O‘zbekiston Senati sudga murojaat qilish tartibini soddalashtirdi

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida fuqarolar va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilishni yengillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilindi. Mazkur hujjat Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga muhim o‘zgartirishlarni nazarda tutadi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.
Qonundagi eng asosiy yangiliklardan biri — eksterritorial sudlov tartibining joriy etilishidir. Endilikda fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlari istagan hududdagi tegishli sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ma’muriy sudlarda “dastlabki eshituv” instituti joriy etilib, bu sud ishlarini ko‘rish sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Hujjatda davlat organlarining mas’uliyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, davlat organi mansabdor shaxsining sud majlisida ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, “ishonchning huquqiy himoyasi” prinsipi mustahkamlanmoqda: endilikda davlat organining xatosi uchun tadbirkor emas, balki o‘sha organning o‘zi javobgar bo‘ladi.
Iqtisodiy sudlar tizimi ham maqbullashtirilib, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari o‘rniga tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etilmoqda. Senat a’zolarining ta’kidlashicha, ushbu qonun investitsiya muhitini yaxshilash, korrupsion omillarni kamaytirish hamda inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!