“Otamni uylantiraman...”

  • 14 yanvar 2020, 07:55
  • 3 092
  • Hayot tarzi
  • “Otamni uylantiraman...”
    So‘nggi mehmonning qadami ostonadan uzilganida, maydalab yomg‘ir yog‘a boshlagandi. Ertalabdan buyon keldi-kettini kuzatgan Haydarali aka butun vujudi zirqirab og‘riyotganini endi sezdi. Otasining bu holatini zimdan kuzatib turgan Nuriddin darrov padari yoniga yugurdi.

    — Keliningiz mehmonxonaga joy tayyorlab qo‘ydi, kirib biroz dam oling.
    — Shunday qilsammikan? — Ota yosh boladay ikkilanib, to‘ng‘ich o‘g‘liga itoatkor boqdi. — Ishqilib, yana birov kep qolmasmikan?

    Nuriddin javob o‘rniga uy eshigini ochdi:
    — Qosh qorayganda kim ham darvoza qoqardi, xotirjam yonboshlayvering.

    Ota avval shom namozini o‘qidi. So‘ng uy to‘ridagi divanga o‘tirdi. Kelini salom berib kirib, xontaxta ustiga qaynoq choy bilan tog‘ asalini qo‘yib chiqib ketdi. Ammo ota ularga qo‘l tekkizmadi. Shu topda uning xayoli o‘zida emasdi. Negadir mana shu keng xona torday, nursizday tuyuldi. Ko‘ngli buzildi. Devorga ilingan suratga ko‘zi tushganida, ko‘zlarida achchiq yosh aylandi.

    — Eh, xotin,— dilidan o‘tkazdi u, — shu yoshimda tentiratmay, yana biroz yashasang, nevaralarning orzu-havasini ko‘rsang bo‘lmasmidi? Axir bu kunlarga osonlikcha yetib kelmovdik-ku?! O‘n bitta farzandni tug‘ib, voyaga yetkazib, uyli-joyli qilguncha ozmuncha tashvishlarni boshimizdan kechirdikmi? Shukr, bolalar qobil chiqdi, biri-birini qo‘lidan yetaklab, davraga qo‘shilishdi. Endi og‘zimiz oshga yetganida, bunaqa g‘aflatda qoldirasan, deb o‘ylamovdim-a...

    Eshik ochilib, yelkasiga yengil, astarsiz choponini ilgan o‘g‘li ko‘rindi.
    — Iye, nega choyni sovutib qo‘ydingiz?— U shunday deb, atlas gulli piyolaga choy quyib uzatdi. Ota divandan to‘shakka tushdi.

    — Oyog‘ingizni uqalab qo‘yaymi, qani uzating.
    O‘g‘il otasining yonboshiga parqu tashlab, o‘zi yoniga cho‘kkaladi. Nafaqat oyog‘i, yelkalarini ham erinmay, mehr bilan silab-siypaladi.

    Nuriddin ellikka yaqinlashsa-da, hamon yigitlarday serharakat, chaqqon edi. U o‘g‘il emas, xuddi jigariday sirdosh, hammaslak, dardkashiga aylanib qolgandi. O‘ziyam bo‘sh vaqtini asosan otasining oldida o‘tkazar, na ulfatchilik, na mehmondorchilikka rag‘bati yo‘q edi. O‘tgan yili ota-onasini haj safariga olib bordi. Shunday muqaddas Makkatulloh bilan Madinada ham “poh” demay, xizmatiga bel bog‘ladi. Faqat ularning emas, hamsafarlarining ham duosini oldi.

    — Charchading, bolam,— Haydarali ota Nuriddinga o‘girilib, uni to‘xtatdi,— sen ukalaringga, singillaringga javob berib yubor. Mana, onang bechoraning qirqi ham o‘tdi. Endi har kim o‘z ishini qilsin. Shu topda bekorchidan Xudo bezor, deydilar. Bir yil faryod cheksak ham endi rahmatlining izini ham topolmaymiz.

    Nuriddin ham shu fikrda edi. Bir pastda jigarlarini boshlab kirdi. Ota ularni duo qildi. So‘ng xayr-ho‘shlashib, birin-sirin uy-uylariga tarqaldilar. Hayhotday hovli jimib qoldi.

    Haydarali ota chimildiqdan to shu kungacha aya bilan o‘tkazgan farog‘atli damlarini esladi. Yana ko‘ngli buzildi. Qo‘lidagi durrasiga ko‘z yoshlarini artib, Allohdan sabr tiladi. Hozirgi ahvolini o‘g‘liga bildirmaslik uchun xuftonni ertaroq o‘qishga kirishdi. Ibodatdan so‘ng, indamay yotog‘iga kirdi. Ko‘rdiki, bugun ham o‘rin ikkita solingandi. Eshikni qiya ochib, o‘g‘lini chaqirdi. O‘z xonasida odatiga ko‘ra, kitob o‘qiyotgan Nuriddin shippagini oyog‘iga ilib, hovliga chiqdi.

    — Tinchlikmi, dada?
    — Qani, bu yoqqa kir-chi?— Ota shunday deb, o‘zini ichkariga oldi. O‘g‘il chopqillab keldi.
    — Biron ovqat qildiraymi, dada?

    Ota qo‘li bilan joyni ko‘rsatib, dedi:
    — Mana bu yerda kim yotadi?

    Nuriddin hayron bo‘ldi.
    — Har kuni yoningizda o‘zim yotibman-ku!

