OnePlus smartfonlar uchun OxygenOS 16 yangilanishini qayta tikladi

OnePlus kompaniyasi bir necha kunlik tanaffusdan soʻng OxygenOS 16 (16.0.7 va 16.0.5 versiyalari) yangilanishlarini tarqatishni qaytadan boshladi. Avvalroq, foydalanuvchilar smartfonlarning oʻz-oʻzidan qayta yuklanishi (bootloop) va tizimga kira olmaslik muammolari haqida xabar berishganidan soʻng, dasturiy taʼminotni yuklab olish toʻxtatilgan edi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kompaniya mutaxassislari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida 16.0.7.xxx va 16.0.5.xxx versiyalaridagi nosozliklar aniqlanib, toʻliq bartaraf etildi. OnePlus vakillarining taʼkidlashicha, ichki monitoring jarayonida hali foydalanuvchilarga yetib bormagan yigʻilmalardan birida noodatiy xatolik aniqlangan va ehtiyot chorasi sifatida butun jarayon vaqtincha toʻxtatilgan.
OnePlus qurilmalar barqarorligi va foydalanuvchi tajribasiga jiddiy yondashishini maʼlum qildi. Sinovlar yakuniga koʻra, tashqi foydalanuvchilarning qurilmalariga hech qanday salbiy taʼsir koʻrsatilmagani tasdiqlandi.
Hozirda yangilanishni oʻrnatib boʻlgan foydalanuvchilar oʻz smartfonlaridan odatdagidek va hech qanday xavotirsiz foydalanishni davom ettirishlari mumkin. Kompaniya barcha xavfsizlik choralarini koʻrgan holda yangilanishni global miqyosda tarqatishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!