19:01 / 07.07.2019
5 226

Qatar mundial sari olg‘a...yoxud yana JCh-2022 saralashi haqida

Qatar mundial sari olg‘a...yoxud yana JCh-2022 saralashi haqida
JCh-2022 yo‘lidagi kurash boshlanganiga (2019 yil 6 iyundan) ham hech qancha bo‘lmadi. Allaqachon dunyo bo‘ylab 11ta o‘yin o‘ynaldi va 32 ta gol urildi. Qit’amizda saralash joriy yilning 6 iyunida boshlangan bo‘lsa, u 2021 yil 12 oktyabrda o‘z nihoyasiga yetadi.

Xuddi o‘tgan safargi saralash siklida bo‘lgani kabi, dastlab Osiyo qit’asi Qatar mundialidagi kurashni boshlab berdi. Anchadan buyon ta’kidlab kelinayotgan narsa yuz berdi. Osiyoda hamma mamlakatlar deyarli bir paytda saralashga kirishdilar. Oldinlari 46 ta jamoadan 2-3tasi o‘yinni boshlamasdan orqaga tortardi. Keyin kuchli 20 ta jamoa aniqlanardi. U yog‘i g‘ildirakning o‘qidek aylanaverardi.

Endi Osiyoning yetakchi jamoalari oldiga navbatdagi vazifa qo‘yilmoqda: kichiklarga ham futbol o‘ynashni o‘rgatish va Osiyo bo‘ylab futbol taqvimini bir maromga qo‘yib olish (so‘nggi 5 yilda bu vazifa ancha tartibga tushib qolganini ham e’tirof etish kerak). O‘zbekiston terma jamoasi uchun JCh-2022 uchun yo‘l tez orada (2019 yil 5 sentyabrdan) boshlanadi. Milliy terma jamoamiz Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundial yo‘lida kamida 18 ta, agarda talab qilinsa, 22 ta o‘yin o‘tkazishi ham mumkin.

Saralashning 2-raundi qur’asi

2019 yil 17 iyul kuni Malayziyada Osiyo qit’asi uchun JCh-2022 saralashiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbir Kuala-Lumpur shahridagi OFK shtab-kvartirasida o‘tkaziladi.

Unda Osiyo qit’asining 40ta terma jamoasi jami 8ta guruhga ajratiladi. Qur’a jarayonida jamoalar beshta savatchaga ajratiladi. Savatchalar iyun oyidagi FIFA reytingiga qarab belgilanadi. O‘zbekiston terma jamoasi qur’ada ikkinchi savatchadan joy oladi.

17 iyulga qadar ichimiz qizib turgani uchun o‘z taxminimizni amalga oshirgimiz keldi. To‘g‘ri, bu shunchaki, taxmin, xolos. Balki guruhdoshlarimizni topishga juda yaqin kelarmiz. Ko‘pchilikning fikricha, guruhimiz ancha kuchsizdek tuyular. Lekin oldimizdagi vazifa guruhda 1-o‘rinni olish bo‘lganidan raqiblar osonlashib qolmaydi.

Quyida guruhlar tarkiblari va ularga tegishli ayrim faktlar, keyingi bosqichga qaysi jamoalar chiqishi mumkinligiga oid mulohazalar bilan ham o‘rtoqlashamiz.

«A» guruhi: Saudiya Arabistoni, Qirg‘iziston, Bahrayn, Maldiv orollari, Indoneziya.
Ushbu guruhda hammasi ravshan. Saudiya hozirgi kuchi bo‘yicha 1-o‘rinni berib qo‘ymasa kerak. Saudiyaning bosh murabbiy bilan bog‘liq muammolari bor. Ikkinchi o‘rin uchun esa yaxshigina kurash kechadi Yon qo‘shnimiz Qirg‘iziston ayni o‘sish darajasini Bahrayn va Indoneziyaga qarshi safar o‘yinlarida ko‘rsatishi kerak. Indoneziya va Maldiv terma jamoalarining haqiqiy kuchiga baho berishga hozir uncha-muncha futbol mutaxassislari ham qiynaladi.

