date

O‘zbekiston U-17 mag‘lubiyatiga Osiyodan qanday munosabat bo‘ldi?

O‘zbekiston U-17 mag‘lubiyatiga Osiyodan qanday munosabat bo‘ldi?

Qatarda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati qizg‘in pallaga kirdi. Bu nufuzli musobaqada barcha qit’alardan kelgan 48 mamlakatning yosh iste’dodlari ishtirok etmoqda. Amaldagi Osiyo chempioni bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi esa nafaqat mamlakatimiz, balki butun qit’amiz sharafini himoya qilmoqda.

Islom Ismoilov boshchiligidagi U-17 terma jamoamiz “J” guruhidagi ikkinchi bahsini Irlandiya Respublikasi yoshlariga qarshi o‘tkazdi. Ilk turda irlandlar Panamani 4:1 hisobida yenggan bo‘lsa, o‘zbek yoshlari Paragvay ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Shu bois bu to‘qnashuv ikki guruh peshqadamining hal qiluvchi sinoviga aylandi — g‘olib jamoa keyingi bosqichga muddatidan avval chiqishi aniq edi.

O‘zbekiston jamoasi o‘yinni yuqori ruhda boshladi va ilk bo‘lib hisobni ochdi. 20-daqiqada Abubakr Shukrullayev raqib darvozaboni qaytargan to‘pni aniq zarba bilan to‘rga yo‘llab, jamoamizni oldinga olib chiqdi. Biroq, afsuski, bu ustunlik uzoq davom etmadi.

33-daqiqada irlandiyalik Greydi Makdonnel jamoadoshi Ade Solankeden uzatma olib, himoyachilarimizdan yuqoriga sakrab bosh bilan aniq zarba berdi va hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘limda har ikki jamoa bir necha bor xavfli vaziyat yaratdi. Ammo 75-daqiqada irlandiyalik Maykl Nunen raqib jarima maydonida yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, g‘alaba golini urdi.

O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi daqiqalarda ham kurashni to‘xtatmadi. Mo‘minxon Bahodirxonovda hisobni tenglashtirish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi, ammo uni golga aylantira olmadi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) bu natijani quyidagicha izohladi:

“Qatarda davom etayotgan jahon chempionatida Irlandiyadan 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi pley-off yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritish imkonini boy berdi. Biroq, hali imkoniyat bor. Endilikda o‘zbek yoshlari Panama ustidan g‘alaba qozonish orqali keyingi bosqichga chiqishni kafolatlashi mumkin”, — deb yozdi the-afc.com sayti.

Hozirgi kunda “J” guruhida Irlandiya ikki g‘alaba bilan yetakchilik qilmoqda. O‘zbekiston va Paragvayda 3 tadan ochko bor, Panama esa hali ochko to‘plamadi. Terma jamoamiz endi 11-noyabr kuni Panamaga qarshi hal qiluvchi bahsni o‘tkazadi.

Qatardagi musobaqada shu vaqtgacha Irlandiya, Argentina, Braziliya, Italiya, Portugaliya, Zambiya, Avstriya va AQSH terma jamoalari pley-off bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston yoshlari esa hali maydonda so‘zini aytmagan. Ular uchun keyingi bahs — nafaqat g‘alaba, balki millat sharafi uchun kurash bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston U-17 mag‘lubiyatiga Osiyodan qanday munosabat bo‘ldi?