SPORTS.uz Qarshining "Nasaf" jamoasi bilan finalda to‘qnash keladigan Bahrayn klubi haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashadi.
Tez orada "ajdarlar" uchun muhim sinov boshlanadi. Jamoa 10 yillik tanaffusdan so‘ng yana OFK kubogi finalida to‘p surmoqda. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlarini oldinda ancha murakkab raqib kutib turibdi. Xo‘sh, "Al-Muharraq" qanday jamoa? Uning plyus va minuslari nimada?
Yetakchi futbolchilari kimlar?
Tan olish lozim, bu borada "Al-Muharraq" "Nasaf"ning avvalgi raqiblaridan farq qiladi. Bahrayn klubi asosini mahalliy futbolchilar tashkil etadi. Shunday bo‘lsa-da, legionerlarsiz arab klublarini tasavvur qilib bo‘ladimi? Tarkibda ikkita xorijlik futbolchi to‘p surmoqda. Ular kim?
Flavio Kariokko
32 yoshli braziliyalik forvard. Baland bo‘yli bo‘lgani uchun standart vaziyatlarda ishonchli harakat qiladi. Karerasi, asosan, Braziliyaning quyi ligalaridagi jamoalarida o‘tgan. Shunga qaramay, uni chetga surib tashlamaslik shart. Flavio "Al-Muharraq" tarkibidagi eng texnikasi kuchli futbolchi, biroq uni jamoa yuragi, deb bo‘lmaydi. Bahrayn futbolining ertasi, deya ta’riflanayotgan Ali Meftah ham markaziy hujumchi. 22 yoshli Mehtah so‘nggi o‘yinlarda Flaviodan ko‘ra faolroq bo‘lishni uddalamoqda.
Moses Atede
Kelib chiqishi nigeriyalik bo‘lgan Moses Bahrayn fuqaroligini olgan. Shu bois, bemalol mahalliy futbolchi sifatida turnir oldidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Flaviodan farqli o‘laroq, Moses jamoaning asosiy figuralaridan biri. Tayanch yarim himoya zonasida harakat qiladi. U nafaqat raqib hujumlarini buzish, balki maydon markazidagi pressingdan chiqib ketishda ham juda faol. Kichik jussali bo‘lishiga qaramay, tezligi va mehnatkashligi kishini hayron qoldiradi.
Sayid Muhammad Abbos
Jamoa sardori va chinakam yetakchisi. "Yaxshi darvozabon - yarim jamoa" atamasi Muhammad Abbosga aytilgandek. Sovuqqon, tajribali, reaksiyasi kuchli va to‘pga chiqishda ishonchli posbon "Nasaf" futbolchilariga muammo tug‘dirishi mumkin. Aslida, "Al-Muharraq"ning finalga qadar yetib kelishidan posbonning xizmatlari ulkan. Abbos ayni damdagi Bahrayn futbolidagi eng "avtoritet" futbolchilardan biri sanaladi. U maydon va kiyinish xonasida jamoadoshlarining ruhiy holatiga javob beruvchi o‘ynovchi murabbiy singari muhim ijrochi.
O‘yin uslubi qanday?
Jamoa bosh murabbiyi Isa Sadon Al-Hamdami bugungi kunning eng aktual sxemasi — 4-2-3-1 ni xush ko‘radi. Bitta sof hujumchi, qanotlardagi erkin yarim himoyachilar va ikkita tayanch yarim himoyachisi. Kam hujumga qo‘shiluvchi ikki qanot himoyachilari va darvozabonga yaqin harakatlanadigan ikki sof markaziy himoyachi. Shu o‘rinda, "Al-Muharraq" murabbiyi Al-Hamdamini alohida e’tirof etish lozim. Butun faoliyatini shu klubda o‘tkazgan mutaxassis shogirdlarining imkoniyatlaridan 100 foiz foydalanib kelmoqda. U targ‘ib etayotgan o‘yin uslubi tomoshabob emas. Hatto, anti-futbol, desa ham bo‘ladi. Ammo bu uslub jamoaga naf keltirayotgani rost.
"Ajdarlar"ning finaldagi raqibi juda ham uyushqoq futbol namoyish etadi. Futbolchilarning texnik salohiyati, tezlik va jismoniy holati a’lo darajada emas, biroq bu bo‘shliqlarni bahraynliklar g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq bilan to‘ldirishga urinadi. Yaqqol ko‘zga tashlanadigan yulduz yo‘q. Jamoa bir necha yillardan beri o‘z tarkibini o‘zgartirgani yo‘q. Futbolchilar bir-birini yaxshi tushuna olgani bois, ichki muhit a’lo darajada. Hamjihatlik, kuchli ishtiyoq va muxlislar yaratgan atmosfera jamoaning "Nasaf"ga qarshi uchrashuvda asosiy quroliga aylanadi.
