date

Yevropa saralashining yulduz to‘purarlari 2026 yilgi musobaqaga tayyor

Yevropa saralashining yulduz to‘purarlari 2026 yilgi musobaqaga tayyor

2026 yilning yoz faslida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati tarixda ilk bor bir vaqtning o‘zida uch davlat — AQSH, Kanada va Meksikada qabul qilinadi. Bu ulkan musobaqaga tayyorgarlik doirasida Yevropa qit’asidagi saralash bahslari ham o‘z nihoyasiga yetdi va “ko‘hna qit’a”dan mundialda qatnashadigan terma jamoalar aniqlandi.

Yevropadagi saralash bellashuvlari nafaqat yo‘llanmalar marafonida, balki to‘purarlar kurashida ham juda keskin kechdi. Mazkur marafonda eng ko‘p ovoz va e’tiborni o‘zlashtirgan futbolchi Norvegiya terma jamoasi yetakchisi, hozirgi zamon hujumchilarining eng yarqin vakillaridan biri — Erling Xoland bo‘ldi. “Manchester Siti” forvardi bor-yo‘g‘i sakkizta bahsda 16 ta gol urib, yana ikki marotaba golli pas uzatib, raqobatchilarini ortda qoldirdi. Uning statistikasi terma jamoasini mundialga olib chiqqani barobarida, saralashning eng qimmatli to‘purari sifatida qayd etildi.

Holanddan keyingi o‘rinni Niderlandiya terma jamoasi hujumchisi Memfis Depay egalladi. U ham o‘zining tajribasi va gol urish mahoratini yana bir bor isbotlab, sakkiz marotaba to‘p kiritdi va jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatdi. Depay saralash davomida Niderlandiya hujumini tizginlab turgan asosiy figuralardan biri bo‘ldi.

To‘purarlar uchligida Avstriya terma jamoasi forvardi Marko Arnautovich ham joy oldi. Uning hisobida sakkizta gol va bitta samarali pas bor. Arnautovich o‘zining shaxsiy mahoratlari va tajribasi bilan Avstriyani mundialga olib chiqishda muhim rol o‘ynadi.

Angliyaning taniqli hujumchisi Harri Keyn esa raqib darvozalarini sakkiz marta ishg‘ol qilgan bo‘lsa-da, birorta ham assist qayd etmagani bois to‘rtinchi pog‘ona bilan cheklandi. Shunga qaramay, Keyn Angliya hujumidagi asosiy tayanch bo‘lib qolmoqda va uning yuqori samaradorligi mundialda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Kuchli beshlikni Ispaniya terma jamoasi vingeri Mikel Oyarsabal yakunlab berdi. U sakkizta o‘yinda oltita to‘p kiritdi va jamoadoshlariga to‘rt bor samarali vaziyat yaratib berdi. Oyarsabal Ispaniyaning yangilangan tarkibidagi eng faol va ishonchli o‘yinchilardan biri sifatida maydonda o‘z so‘zini ayta oldi.

Yevropa saralash bosqichi yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, kelayotgan jahon chempionatida ishtirok etadigan jamoalar nafaqat taktik jihatdan, balki individual mahorat jihatidan ham juda yuqori saviyada. Xoland, Depay, Keyn, Arnautovich va Oyarsabal kabi yulduzlar mundialda ham katta sahnada hal qiluvchi rol o‘ynashi turgan gap.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Yevropa saralashining yulduz to‘purarlari 2026 yilgi musobaqaga tayyor