Tuya go‘shti yegan «Breksit» (2-maqola)

  • 14 sentyabr 2019, 14:10
  • 724
  • Dunyo
  • Tuya go‘shti yegan «Breksit» (2-maqola)
    Foto: slate.com
    «Tumanli Albion»ning Yevropa Ittifoqidan ajralish jarayonini uzoq vaqtdan buyon butun dunyo diqqat bilan kuzatib turibdi. Ammo u uch yildan ortiq davr mobaynida cho‘zilgandan cho‘zilib, boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Bir paytlar dunyoning yarmini idora qilgan eng qudratli davlat endilikda xalqaro ahamiyatga bog‘liq bitta muhimni qarorni ham qabul qilib-qilolmay o‘tiribdi.

    Boshlanishi: Tuya go‘shti yegan «Breksit» (1-maqola)

    Millionerlar qochmoqda....
    Yevropa Ittifoqi ma’murlari muzokaralar boshida rasmiy London moliyaviy majburiyatlarni bajarishi uchun Bryusselga 100 milliard yevro to‘lab qo‘yishi kerakligi haqidagi shart qo‘ygan edi. Muzokaralarning bir necha davrasidan keyin bu miqdor 39 milliard yevrogacha tushirildi.

    Endi esa bosh vazir Jonson bir funt ham to‘lash niyati yo‘qligini aytmoqda.

    Britaniya 1992 yil 7 fevralda Maastrix shartnomasini imzolagan YeIning 12 ta asoschi mamlakatidan biridir. Endi esa Britaniya har qanday holatda ham YeIdan chiqmoqchi. London Breksitdan chiqish uchun 2,6 milliard funt sterling ajratgan, 2020 yilda esa 2,1 milliard funt sterling yo‘naltirmoqchi.

    Chiqishning siyosiy zarari mamlakatni bo‘linishiga olib kelishi mumkin. Masalan, 2014 yili Shotlandiya Britaniyadan ajralib chiqish uchun referendum o‘tkazgan va ammo 5 foizlik farq bilan tarkibda qolgan edi. Besh yil ichida mustaqillik tarafdorlari asta-sekin ortib bormoqda.

    Yevropa Ittifoqi tarkibida qolish niyatida bo‘lgan Shotlandiya uchun Britaniyaning qarori ayni muddao – yaxshi bahona bo‘ladi. Demak, London oldiga endi «Markaz-mintaqalar» o‘zaro hamkorligini ta’minlash masalasi kun tartibiga chiqadi.

    Shotlandiya milliy partiyasi yetakchisi Nikola Styorjen xonimning aytishicha, u Britaniya Ittifoqdan chiqib ketishi bilanoq mintaqaning mustaqillik bo‘yicha yangi referendumini 2020 yilda o‘tkazmoqchi.

    Yana bir muammo Yevropa Ittifoqida qoladigan oroldagi mustaqil Irlandiya va Britaniya tarkibidagi Shimoliy Irlandiya o‘rtasidagi chegara nazoratini o‘rnatish yoki o‘rnatmaslik ustida bormoqda. Eng nizoli band shu bo‘lib turibdi.

    Hozir bu chegara shaffof. Irlandlar bir millat lekin ikki diniy e’tiqodga mansubligi vajidan ikkita davlatda bo‘linib yashashmoqda. Ular uzoq vaqt mustaqillik uchun qonli urush olib borishgan edi.

    Jonson Bryusseldan avval kelishilgan «bekstop» yoki irlandcha sug‘urta deb atalgan rejani u bekor qildi. Unga ko‘ra Shimoliy Irlandiya Buyuk Britaniyaning tarkibiy qismi sifatida YeIning Bojxona Ittifoqida qolishi ko‘zda tutilgan edi. London va Bryussel Shimoliy Irlandiya va Irlandiya o‘rtasida to‘laqonli chegarani qurishga qaraganda maqbulroq qarorga kelmaguncha shunday qulay tartib saqlanb qolinishi belgilangan edi. Aslida chegaraning yo‘qligi – 1998 yildagi kelishuvning muhim qismi bo‘lib, mamlakatning ushbu qismida 30 yillik qon to‘kilishi va terrorizmga nuqta qo‘ygan edi.

    Foto: ft.com
    «Shin Feyn» Irlandiya millatchilar partiyasi yetakchisi Meri Lu Makdonald ishonch bildirishicha, bu bilan tinchlik kelishuvi ham yakuniga yetadi. Bu irlandlarning markaziy hukumatga nisbatan noroziligini kuchaytirmoqda. Shimoliy Irlandiyada xavfsizlikni ta’minlash, ayirmachilikka qarshi kurashish uchun Buyuk Britaniya kabi ko‘proq xarajat qilishiga to‘g‘ri kelmoqda.