    Ota nigohini o‘g‘liga qadadi.
    — To‘g‘ri, ota-bola rosa hasratlashdik. Endi, onangning qirqi o‘tdi, joyingni uyingga ko‘chir. Axir bu qanaqasi, bolam.

    O‘g‘il otasini o‘tirishga taklif etdi. O‘zi ham poygakka cho‘kkaladi. Ko‘zlarini yerga tikdi.
    — Dada, sizni yolg‘iz qoldirishga ko‘nglim bo‘lmaydi.

    Endi padarning hayronligi ortdi.
    — Bu nima deganing?

    — Bu yog‘iga ham sizga hamrohman deganim.
    — Esing joyidami?

    — Axir siz...
    — Bo‘ldi, men go‘dak emasman. Juda xavotirlansang, katta o‘g‘lingni chiqararsan.

    Nuriddin boshini ko‘tardi.
    — Yo‘q dada. Mening ahdim shu, yo doim yoningizda yotaman, yoki...

    — Xo‘sh?
    — Yoki uylanasiz!

    — Nima! Shu fikr qanday xayolingga keldi. Onangning ruhini chirqiratib—a! Qani jo‘na, chiq bu uydan.
    — Dada, meni hech kim bu yerdan chiqarolmaydi. Men sizni yolg‘iz qoldirolmayman. Xohlasangiz uring, so‘king... Ammo ra’yimga qarshi turmang.

    Haydarali ota indamay to‘shakka orqasini qilib yotib oldi.
    Kelasi payshanba qizlar akasini o‘rtaga olishdi. Ammo Nuriddin bo‘sh kelmadi.

    — Nahotki, bor haqiqatni tushunmayapsizlar, — dedi u ishkom ostidagi chorpoyada jamul-jam to‘planishganida. Yaxshiki, Haydarali ota peshin namozini o‘qish uchun masjitga chiqib ketgandi. — Otam ancha qarib qoldi. Unga xotin emas, enaga kerak.

    Katta singlisi yig‘lab turib, dedi:
    — Onam o‘rnida boshqa xotinni ko‘rish bizga qanchalik og‘irligini bilasizmi?

    Aka bosiqlik bilan fikrini uqtirdi.
    — Mana, sizlar o‘zingizni o‘ylayapsiz. Bizni esa otamning hayoti qiziqtiradi. Gap tamom, vassalom. Narigi mahallada befarzand bir otincha ayol bor ekan. Ukasi bilan o‘tirarkan. Men Ne’matjonning ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rdim. Qarshiligi yo‘q. Endi butun umid sizlardan.

    — Men o‘lsam ham sovchilikka bormayman, — masalani cho‘rt kesdi o‘rtanchi singil.
    — Men ham rozimasman,— dedi kenjasi qovog‘ini solib.— Onamning yuziga oyoq bosib.

    — Hoy qizlar! — dedi boyadan buyon suhbatga qo‘shilmay turgan o‘rtanchi o‘g‘il, — akam haq. Agar dadamning umri uzun bo‘lsin, g‘am-anduhga tushib qolmasin, yolg‘izlik azobini tortmasin, desak, tezda bir hamroh topishimiz zarur. Sizlar nihoyatda kalta fikr yurityapsizlar.

    — Mavridi kelganga o‘xshaydi,— dedi Nuriddin ovozini biroz ko‘tarib,— ochig‘ini aytsam, bu onaizorimizning vasiyati. Vafotidan uch kun ilgari meni huzuriga chorlab, “otang nihoyatda ko‘ngli bo‘sh, yosh boladay qarovga muhtoj odam. Mabodo dunyodan o‘tsam, qirqim chiqishi bilan bitta ayolni nikohlab beringlar”, degan. Men shu vasiyatni ado etmoqchiman.

    Qizlar sukutga cho‘mishdi.
    — Unday bo‘lsa,— dedi kattasi akalariga birma-bir qarab,— nega shu gapni bizga aytmadi?
    — Ha-ya...— uning mulohazasini ma’qullashdi boshqalari, — bunisiga nima deysiz?

    Nuriddin qat’iy javob berdi.
    — Onam sizlarni ayagan ko‘rinadi. Bunaqa jiddiy gaplar faqat erkaklarga ishonib aytiladi. — U biroz tin olib, suhbatga yakun yasadi. — Bu yog‘i sizlarga qoldi. Allohning irodasi ekan, onamizdan ayrildik, endi dadamizni asraylik... Buni hayot deydilar.

    Ana-mana deb, oradan ikki oy vaqt o‘tdi. Nihoyat otaxon, qizlar ham to‘ng‘ich o‘g‘il taklifiga ko‘ndilar.

    Qarindosh urug‘lar ishtirokida xatmi o‘qitilib, otinoyi ayol xonadonga olib kelindi. Avvaliga ochilmay turgan qizlar islomiy ilmdan xabardor, beva erkak xizmatini xuddi ibodat deb bilgan, yuzlaridan o‘ziga yarashimli nur yog‘ilgan onaxonni ko‘rganlarida, beixtiyor dil qulflari ochildi.

    — Assalomu alaykum, buvijon, — dedi katta qiz tavoze bilan. Singillar ham unga ergashib, oilaning yangi bekasini bag‘riga bosishdi. Ular suhbatlashib turishganida, katta kelin ichkari uydan dumaloqlangan ko‘rpachalarni ko‘tarib, o‘z xonasiga ko‘chirardi.
    Shu kuni Nuriddin onasi o‘tganidan buyon birinchi marta xotirjam uxladi.

    Abdumutal Abdullayev

    Manba: Azon.uz

    » » “Otamni uylantiraman...”