
Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy AQSH armiyasi vaziri Deniel Driskoll bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Tramp ma’muriyati taklif qilayotgan yangi tinchlik konsepsiyasi yuzasidan muzokara olib borishga rozi ekanini bildirdi. Bu – Kiyev uchun ham, Vashington uchun ham yangi bosqichning boshlanishi sifatida baholanmoqda.
Axios nashri ma’lumot berishicha, Zelenskiy va Driskoll hujjat «qisqa vaqtda» imzolanishi mumkinligini muhokama qilgan. Ya’ni jarayon shoshilinch tarzda olg‘a siljitilyapti va ikki tomon ham o‘zaro pozitsiyalarni tezda yaqinlashtirishni istamoqda.
Eng muhim jihat – Vashingtonning asosiy talabi. Ma’lum qilinishicha, AQSH Kiyevdan hozir Ukraina nazoratida bo‘lgan ayrim hududlarni Rossiyaga berishni ko‘rib chiqishni so‘rayotgan ekan. Bu talab Zelenskiy tomonidan qat’iy rad etilmagani ham katta e’tiborga sabab bo‘ldi. Ukraina prezidenti uni bir qaror sifatida qabul qilmasdan, muzokara uchun asos sifatida ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan.
Axios manbalariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Ukraina–Rossiya mojarosiga nuqta qo‘yish uchun 28 banddan iborat yangi «katta kelishuv» ustida ishlayapti. Reja doirasida bir qator o‘ta bahsli shartlar ham bor:
– Donbassning Rossiyaga rasman topshirilishi;
– Ukraina armiyasining qisqartirilishi;
– Uzoq masofali zarbalar bera oladigan qurollardan voz kechish;
– Rus tiliga Ukrainada rasmiy maqom berish;
– Xorijiy qo‘shinlarni joylashtirmaslik kafolatlari.
Bu takliflar Ukraina jamiyatida ham, Yevropada ham og‘ir muhokamalarga sabab bo‘lishini bashorat qilish qiyin emas. Shu bilan birga, Vashington bu kelishuv orqali urushni «nazoratli tarzda tugatish» va Yevropadagi xavfsizlik muvozanatini tiklashni ko‘zlayapti.
Zelenskiy esa bu bosqichda barcha takliflarni darhol rad etish yoki qabul qilish o‘rniga, ularni keng formatda muhokama qilishni afzal ko‘rmoqda. Kiyev uchun bu muzokaralar juda ziddiyatli bo‘lishi aniq, biroq Zelenskiyning bu pozitsiyasi diplomatik maydonda yangi dinamika paydo qilgani bilan ahamiyatli.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.