Tarixiy kadrlar: Starship koinotda ilk bor Starlink orqali suratga olindi

Starship koinot kemasining 12-parvozida foydali yukni joylashtirish boʻyicha muhim missiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Qurilma 20 ta Starlink sunʼiy yoʻldosh simulyatorlarini hamda suratga olish uchun maxsus moslashtirilgan ikkita modifikatsiyalangan Starlink sunʼiy yoʻldoshini orbitaga chiqardi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Starship bilan bir xil suborbital trayektoriya boʻylab harakatlangan ushbu maxsus sunʼiy yoʻldoshlar tarixda ilk bor koinotdagi kemaning yuqori sifatli suratlarini muhrladi va yerga uzatdi. SpaceX tomonidan eʼlon qilingan tasvirlarda Starship kemasining vaznsizlik holatida, Yer foni aks etgan betakror koʻrinishi namoyon boʻlgan.
Ushbu voqea texnologik jihatdan tarixiy lahza hisoblanadi. SpaceX nafaqat yuk chiqarish tizimini sinovdan oʻtkazdi, balki kemaning koinotdan olingan noyob kadrlariga ham ega boʻldi. Sunʼiy yoʻldoshlar kema 26 000 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanayotgan vaqtda, 144 km balandlikda qoʻyib yuborilgan.
Mazkur parvozdan olingan maʼlumotlar kelajakdagi operatsion missiyalarga, jumladan, keyingi avlodga mansub yuzlab haqiqiy Starlink sunʼiy yoʻldoshlarini uchirishga tayyorgarlik koʻrishda yordam beradi. Avvalroq ushbu parvoz umumiy hisobda muvaffaqiyatli oʻtgani, biroq ayrim texnik qiyinchiliklar kuzatilgani haqida xabar berilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!