    Irlandiya bosh vaziri Leo Varadkarning aytishicha, «Biz har qanday amaliy taklifni eshitishga tayyormiz, ammo faqat va’da bilan yuridik kafolatni almashtirishga rozi bo‘lmaymiz».

    O‘rta Yer dengizi qirg‘og‘idagi Gibraltar bosh vaziri Fabian Pikardo esa agar Britaniya YeIdan chiqsa, u Ispaniyaga qo‘shilishi bilan ogohlatirdi.

    Iqtisodiy yo‘qotishlar ham kam emas. Funt sterling kursi oxirgi oyda dollar va yevroga nisbatan 0,6 foizga tushib ketdi. Chakana savdo sotuvlari oxirgi 36 yilda eng past ko‘rsatkichga – 49 foizga tushib ketdi. Aholining xarid quvvati pasayishini ekspertlar birinchi galda «breksit» bilan bog‘liq noaniq vaziyat bilan izohlamoqda.

    2016 yil 23 iyunda o‘tkazilgan referendumdan keyin avtosanoatga sarmoyalar va yangi loyihalarga ularni kiritish hajmi 80 foizga qisqardi.

    2019 yilning birinchi yarim yilligida mamlakatda 667 ming avtomobil ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 20,1 foiz kamdir.

    «Ford» va «Honda» kompaniyalari Britaniyadagi korxonalarini yopishini e’lon qildi. «Peugeot» va «Sitroen»ni birlashtirgan «PSA» guruhi o‘z o‘ylab chiqarishini Liverpuldan Yevropa janubiga ko‘chirmoqchi. BMV rahbariyati ham juda bezovta va boshi qotmoqda.

    Ishlab chiqarish faoliyati 2013 yil fevraldan buyon eng quyi darajaga tushib qolgan. 2015 yilda Britaniyaning YeIga mahsulot va xizmat eksporti 223 milliard funt sterling edi. Jonson rejasi amalga oshsa, Britaniya bojxona to‘lovlari uchun 65 milliard yevro miqdorida yillik qo‘shimcha xarajatlar qilishga majbur bo‘ladi.

    Birgina La-Mansh tunneli orqali chegaradan yiliga 5 million yuk avtomobili qatnaydi. Agar «aqlli chegara», avvaldan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish tizimlari yaratilmasa, bo‘g‘ozning har ikki tomonidagi tadbirkorlar uchun ham biznesni olib borish qiyinlashadi.

    Fermerlar milliy ittifoqi ogohlantirishicha, importga bo‘lajak tekshiruvlar qo‘ylarning ommaviy qirilib ketishiga olib keladi. Oxirgi ikki yilda Breksit, yuqori soliq va siyosiy beqarorlik sababli mamlakatni 7 ming nafar millioner tark etdi.

    Inglizlar «Breksit» bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, jumladan bojxona va boshqa nazorat organlarini yaratish uchun 16 ming davlat xizmatchilarini tayyorlash kerak. Shu va boshqa xarajatlar soliq to‘lovchilarga 4 milliard funt sterlingga tushadi.

    Britaniyadagi turar joylar umumiy qiymati 7 trillion funtdan ortadi va mamlakatning asosiy boyligi, aholiga mo‘may daromad keltiruvchi sohalardan biri edi. Ammo narxlar o‘sishi oxirgi uch yilda ikki barobar sekinlashdi.

    Umuman olganda britaniyaliklar referedumdan keyingi yildan boshlab ilk bora ishlab topganlariga ko‘ra sarf qilayotgan xarajatlari ko‘proq bo‘ldi, bu jarlik har bir oyida byudjetida 900 futn sterlingni, mamlakat bo‘yicha yiliga 25 milliard funtni tashkil qilayapti. Aholi banklardan ko‘proq kredit olishga majbur bo‘layapti.

    O‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, 56 foiz inglizlar YeI tarkibida qolishni istamoqda. Yevropa Ittifoqi amaldorlari ham konservatorlar davri tezroq tugashini, ularning ajralish g‘oyasini qabrga qo‘yishni, Breksitni to‘liq bekor qilishni orzu qilmoqda.

    Bryusselning xavotiri o‘rinli...
    Tartibsiz chiqib ketishdan Yevropa kam zarar ko‘rmaydi. Boshqa tomondan Yevropa yetakchilari ham bu muammodan boshlari og‘rib, charchab ham bo‘lishdi. Britaniya qanday bo‘lsa ham chiqib ketsa bo‘ldi, degan kayfiyatdagi siyosatchilar ham ko‘paymoqda.

