O‘zbekiston Senati elektron tijorat bo‘yicha yangi QQS qoidalarini ma’qulladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 15-yalpi majlisida senatorlar elektron tijorat sohasini tartibga solishga qaratilgan qonunni muhokama qildilar. Ushbu hujjat raqamli texnologiyalar rivojlanayotgan davrda sohada adolatli raqobat muhitini yaratish va ishtirokchilarning huquqlarini himoya qilishni ko‘zda tutadi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.
Qonun bilan Soliq kodeksi hamda “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunga muhim o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, transchegaraviy elektron tijorat, raqamli mahsulotlar eksporti va importi hamda to‘lovlarni amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlari huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda.
Yangi qoidalarga ko‘ra, elektron tijorat operatorlari uchun iste’molchilar oldida subsidiar javobgarlik belgilanmoqda. Bu sotuvchi o‘z majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda, iste’molchi huquqlarini himoya qilish va xavfsiz onlayn savdoni ta’minlashga xizmat qiladi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu chora-tadbirlar mahalliy va xorijiy sotuvchilar o‘rtasida teng raqobat sharoitini yaratadi. Shuningdek, mahalliy platformalarni soliq agentlari sifatida jalb etish orqali soliq tushumlari barqarorligini ta’minlash va xalqaro standartlarga moslashish ko‘zda tutilgan.
Muhokamalar yakunida senatorlar mazkur qonunni ma’qulladilar. Hujjat elektron savdo bozorida shaffoflikni oshirish va sohani yanada rivojlantirish uchun huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!