07:30 / 01.02.2021
1 748

Azizbek Haydarov: "O‘zimni qattiqqo‘l deya olmayman, lekin juda talabchanman"

Azizbek Haydarov: "O‘zimni qattiqqo‘l deya olmayman, lekin juda talabchanman"
O‘FA terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i Azizbek Haydarov bir necha kun oldin saytimizga intervyu bergan edi. Intervyuni video ko‘rinishda e’tiboringizga havola etdik. Lekin ko‘pchilik o‘quvchilarimiz fikrini olib suhbatning matnli shaklini ham chop etishni lozim topdik. Xabaringiz bor, Azizbek Haydarov 2019 yilning futbolchilik faoliyatini yakunlab, O‘FAda ish boshladi. Shu bois suhbatni biroz uzoqdan boshlashga qaror qildik.

- 2019 yilgi mavsumni "Lokomotiv" safida boshlagan edingiz. Hammasi yaxshi ketayotgan bir paytda to‘satdan futbolni yakunlab, boshqa ishga o‘tib ketdingiz. Bunga nima turtki bo‘ldi?
- To‘g‘ri, mavsumning birinchi qismini "temiryo‘lchilar" tarkibida o‘tkazdim. Ravshan Sayfiddinovich Ermatov O‘FAga ishga o‘tganlaridan keyin meni chaqirtirishdi va o‘zbek futbolini ko‘tarish uchun yangi ish taklif qilishdi. Ochig‘i, menga ishonch bildirilgani va sevgan ishim, ya’ni futbolda qolganim uchun xursand bo‘ldim. Faoliyatimni davom ettirish uchun imkoniyatim yetarli edi, ammo yetarlicha o‘ynab bo‘ldim deb o‘yladim.

- O‘tgan bir yarim yil ichida futbolga qarashlaringiz qay darajada o‘zgardi?
- Oldin futbolchi bo‘lganman, bu tamoman boshqa olam. O‘sha paytda futbolga faqat futbolchi sifatida qarar edim. O‘FAda ish boshlaganimdan keyingi vazifam esa futbolga sharoit yaratib berish. Futbol o‘ynagan paytimda erkinroq edim, endi shuni tezroq unutish kerak. Hozir assotsiatsiyada oddiy xodimman, qo‘l ostimdagi xodimlar bilan munosabatim oldingisiga nisbatan o‘zgarishi kerak. To‘g‘risini aytsam, O‘FAga ishga o‘tganimdan keyin futbolni juda ham sog‘indim, qaytgim ham keldi. Hatto bu yerdagi ishimni davom ettirib, faqat o‘yin kunlari borib o‘ynab berishimni so‘ragan jamoalar ham bo‘ldi. Lekin qabul qilmadim, chunki futbolchi sifatida o‘zbek futboliga borimni berib bo‘ldim. Bizga o‘xshagan yoshlar chiqishi uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz.

- O‘FA Terma jamoalar bo‘limi haqida ma’lumot bersangiz...
- Bo‘limimiz O‘FA tarkibidagi eng katta bo‘limlardan hisoblanadi. Tarkibida murabbiylar, tahlilchilar, operatorlar, ayollar futboli, mini-futbolga qaraydigan xodimlar bor. Mening qo‘l ostimda ayni paytda 16 kishi ishlayapti. Murabbiylar 50 kishidan oshadi, ularni hisoblab o‘tirmayman. Hozir terma jamoalar soni ko‘paygan. Bir-birimizga yordamlashib, ishlashda davom etyapmiz.