Bir qarasang, turli xil xalqaro tijorat turnirlarida g‘olib chiqishgan, bir qarasang, dunyoning grand jaomalaridan yirik hisobda yengilishgan. Indoneziyada tijoriy chempionat ochilgan. Xuddi shunday turnir endi Hindistonda ham paydo bo‘ldi. ASEAN mintaqasi vakili Bahrayn­ga qarshi o‘yinlarda bor kuchini ishga solmasa, ijobiy natijadan umid qilmasin.
Taxmin. Guruhdan chiqadi: Saudiya Arabistoni. 2-o‘rin sohibi: Bahrayn.

«B» guruhi: Eron, Livan, Filippin, Gonkong, Singapur.
Eron terma jamoasining qudrati pasayib qolmagan. Karlush Keyrush ketib, uning o‘rniga belgiyalik Mark Vilmots kelgan bo‘lsa ham, jamoa FIFA reytingida kuchli yigirmatalikdan joy olgan. Sardor Azmun, Karim Ansorifard va Mehdi Taremi hujum triosi maydonga bir vaqtning o‘zida tushadigan bo‘lsa, «Persepolis» posboni Alirizo Beyranvandga ish ham qolmasa kerak. 3 iyun sanasida Livan bosh murabbiyi etib tayinlangan ruminiyalik mutaxassis Liviu Chibotariuda terma jamoalar bilan ishlash tajribasi yo‘q. Gonkong 2-o‘rin uchun urinib ko‘rishi ham mumkin.
Taxmin. Guruhdan chiqadi: Eron. 2-o‘rin sohibi: Livan.

«C» guruhi: Yaponiya, Ummon, Tailand, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston.
Ummon - Tailand qarama-qarshiligi ushbu guruh o‘yinlarining eng e’tiborli mezoni bo‘lishi mumkin. Osiyo kubogida Ummon ancha yaxshi taassurot qoldirdi. Ochig‘i, Turkmaniston futbolidan ancha paytgacha bexabar qoldik, oldinlari o‘rtoqlik yoki saralash o‘yinlarida ko‘rishib turardik. Bugungi turkman futboli Tailand futbolidan ustunmi? Bunga faqat turkman futbolchilarining o‘zlari javob bera olishsa kerak. Mo‘g‘uliston so‘nggi bir yil ichida 4ta o‘yinni yutdi, lekin KXDR va Gonkong kabi o‘rtamiyonalarga yirik hisobda yutqazdi.
Taxmin. Guruhdan chiqadi: Yaponiya. 2-o‘rin sohibi: Ummon.

«D» guruhi: Janubiy Koreya, Iordaniya, Tojikiston, Myanma, Shri-Lanka.
Bizningcha, eng tushunarli guruh. Shri-Lanka masalasi sport prinsiplaridan tashqariga chiqib, siyosiy qarorlar ob’ektiga aylandi. Yaqinda mamlakatda bo‘lib o‘tgan portlashlar oqibatida u yerda xalqaro o‘yinlar o‘tkazish so‘roq ostida qolmoqda. FIFA bu holatda o‘yinlarni neytral maydonga ko‘chirish borasida qaror qabul qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Taxmin. Guruhdan chiqadi: Janubiy Koreya. 2-o‘rin sohibi: Iordaniya.

«E» guruhi: Qatar, Vetnam, Falastin, Quvayt, Nepal.
Vetnam Osiyoda futboli shiddat bilan rivojlanayotgan davlatlardan biri. 2018 yil yanvarida 23 yoshlilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finalida aynan ular bilan to‘qnash kelganmiz. Bir so‘z bilan aytganda, raqobatbardosh jamoa. Quvayt esa, mana 10-15 yildirki, avlodlar almashinuvini o‘ta og‘riqli tarzda o‘tkazmoqda. Jamoada g‘oliblik ruhi yetishmaydi, yaqqol yetakchi yo‘q, chempionat bir joyda turibdi.
Taxmin. Guruhdan chiqadi: Qatar. 2-o‘rin sohibi: Vetnam.

«F» guruhi: BAA, O‘zbekiston, Xitoy Taypeyi, Yaman, Bangladesh.
Ochig‘i, kuchsiz, bir paytning o‘zida teng kuchli 3 jamoadan iborat guruh. Chunki BAA va O‘zbekiston uchun bu guruhda raqobat yo‘q. Xitoy Taypeyi bemalol uchinchi o‘rin uchun urinib ko‘rsa bo‘ladi. O‘zbekiston 8 o‘yinning 7tasini bemalol yirik hisobda yakunlashi mumkin. Bert van Marviyk boshchiligidagi BAA esa guruh g‘olibligi uchun urinishi aniq. Abdulrahmon familiyali deyarli barcha futbolchilar terma jamoadan o‘rin olgan holda asosiy xavfni «Al-Jazira»ning 24 yoshli hujumchisi Halfan Muborakdan kutish kerak, nazarimizda. Darvozabon Xolid Eysa ham nazardan chetda qolmasligi lozim.
Taxmin. Guruhdan chiqadi: O‘zbekis­ton. 2-o‘rin sohibi: BAA.