    Bryusseldagi ayrim amaldorlar esa uzoq cho‘zilib ketgan va hali qachon hal etilishi noaniq masala bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bermaslik niyatida va alohida masalalar bo‘yicha muhokama o‘tkazishdan voz kechgan.

    Eng qiyini, savdo hamkorligi bo‘yicha YeIning turli mamlakatlari bilan kelishish bo‘yicha qonunchilik ishlari nihoyatda og‘ir va davomli kechadi. YeI mamlakatlarida ishlovchi inglizlar va o‘z navbatida Britaniyadan yevropalik kompaniyalarining chiqib ketishi ikki tomonlama ulkan investitsiyaning yo‘qolishiga olib keladi.

    Ayrim ekspertlar ishonchiga ko‘ra, London baribir ko‘plab moliya xizmatlarini amalga oshiruvchi markaz bo‘lib qolaveradi. Lekin nima bo‘lganda ham tomonlar muzokaralar stolida o‘tirib, yangi bojxona kelishuvini ishlab chiqishi zarur.

    Kompaniyalar va fuqarolar transport tashuvlari barcha turlari bo‘yicha muammolarga to‘qnash keladi. YeI mamlakatlari baliq ovini kvotalash tizimidan Britaniya chiqishidan 650 million dollarlik aziyat chekadi. Masalan, Belgiya baliqchilik floti Britaniya hududiy suvlariga 50 foiz qaram. Niderlandiya ham oz zarar ko‘rmaydi.

    Fransiya esa asosiy vazifa kelgusida ikki davlat chegarasida turnaqator navbatni maksimal darajada kamaytirish, bojxona organlarini to‘xtovsiz ishlashi haqida o‘ylamoqda.

    Fransiya tashqi ishlar vaziri yana muddatni cho‘zish haqida norizo ohangda «Biz har uch oyda bu ish bilan qayta-qayta shug‘ullana olmaymiz-ku», deb ta’kidladi.

    «Qattiq Breksit – Yevropa uchun ham, Britaniyaning o‘zi uchun yomon yomon g‘oya, - deydi vengeriyalik demokrat Shandor Ronay. – Boris Jonson – o‘z mamlakatiga va bizning Yevropa uyimizga ulkan ziyon yetkazayotgan mas’uliyatsiz siyosatchidir».

    Ittifoq ma’murlari Britaniyani qo‘ldan chiqarishni istamasligi tagida katta moliyaviy manfaat yotadi. Chunki u eng yirik donorlardan bo‘lib, 2018 yilda Ittifoq byudjetiga 13 milliard funt sterling o‘tkazib bergan edi. Bu YeI byudjetining oltidan bir qismi demakdir. Ayni vaqtda dotatsiya va grantlar sifatida 4 milliard funt yordam olgan.

    Qolaversa, bu yerda 3 million nafar yevropaliklar o‘z ish o‘rinlariga ega. Yuz minglab Latviya, Litva, Estoniya, Polshaning fuqarolari bu yerda mehnat migrantlari sifatida umrguzaronlik qilmoqda va o‘z yurtiga katta hajmda pul o‘tkazmalarini amalga oshirayapti.

    Chiqish jarayoni boshlangach, YeI fuqarolarining Britaniyada erkin harakat qilish huquqi bekor qilinadi.

    Foto: iz.ru
    Unda kimga foyda?
    Britaniyada Yetakchi bir siyosiy partiya o‘zining tor manfaatlarini ko‘zlab, umumning foydasini ko‘zlamasligi shunday tashvishli kunlarga olib keldi.
    Yevropa Ittifoqining kuchli iqtisodiy birlashma va siyosiy tuzilma sifatida kuchayib ketishini istamaydigan, ular o‘rtasida ziddiyat urug‘ini sepadigan AQSh kabi tashqi kuchlarning Britaniya boshqaruvchi elitaga haddan tashqari ta’siri ham hal qiluvchi o‘rin tutayotgani sir emas.

    Bu salbiy urinishlar YeIga hali to‘liq integratsiya bo‘lmagan davlatlar ham, undagi yangi va eski a’zolar xalqlarini va hukumatlarini ham ikkilantirib, tuzilma haqida jiddiyroq o‘ylab ko‘rishga undamoqda.