- O‘zingiz ham terma jamoada o‘ynagansiz, hozir esa rahbarsiz. Ayni paytda futbolchilarga qarab nimalarni his qilasiz?
- Futbolchilarga o‘zim motivatsiya berishga, ko‘zida "olov yoqishga" harakat qilaman. Chunki milliy jamoaga kelganda hamma narsani unutish kerak. Terma jamoa bir yilda 3-4 marta yig‘iladi. Bu yerda barcha muammolarni esdan chiqarish kerak, sababi endi faqat o‘zingiz uchun emas, butun xalq uchun o‘ynaysiz. Bizning avlod faoliyatini tugatyapti. Bizdan keyin kelayotganlar esa mustaqillik davrida tug‘ilgan yigitlar, ularning psixologiyasi, dunyoqarashi boshqacha. Futbolchilar xohlagan barcha narsalarni muhayyo qilishga, yengillik yaratishga harakat qilyapmiz. Sharoitlar oldingidan yaxshilangan. Ular talab qilgan narsalarni tayyor qila olsak, natija talab qilish mumkin.

- Terma jamoalar yil davomida bir nechta yig‘in o‘tkazadi. Yig‘inlar qachon va qayerda bo‘lib o‘tishini murabbiylar hal qiladimi yoki terma jamoalar bo‘limimi?
- Keling, milliy jamoani olaylik. Terma jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov oldimizga kelib nima xohlayotganini aytadi. Murabbiy rejalarini yozib olib, O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev bilan muhokama qilamiz. Chunki terma jamoa yig‘ini milliy chempionat bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmasligi kerak. Keyin bir yillik rejani tuzib, murabbiylar kengashiga taqdim qilamiz. U yerda har bir murabbiy qiladigan ishi haqida ma’lumot beradi va yig‘in tugaganidan keyin qilib bo‘lingan ish haqida ma’lumot beradi. Murabbiylar kengashi yig‘in to‘g‘ri tashkil qilingan-qilinmagani haqida fikrlarini aytishadi. Umumiy xulosalardan kelib chiqib, yakuniy qarorni qabul qilamiz. 2020 yildan bu narsaga jiddiy e’tibor qarata boshladik.

- O‘rtoqlik o‘yinlari uchun raqib topish bilan kim shug‘ullanadi? Xalqaro bo‘limmi yoki terma jamoalar bo‘limi?
- Bu ikkala bo‘lim bajaradigan ish deyarli bir xil. Terma jamoa murabbiylari qayerda, qanday raqib kerakligini aytishadi. Men ularning fikrini olib, xalqaro bo‘limga beraman. Xalqaro bo‘lim vaziyatni o‘rganib javob qaytaradi.

- Milliy terma xalqimizning eng suyukli jamoasi hisoblanadi. Qo‘l ostingizda esa ko‘plab jamoalar bor. Shularning barchasiga bir xil munosabatda bo‘lishga qiynalmaysizmi?
- Yaqinda milliy jamoa boshqa rangli libosda, qolgan terma jamoalar boshqa rangda o‘ynashni taklif qilishdi. Men rad qildim. Hozircha barcha bir xil libosda o‘ynashi kerak. Oldin ayollar futboliga e’tibor sust edi. Hozir shuni kuchaytirdik. Bu haqda men fikr bildirishim to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu savolni futbolchilarning o‘ziga bersangiz, ular oldingi va hozirgi rahbariyat orasidagi farqni aytishlari mumkin.

Mini-futbolga ham yaxshi sharoitlar yaratishga harakat qilyapmiz. Ular Eron va Marokash bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi. Milliy jamoaga kelsak, ular ham kuchli raqiblar bilan o‘ynashini xohlaymiz. Ammo katta futboldagi kuchli raqiblar ko‘p pul so‘raydi. Masalan, Argentina 2 mln yevro, Braziliya 3 mln yevro... Biz ham xohlaymiz, Braziliyani chaqirishni.

O‘tgan yil Eron va Iroq bilan o‘rtoqlik o‘yinlari translyatsiya huquqini sotdik va assotsiatsiya hisobiga kam bo‘lsa ham pul tushdi. Marketing sohasini kuchaytirishimiz kerak. Mahalliy tadbirkorlar "uyg‘onib", futbolni ko‘tarish uchun yordam berishlari lozim. Bu davlatning o‘ziga og‘irlik qiladi.