«G» guruhi: Xitoy, Iroq, KXDR, Afg‘oniston, Guam.
Afg‘on futbolini bir ko‘rish niyatimiz bor. Hech bo‘lmasa, ularni o‘rtoqlik o‘yiniga taklif qilish kerak. Qanday qilib 5-6 yil ichida mamlakatda futbol tizimini barpo qilish mumkin? Afg‘onlar buni butun Osiyoga namoyish eta olishdi. Sizga lof, bizga chin, mamlakatdagi telekanallardan biri jahon chempionati translyatsiyasini sotib olib, o‘z mintaqasida tarqatish huquqiga ega bo‘ldi, hatto bu huquqni boshqalarga ijaraga berdi.

2013 yilda FIFAning «Halol o‘yin» sovrini qo‘lga kiritildi, 2014 yilgi Osiyo Chaqiruv kubogida ushbu yurt vakillari yarim finalgacha yetib borishdi. Avstraliyadan keyin Okeaniya mintaqasidan Osiyoga o‘tib olgan Guamga nima bor ekan? Faqat raqiblarini xarajatga tushiradi. Kimda-kim Guamga borib kelgandan so‘ng 4-5 kun ichida yana o‘yinga tushsa, unga havas qilib bo‘lmaydi. O‘yinchilar jismoniy jihatdan keyingi o‘yinga tayyor bo‘lishmaydi. Shuning uchun Xitoy va Iroq kabi jamoalar u yerga ikkinchi emas, uchinchi tarkibini yuborishi lozim.
Taxmin. Guruhdan chiqadi: Iroq. 2-o‘rin sohibi: Xitoy.

«H» guruhi: Avstraliya, Suriya, Hindiston, Malayziya, Kambodja.
Bugungi Avstraliya ikki oydan so‘ng Suriyani bemalol yuta oladimi? Ishonch bilan «ha, bemalol» deydiganlar ancha kamchilik bo‘lsa kerak. Qizig‘i, Avstraliya 2019 yil 15 yanvarda Suriyani 3:2 hisobida yengganidan beri hali sof g‘alaba qozona olmadi. So‘nggi ikki o‘yinda BAA va Janubiy Koreyaga imkoniyat boy berildi. Suriya o‘tgan safar mundial eshigini ocholmasdan qaytganini inobatga olsak, bu jamoa eng yaxshi 2-o‘rin sohibi sifatida bemalol 3-raundga yo‘l oladi. Faqat Suriyagina Avstraliyani o‘z uyida yenga olishi mumkin.
Taxmin. Guruhdan chiqadi: Avstraliya. 2-o‘rin sohibi: Suriya.

Xulosa o‘rnida
Bir qarashda guruhlarda grandlar ajralib qolgandek tuyuladi. Aslida esa qit’a grandlariga ham bunday formatdagi guruhda oson o‘yinlar bo‘lmaydi. Qirg‘iziston, Falastin, Vetnam kabi jamoalar ayni payt istalgan jamoaga qarshi hayot-mamot janglarini o‘tkazishlari mumkin. Iroq, Quvayt va Iordaniya kabi jamoalar bunday guruhlarda bemalol 1-o‘rinni olishlari ehtimoli yo‘g‘ emas.

Bu safargi saralash o‘yinlarida Qatarning ishtiroki bir qator savollarni keltirib chiqarishi mumkin. FIFA va OFK mazkur terma guruh g‘olibi va ikkinchi o‘rin sohibi bo‘lsa, uning jahon chempionati saralashidan qay asosda olinishi va uning o‘rni qay tariqa to‘ldirilishi borasida hali rasmiy bayonot beradilar. Bizningcha, hammasiga 17 iyul kuni oydinlik kiritiladi.

J.BOBOXONOV tayyorladi.

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qatar mundial sari olg‘a...yoxud yana JCh-2022 saralashi haqida