12:36 / 10.03.2022
1 716

Mirjalol Qosimov: "Tunlari uxlay olmasdim..."

Mirjalol Qosimov: "Tunlari uxlay olmasdim..."
AGMK jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov "Dangal" loyihasida mehmon bo‘ldi. Deyarli 1 soat davom etgan suhbat davomida, sobiq futbolchi sportdagi karerasiga oid barcha qiziqarli savollarga javob berdi. Videointervyuni tomosha qilmagan kuzatuvchilarimiz uchun intervyuni yozma versiyasini e’tiboringizga havola etamiz.

Siz "Bunyodkor" bilan OCHL yarim finaliga qadar yetib borgansiz. Ammo "Adelaida"ga qarshi bahs oldidan postni Zikoga topshirdingiz. Aytingchi, braziliyalik murabbiy kelishidan xabardormidingiz?
- Yo‘q, umuman kutmagan edim. Bu o‘sha paytdagi rahbarlarning qarori bo‘lgan. To‘g‘risi, tushunmay qolganmiz. Darhaqiqat, o‘sha "Bunyodkor" - futbolimiz tarixidagi eng kuchli jamoalardan biri edi. Juda katta mehnat qilingan. Nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar shtabi ham har bir bahsda 100 foiz kuch bilan harakat qilgan. Bundan tashqari, tarkibimizda kuchli futbolchilar jamlangan edi. Yodimda bor, eski "Chilonzor" stadionida o‘ynaganmiz. Balki menga imkoniyat berilganda, Osiyo chempionlar ligasida g‘alaba qozongan bo‘larmidik?! Bu shunchaki taxmin. Ziko kuchli murabbiy. Ammo u jamoada yangi bo‘lgani bois ichki muhit qanday ekanligini bilmagan. Barchasiga tezda moslashib olish uchun unga vaqt yetmadi. Mashg‘ulot bilan maydondagi futbol boshqa-boshqa narsalar.

25 yil keyin tug‘ilganingizda, futbolchilik faoliyatingiz boshqacha bo‘lgan bo‘larmidi?!
- O‘zimga ham ko‘p aytishadi. 10-15 keyinroq tug‘ilganimda, bilmadim, ammo bu yaratganing irodasi. Hech qachon futbolchilik faoliyatimdan nolimayman. Aksincha, xursand bo‘laman. Har bil olayotgan nafasim o‘zimniki ekanligidan quvonaman. Kareram davomida ulkan turnirlarda g‘alaba qozonganman. Sobiq Sovet terma jamoasidan chaqiruv olish oson bo‘lmagan. Tashqaridan fikr bildirish oson. Biroq futbol maydonda o‘ynaladi.

Futbolimizdagi eng og‘riqli o‘yin sifatida 2006 yilgi JCH saralashi uchun Bahraynga qarshi o‘tkazilgan o‘yinlarni ko‘rsata olasizmi?
- To‘g‘risi, 1:0 dan keyin kim ariza yozganini bilmayman. U yerda nima deb yozilganidan ham xabarim yo‘q. Biz o‘sha uchrashuvni juda yaxshi o‘tkazgandik. To‘g‘ri, hakamning xatosi bo‘ldi. Ortidan bu ham qo‘pol xato bo‘lgan. 1:0 zo‘r hisob edi. Ikki uchrashuvdan iborat pley-off bahslarida bundan qulay hisob yo‘q. Boz ustiga, mehmondagi bahsda ularni asosiy futbolchilari sariq kartochkalari ko‘payib ketgani bois hal qiluvchi bahsda maydonga tusha olmasdi. Biz Bahraynga juda yaxshi kayfiyatda tashrif buyurdik. Muhit a’lo darajada bo‘lgan. Bir kun oldin mashg‘ulotni o‘tab keldik. Lekin bizga o‘yinni 1 oyga qoldirilganini aytishdi. Kartochkalar bekor qilindi. Ularning 26-raqamdagi hujumchisi jarohatdan qutuldi va bizni kichik hisobdagi g‘alabamiz inobatga olinmadi. Natijada, Toshkentdagi o‘yinda ruhiy tushkunlik evaziga 1:1 natijasi qayd etildi. Mehmonda esa 0:0. Afsuski, yana bizga qarshi ishladi hamma narsa.

Terma jamoani boshqarish xorijlik mutaxassislardan ko‘ra, mahalliy murabbiylarga qiyinroqdek. Siz bu bosimni nimada his qilgansiz?
- Birinchi marotaba MTJga kelganimda, vaziyat ancha og‘ir edi. Bu kuchli hayajon. Ikkinchi bor jamoani boshqarganimda, ancha yaxshiroq natija ko‘rsatdik. Livan bilan durangdan keyin Qatarni yutdik, Koreya bilan bahsda g‘alabani qo‘ldan chiqardik, Erondan 3 ochko oldik. Jahon chempionatiga yaqinlashganingiz sari emotsiya ortib boradi. Buni tushuntirib berish qiyin. Buni so‘z bilan tasvirlash qiyin. O‘yinlarga yaqin qolganda, uyqu qochib ketardi. Boshqachasiga tunda uxlab bo‘lmasdi. Miyangizda o‘yin haqidagi hayollar aylanaveradi. Bu o‘yinlardan so‘ng sochlarim ham oqarib ketdi.

Negadir so‘nggi paytlarda futbolimizda kuchli yarim himoyachilar yetishib chiqmayotgandek tuyulmoqda?
- Nafaqat markazdagi, balki boshqa zonalarda to‘p suruvchi kuchli futbolchilar kamayib ketmoqda. Eron futbolini olaylik. Hozir ular bemalol teng kuchli 3 ta jamoa tuzishi mumkin. Bizda esa bitta futbolchi safdan chiqsa, o‘rnini kim bilan to‘ldirish haqida bosh qotirishga to‘g‘ri keladi.

Bu nima bilan bog‘liq deb o‘ylaysiz?
- Afsuski, ota-onalarni yosh futbolchilarga ta’siri kattalashib bormoqda. Farzandini mutaxassisga topshirgach, uni ishiga aralashmaslik kerak. O‘yinlar bo‘ladigan kuni ota-onalar stadion atrofini o‘rab oladi. Turli kasb egalari bo‘lishiga qaramay, ular o‘yin davomida murabbiydan ko‘proq ko‘rsatma beradi. Bizni davrimizda, ota-onalarimiz stadiondan uzoqroq joyda o‘yinimizni tomosha qilishar, hech narsaga aralashmay, yana ortga qaytib ketar edi. Dadam futbolga olib borgach, hech qachon meni yetaklab, mashg‘ulotlarga olib bormaganlar. Bugungi bolalarni mashinada olib kelib, mashinada olib ketishadi. Biz avtobusda shaharning u burchagidan, bu burchagiga qatnaganmiz. Pulimiz yo‘q paytlari piyoda yurishga to‘g‘ri kelgan. Hozir hammasi oson bo‘lib ketgan. Futbolchi bo‘lishni istagan yoshlar tinmay mehnat qilishi kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: "Tunlari uxlay olmasdim..."