- Yirik kompaniyalarni homiylikka taklif qilish uchun avvalo ularning futbolga qarashini o‘zgartirishimiz kerak. Bizda natija pasaysa, homiylar futboldan voz kechgisi keladi. Shu fikrga qo‘shilasizmi?
- To‘g‘ri, o‘zbek xalqining tabiatida qiziqqonlik bor. Shu tufayli biz doim hujum qilishni yaxshi ko‘ramiz. Shuning uchun muxlislar bizdan faqat yutuq talab qilishlarini tushunsa bo‘ladi. Lekin ularning fikrini o‘zgartirish futbol atrofidagi kishilar qo‘lida. Ko‘pchilik futbolchilarning maoshini gapiradi, mablag‘ni kamaytirish kerakligini ta’kidlaydi. Ammo futbolchi bo‘lish uchun 15 yil loy kechib ishlash kerakligini hamma ham bilmaydi. Bu oson emas. Shundan keyin futbolchi o‘ziga jamoa topsa topdi, topa olmasa yuraveradi: kasbi ham yo‘q, ishi ham yo‘q.

- Sobiq futbolchilarga pensiya ajratilar ekan deb eshitdik. Shu rostmi?
- Bilmadim, bu haqda eshitmadim. Lekin FIFAda shunday dastur bor. Terma jamoada ko‘p o‘yin o‘tkazgan, faoliyatini tugatganidan keyin qiynalib qolgan futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan. Ularni o‘qitishadi va ish o‘rgatib, o‘zlari ish ham topib berishadi.

- Rahbar sifatida qo‘l ostingizdagi xodimlarga nisbatan qanchalik talabchansiz?
- To‘g‘risini aytsam, yigitlarga talablarimiz ulkan. Birinchi navbatda hurmat talab qilaman. Ish bo‘yicha juda ham talabchanman, lekin ularni o‘rni kelganda juda erkalayman. Buni o‘zlari ham yaxshi biladi.

- Hech stolni mushtlab urgan paytingiz bo‘ladimi?
- Albatta, bu ish paytida bo‘lib turadi. Muhimi, hech kimning dilini og‘ritib qo‘ymaslik. Aytganimdek, talabchanlik yuqori darajada.

- Saytimizdagi kommentlarni o‘qib turasizmi?
- To‘g‘risini aytsam, izohlarni o‘qimayman.

- Bu vaqtning yo‘qligidanmi?
- Yo‘q, vaqt bor. Ammo har xil gaplar bilan o‘zimni chalg‘itgim kelmaydi. Chunki bizda negativ ortib ketgan. Masalan, Germaniya jahon chempionatida guruhda qolib ketganida ularni hech kim tark etmadi. Bizda esa "urib tashlashadi". Hozir nega o‘zingni nemislar bilan tenglashtiryapsan, hali biror marta jahon chempionatiga chiqmagansan deydigan muxlislar topilishi mumkin. Biz shu yo‘lda harakatdamiz.

- Keling, endi muxlislarni qiziqtirayotgan mavzuga to‘xtalamiz. O‘z vaqtida Vadim Abramov qo‘l ostida o‘ynagansiz. Hozir u kishi sizning qo‘l ostingizda ishlayapti. O‘zaro munosabatlar qanday?
- Futbolchiligimda kam gaplashardik. Hozir esa oldin bo‘lmagan mavzularda ham suhbatlashishga majburmiz. O‘zaro muloqot ko‘paygan, ammo hozirgi munosabatlarimiz rasmiy doirada. Futbol o‘ynab yurganimda erkinroq edim, murabbiyga erkalanardik, u kishi o‘yinchilarning otasidek bo‘lardi. Hozir esa pozitsiyamiz o‘zgargan, endi bir-birimizga erkalana olmaymiz.

- Abramov bilan til topishish osonmi?
- Juda ham oson. U kishi bilan gaplashib ko‘rganlar biladi, juda xushchaqchaq va tez chiqishib ketadigan kishi.