    Ammo Britaniyaning YeI tarkibidagi qandaydir o‘rtamiyona o‘yinchi emas, balki dunyo miqyosida qudratli kuch markazi, kelgusida asosiy ittifoqchisi – AQSh bilan erkin savdo bitimini imzolab, o‘zining buyuk o‘tmishiga tayanib, yana shon-shuhratini qaytarishga intilishini tushunsa ham bo‘ladi.

    Chunki London YeIda asosiy o‘yinchilar Germaniya va Fransiya undan o‘zib ketayotganiga chiday olmaydi. AQSh ham Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘zining siyosiy, iqtisodiy va harbiy ta’siriga tushira olgan Yevropada bugun o‘ziga raqobatdosh iqtisodiy gigantning paydo bo‘lishidan manfaatdor emas. NATO uni hozircha jilovini tutib turishning eng samarali vositasi. Biroq iqtisodiy baquvvat bo‘lib olgan YeI asta-sekin Vashingtonning yo‘riqlariga yurmay boshlayotgani ham haqiqat.

    Yaqinda AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens kutilmaganda Londonga kelib, parlament va bosh vazir o‘rtasidagi ziddiyatda aynan Jonsonni qo‘llab-quvvatlagani ko‘p narsadan dalolat beradi:

    «Kimsan, Britaniyaga uning ichki ishlarini qanday hal qilish kerakligini o‘rganish kerak emas. Britaniyaliklar – tarixda katta imperiya tuzgan va fashistlar tahdidiga qarshi yakka o‘zi bir yildan ortiq vaqt kurashgan xalqdir. Insoniyat taraqqiyoti va madaniyatiga hammadan ko‘ra ko‘proq ko‘mak bergan xalqqa tarixning ushbu murakkab davrida qanday harakat qilishni o‘rganish kerak emas», – deya ta’kidladi AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens o‘z safari chog‘ida.

    Shu sababli endilikda Oq uy YeIni iqtisodiy va siyosiy raqib deb bilmoqda va uning tepasida turgan yirik davlatlarni o‘zaro bo‘lib tashlash v kuchsizlantirish uchun Breksit kabi «yaxshi vositalardan» samarali foydalanmoqda.

    Prezident Tramp ham Jonson bilan shaxsiy va siyosiy yaqinlikdan kelib chiqib, uning tarafini olmoqda. Agar hamkasbi «Qattiq Breksit»ni amalga oshira olsa, u bilan butun dunyo havas qiladigan savdo shartnomasini imzolashga va’da berdi. Bu «anglosakson alyansi» mustahkamlanishiga olib keladi.

    AQSh kongressini nazorat qilib turgan demokratlar esa 33 millionlik asli kelib chiqishi irlandiyalik bo‘lgan Amerika fuqarolari manfaatlarini himoya qilish maqsadida Angliya-Amerika savdo bitimiga veto qo‘yishini bildirishdi.

    Qolaversa, britanlar ichida shunday kayfiyat borki, ular hech qachon yo‘qolib ketmagan imperiyaning g‘ururli davomchidari va merosxo‘r avlodlaridir. Chunki Yeropada yagona pul tashkil topgandan buyon o‘tgan necha o‘n yillardan buyon ular umumiy valyuta zonasiga qo‘shilgan emas, o‘z funt sterlingini ko‘z qorachig‘iday asrab, avaylab keladi.

    Britaniyaning bu hatti-harakatlari butun qit’a bo‘ylab «domino effekti»ni hosil qilishi mumkin. Avvalroq, Gretsiya, Italiya, Ispaniya kabi davlatlar ham istalgan vaqtda YeIdan chiqib ketishga tayyorliklarini yashirishmagan edi. Hatto Fransiyada ham muxolif partiya tomonidan bu g‘oya baralla yangramoqda.

    Hozir Yevropa Ittifoqi siyosiy lug‘atida «poleksit» degan yangi ibora paydo bo‘ldi. Polshaning integratsiya jarayonlaridan chiqish harakatiga tushgan siyosiy kuchlari ham 27 davlatni birlashtirgan Ittifoqqa chuqur integratsiyada ehtiyotkorlik zarurligi haqida bildirdi. Mamlakat prezidenti Anjey Duda esa «YeIni tasavvurdagi hamjamiyat» deb atab, «Polsha uchun kam foyda keltirishi haqida» bayonot berdi.

    Aslida kuchsiz Yevropa global kuch markazlari – Rossiyaning ham, Xitoyning ham manfaatlariga mos keladi.
    A.Hasan o‘g‘li,
    xalqaro sharhlovchi

    Manba: Xabar.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Tuya go‘shti yegan «Breksit» (2-maqola)