Starshipʻning yangi avlod issiqlik himoyasi 100 foizlik natija koʻrsatdi

SpaceX rahbari Elon Musk navbatdagi sinov parvozidan soʻng Starship kosmik kemasining issiqlikdan himoya qatlami holatiga izoh berdi. Tarmoq foydalanuvchilari atmosferaga kirishdan keyin himoya plitalarining gʻayritabiiy darajada yaxshi saqlanib qolganiga eʼtibor qaratishdi. Mookafish foydalanuvchisi ushbu holatni qayd etib, bu qaytib kelgan kemalar orasidagi eng toza ekran ekanini taʼkidladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Elon Musk ushbu xabarni oʻz sahifasiga joylab, qisqacha qilib: «Birorta ham kuygan joy yoʻq. Himoya bardosh berdi», — deya javob qaytardi. Starship issiqlik himoyasi plitalari kemaning koʻp marta foydalanish tizimidagi eng muhim elementlardan biri hisoblanadi. Atmosferaga qayta kirish vaqtida apparat sirti ekstremal darajadagi qizishga duch keladi va ekranning har qanday shikastlanishi kemaning yoʻq qilinishiga olib kelishi mumkin.
12-parvoz SpaceX kompaniyasi Starship issiqlik himoyasi tizimini takomillashtirishda ulkan muvaffaqiyatga erishganini tasdiqladi. Avvalroq Starship barcha 20 ta Starlink sunʼiy yoʻldosh simulyatorlarini hamda tasvirga olish uchun maxsus moslashtirilgan ikkita modifikatsiyalangan Starlink sunʼiy yoʻldoshini orbitaga chiqargani xabar qilingan edi.
Eslatib oʻtamiz, SpaceX 12-parvoz davomida yangi rekord oʻrnatdi. Raketa orbitaga taxminan 45 tonna ogʻirlikdagi Starlink mass-simulyatorlarini olib chiqdi. Hozirda Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) ushbu parvozdan keyin biron-bir hodisa yuzasidan tekshiruv oʻtkazish zarurligi borasida yakuniy qaror qabul qilmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!