- Terma jamoamizning FIFA kunlaridan tashqari yig‘in o‘tkazishiga qanday munosabat bildirasiz?
- Buning yaxshi tomoni bor. Siz e’tibordan chetda qolayotgan futbolchilarni ko‘rib olishingiz mumkin. FIFA kunlarida esa tayangan o‘yinchilar xizmatidan foydalanishga majbursiz, bunda eksperiment qilolmaysiz. Oxirgi marta FIFA kuni qachon bo‘lgandi? O‘tgan yil. Keyingisi shu yil martda bo‘ladi. Martda saralash o‘yinimiz bor. Shu bois tayyorgarlik ko‘rib borgan yaxshi.

- O‘tgan yil barcha terma jamoalar bosh murabbiylari 2021 yildan faqat termada ishlashi shart degan O‘FA qarori chiqdi. Biroq futbol ichida yurganlar sezib turibdi, Vadim Abramov hamon "Bunyodkor"da. Siz bu holatga qanday qaraysiz?
- Bunga ijobiy qaramayman. O‘tgan yil bu masala ko‘p ko‘tarildi. Shu tufayli O‘FA Ijroiya qo‘mitasi terma jamoa murabbiylarining klublarda ishlay olmasligi to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu qaror tasdiqlandi, ommaga xabar berildi. Endi kimgadir imkoniyat berib, o‘z qarorimizga qarshi bora olmaymiz. Aks holda, qarorlar ijrosi ta’minlanmasligi mumkin. Shu tufayli hech bir cheklovni aylanib o‘tish mumkin emas. Siz eshitgan narsani biz ham eshityapmiz. Buni yuristlarimiz, inspeksiyamiz o‘rganyapti. Agar ular to‘g‘ri deb topishsa, Abramovga nisbatan chora ko‘riladi.

- OFK joriy yilda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan 16 hamda 19 yoshgacha bo‘lga futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlarini bekor qildi. O‘zbekiston U-19 va U-16 terma jamoalarining keyingi taqdiri nima bo‘ldi? Ular tarqab ketadimi?
— Yo‘q, tarqalib ketmaydi. Timur Kapadze boshchiligidagi 2001 yillar jamoasi 2024 yilgi Olimpiadada o‘ynaydigan bolalar. Ular ishlashda, tayyorlanishda davom etadi. 2004 yillarning eng yaxshilari 2003 yillar tarkibiga qo‘shiladi. Ularga ham yig‘in tashkil qilib beramiz.

- Ma’lumki, O‘zbekiston 2027 yilgi Osiyo Kubogiga mezbonlik qilish uchun o‘z nomzodini qo‘ygandi, ammo ko‘p o‘tmay qaytarib olindi. Shunga oydinlik kirita olasizmi?
- Bu savolga menda to‘liq javob yo‘q. To‘g‘ri, zayavka berildi. U yerda biz qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar bor edi. So‘rov yuborgan mamlakatlar o‘sha ishlarni bajarib borishi kerak va oxirida mezbonlik bitta davlatga beriladi. O‘ylashimcha, bizga qo‘yilgan minimal talablardan qaysidir bajarilmagan yoki moliyaviy sharoit bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu savolga aniq javobni bilmayman.

- Shu yil o‘tkazilishi kerak bo‘lgan 19 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati mezbonligi bizda qoldi. Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi qit’a birinchiligiga mezbon bo‘lish uchun talabgorlardan bittasimiz.
- Ha, ayollar o‘rtasidagi qita chempionatini qo‘lga kiritsak, mezbon sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri guruh bosqichida ishtirok etamiz. Va buning uchun ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatiga chiqishga imkoniyatimiz yetadi.

- Barcha savollarga javob berganingiz uchun rahmat! O‘FAdagi faoliyatingizga omad yor bo‘lsin.

X.Xoliqov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Azizbek Haydarov: "O‘zimni qattiqqo‘l deya olmayman, lekin juda talabchanman"