilib qo‘lga kiritish mumkin? Tayyor javobni hohlaysizmi? Lekin o‘rganishning aynan shunday shakli, ma’lumotlarni tayyor javob shaklida olish odamni qulga aylantiradi. Sizdagi eng qo‘rqinchli xastalik – bu sizdagi mohiyatiga tushunmay, tayyor shaklda olingan bilimlardir. Xo‘p, shunday bo‘lsada pardani bir chetini ozgina ko‘taraman. Ozgina ko‘tardim degani, butkul ko‘tarib tashladim degani emas. Mana u: - Biror bir fikrga, g‘oyaga yoki ma’lumotga nisbatan ishonchni qo‘lga kiritish uchun hech bir inson mas’ul emas. Bizga fikr yoki g‘oyani tanlash imkoniyati berilgan, xolos. Ta-a-nla-a-ash. Tanlash uchungina biz mas’ulmiz.

Beqiyos iqtidor sohibi, hujumchimiz Igor Sergeev ham sharqlik. Sharq tarbiyasini olgan yigit. Lekin, nima uchundir Sergeev o‘zidagi gol urish qobiliyatini yo‘qotib qo‘ydi. Uning gol urish qobiliyati qayoqqa g‘oyib bo‘ldi? U qanaqa qobiliyat bo‘ldiki hohlasa keladigan, hohlamasa juftakni rostlab qoladigan? Igor Sergeev iste’dodli hujumchi. Tabiat in’om etgan iste’dod ham xuddi buloqqa o‘xshaydi. Ammo «kimlardir» bu buloqning ko‘ziga tosh qalab qo‘yishdi. Buloqning ko‘zi bekilib qoldi va… Balkim siz bu kimlar tomonidandir ataylab qilingandir deb, o‘ylarsiz? Yo‘q, bu anglanmagan holda amalga oshirilgan va hech kim buni ataylab qilmagan. Elning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Nima uchun ayrim hujumchilar gol urish qobiliyatini yo‘qotib qo‘yishadi? Buning sabablari qayerda? Tanqid. Tanqidning o‘zi nima? Tanqid – tashabbusni barbod qilib, tasavvur kuchini sindiradi, o‘ziga xoslikni chegaralab tashlaydi, futbolchining o‘ziga nisbatan ishonchidan mahrum qiladi. Va juda ko‘p hollarda unga zarar etkazadi. Shunaqa zarar – ki uni dushmaningga ham ravo ko‘rmaysan. Agar kimdir kimnidir tanqid qilish kerak bo‘lsa, ular bir – biriga chiroyli «guldasta» sovg‘a qilishlari mumkin. Bizda undan etarlicha bor. Siz tanqidni qanday qabul qilasiz? Agar siz tanqidni to‘g‘ri qabul qilaman desangiz, hech qachon ishonmayman. Unda siz sharqlik emassiz. Bizning ma’naviyatimiz or va g‘ururga asoslangan. Biz tanqidni juda og‘ir qabul qilamiz. Agar ozgina tanqidiy elvizak essa ham u bizga tegib ketadi. Ya’ni, salbiy ta’sir doiramizni kuchaytirib yuboradi.

Futbolchilar aziyat chekadigan eng katta ofatlardan bittasi haddan ziyod ta’sirchanlikdir. Bu shunday unumli zaminki, undan quyuq tarzdagi turli muvaffaqiyatsizliklar kelib chiqadi. U shunchalik tutqich bermaski, uning ishtirokini aniqlash juda qiyin kechadi. Aniqroq qilib aytganda, u qo‘rquv sifatida baholanmaydi ham. G‘arblik bilan sharqlik ta’sirlanish darajasi bilan farqlanadi. Ta’sirlanish darajamiz esa bizning mentalitetimizni belgilab beradi. Mentalitet nuqtai nazaridan olib qaraganda Igor Sergeev xaqiqiy sharqlik. Futbolchilarimizning eng ojiz nuqtasi – haddan ziyod ta’sirchanlikdir. Aynan mana shu ojiz jihatimizni biz eng kuchli sifatga, «qimmatbaho dur»ga aylantirishimiz lozim bo‘ladi. Ana shundagina futbolchilarimiz o‘zining eng kuchli jihatlarini ko‘rsata boshlaydi. Sharq – ayyor masala.

Ha aytgancha, Igor Sergeevdagi qobiliyatni to‘laqonli ravishda ishga tushirib yuborish mumkinmi? Bo‘lmasam – chi! Albatta, mumkin. Har bir futbolchining ichki tizimida uni boshqaradigan «mukammal mexanizm» mavjud. Ayrim jabhalarda bu «mukammal mexanizm» o‘zining shakllangan funksiyasini bajarmay qo‘yishi mumkin. «U o‘ta nozik, ozodlikni yaxshi ko‘radi, tutqunlikda ko‘paymaydi. Unga alohida o‘ziga xos ma’naviy iqlim zarur. Agar sizning qalbingizda ozgina bo‘lsa – da xafagarchilik, asabiylik yoki qo‘rquv bo‘lsa, u yashirinadi, ya’ni ishlamaydi». Qaysi «holat»da xudo tomonidan yaratilgan bu «mukammal mexanizm» o‘zining shakllangan funksiyasini mukammal tarzda bajaradi? Bu – sir.

Bir paytlar oddiy murabbiy sifatida Joze Maurino muvaffaqiyatlariga havas qilardim. Bugungi kunda uning «qassob» ekanligini juda yaxshi bilaman. Undan xafsalam pir bo‘lganiga ancha bo‘ldi. Futbolchilar ruhiyati bilan juda qo‘pol tarzda muomala qiladi. U qanchalab futbolchilarning boshiga etdi ekan… Andrey Shevchenkoni bepichoq «so‘ydi». U o‘z iqtidoridan butkul ayrildi. Fernando Torres haligacha futbol maydonida nima qilayotganini tushunib etgani yo‘q. Iker Kasilyas «Portu»ga qochib qutildi. Diego Kosta va Eden Azarlarning ruhan mayib bo‘lishiga oz qoldi. Krishtianuga esa uning «tishi» o‘tmadi.

Qonunchilikda kimdir kimgadir tan jarohati etkazsa, unga jazo choralari qo‘llaniladi. Lekin insonni ruhan mayib – majruh qilganlarga hali mukammal jazo choralari ishlab chiqilmagan. Shuning uchun futbolchilar atrofidagi insonlarning salbiy ta’sirlaridan saqlanish uchun o‘zining ongida immunitet (organizmning tashqi ta’sirlarga qarshi kurashi) devorini qurishi zarur bo‘ladi. Bu esa hozirgi zamon futbolchilarining oldida turgan eng dolzarb masaladir.


Maxmayusuf Berdiev

Manba: www.sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futboli. Futbolchi mentalitetga bog‘liqmi?