Jamoaning ojiz nuqtasi bormi?
Birinchi navbatda, "Al-Muharraq" himoyalanishda ko‘plab qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yadi. Markaziy himoyachilar pozitsion himoyalanishda juda bo‘sh. Umuman olganda, klass borasida "Nasaf" finaldagi raqibidan bir bosh baland. Jamoaviy o‘yin, erta pressing, qanotlardagi bosim, chiziqlardagi bog‘lam va boshqa ko‘plab aspektlarda "ajdarlar" raqibdan ancha kuchliroq. Shunchaki, buni isbotlash kerak, xolos.
"Al-Muharraq" — klassik arab jamoasi. Simulyatsiyaga o‘ch, vaqtni cho‘zish uchun hech narsadan tap-tortmaydigan, hakamga bosim o‘tkazishga urinadigan,maqsadga erishish yo‘lida hamma narsaga tayyor. Jamoaning so‘nggi ikki o‘yiniga hakamlar deyarli 15 daqiqa qo‘shib bergani ham bejiz emas. Bahraynliklar hisob ularni qoniqtirsa, avtomatik ravishda tempni tushirib, mayda follarni ko‘paytirib yuboradi.
Agar birinchi bo‘lib to‘p o‘tkazib yuborsa, raqibning o‘yin sxemasi "sochilib" ketadi. Jamoada pala-partishlik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu bois, "Al-Muharraq" gol kiritishdan ko‘ra, uni o‘tkazib yubormaslik uchun ko‘proq harakat qilishi aniq. Jamoa o‘yindagiga qaraganda standart vaziyatlarda xavfliroq.
"Nasaf"ga finalda nima qo‘l kelishi mumkin?
Birinchi navbatda to‘p nazorati. Raqib joriy mavsum OFK kubogida "Nasaf" singari zamonaviy futbol namoyish etadigan jamoa bilan to‘qnash kelganicha yo‘q. Agar ular to‘psiz qoldirilsa, avtomatik ravishda himoyadagi bo‘shliqlar ko‘zga tashlana boshlaydi. "Al-Muharraq"ni erta pressing qiladigan, jismonan kuchli jamoalar qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi. Shu sababli, "ajdarlar" shunchaki har doim ko‘rsatadigan futbolini namoyish etishi g‘alaba uchun kifoya bo‘ladi.
Afsuski, ayrim faktorlar bunga yo‘l qo‘ymasligi mumkin. Birinchi navbatda "Al muharraq stadium"ga yig‘iladigan 20 mingdan ortiq muxlisning bosimi. Finaldagi raqibimiz kuchli emas, ammo juda ayyor. Ular o‘yin davomida ishlatishi mumkin bo‘lgan turli xil hiylalardan ehtiyot bo‘lish, provokatsiyaga uchmaslik, "sovuq" miya bilan qaror chiqarish shart.
Bundan tashqari, "Muharraq" yuqori tempdagi futbolga dosh bera olmaydi. Jamoa futbolchilarini atletlar deb bo‘lmaydi. Jussasi ancha kichik bo‘lgani bois, raqib, asosan, kichik epizodlarda g‘alaba qozonish orqali vaziyat yaratishga urinadi. Aut oldidagi standartlar, uzoq masofadan yo‘llaniladigan zarbalar va tezkor qarshi hujum. O‘yinda ikkinchi raqamli bo‘lib harakat qiladigan jamoalar ishlatadigan omillar "Al-Muharraq" uchun finaldagi asosiy umid.
Qarshiliklar hal qiluvchi bahs oldidan ruhiy bosimni unutishi shart. Bu final o‘yini ekanligi, o‘rtaga tikilgan oltin medallarning salmog‘i, 10 yil avval bu sovrinni qo‘lga kiritganimiz va boshqa-boshqa hayolni chalg‘itadigan narsalar chetga surib tashlanishi kerak. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari finaldagi raqibidan futbol o‘lchovi bilan o‘lchasak, har jabhada kuchli. "Nasaf"ning markazi mobilroq, qanotlar xavfliroq, pozitsion himoyada xatolar kamroq, tarkib yoshroq, uslub zamonaviyroq. Endi, bularni real voqelikka ko‘chirish uchun Manamadagi arenada 90 daqiqa harakat qilish qoldi, xolos. Yaqinlashib kelayotgan final o‘yini oldidan "Nasaf" jamoasi futbolchilariga omad va zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz!
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi