Gʻijduvon kulolchilik buyumlari geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatga olindi

Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumaniga xos boʻlgan “Gʻijduvon kulolchilik buyumlari” geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Gʻijduvon kulolchilik maktabi asrlar davomida shakllangan noyob anʼanalari, tabiiy xomashyolardan foydalanishga asoslangan ishlab chiqarish texnologiyasi hamda oʻziga xos naqsh va bezak uslublari bilan ajralib turadi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.
Mazkur kulolchilik yoʻnalishida 60 ga yaqin mahsulot turlari hamda 300 dan ortiq barqaror naqsh kompozitsiyalari avloddan-avlodga oʻtib kelmoqda. Kulolchilik buyumlarini tayyorlashda mahalliy sof tuproq, rangli gillar, tabiiy boʻyoqlar va ishqor siri kabi tabiiy xomashyolardan foydalaniladi.
Buyumlarning och yashil, jigarrang va koʻk rang uygʻunligi, shuningdek, «Mehrobi», «Parragul», «Madohil», «Loʻndagul», “Guli bodom” va «Lolagul» kabi anʼanaviy naqshlari ushbu maktabning oʻziga xosligini namoyon etadi. Shuningdek, Gʻijduvon kulolchilik anʼanalarini uch asrlik tarixga ega Narzullayevlar sulolasi vakillari bugungi kungacha davom ettirib kelmoqda.
Geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi mazkur mahsulot nomi, uning tarixiy anʼanalari va tayyorlash texnologiyasining huquqiy himoyasini taʼminlaydi. Bu jarayon milliy hunarmandchilik brendini xalqaro miqyosda targʻib qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!